KO‘ZIMGA KO‘RINMAY TURISHGA QODIRMISAN?
Badr jangi tom ma'noda Hamza ibn Abdilmuttolib roziyollohu anhuniki bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Allohning sheri o‘sha kunda ro‘baro‘sidan chiqqan otliq va piyoda mushrikni qatl qildi. Axir qanday qatl qilmasin. Uning laqabi johiliyatda “sherlar ovchisi” ediku! Rasululloh sallollohu alayhi va sallam islomda uni “Allohning sheri” deb atagan edilar.
Hamza roziyollohu anhu qurayshning jon tomiriga urgani, quraysh Badrdagi mag‘lubiyatining asosiy sababchisi Hamza rohiyollohu anhu ekanligini bilgani uchun qasos olish payiga tushdi. Vahshiy ibn Harb nayzani yaxshi uloqtirar edi. U bu ishning ustasi edi. unga agar Hamzani qatl qilsa ozod qilinishini aytishdi. Shunday ham bo‘ldi. Islomning eng buyuk qo‘mondonlaridan biri qatl qilindi. Vahshiy esa ozod bo‘ldi.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Makkani fath qilgach, Vahshiy qilmishidan qo‘rqqanidan Toifga qochib ketdi. Unga Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o‘zlari uchun qasos olmasliklarini, islom oldingi gunohlardan o‘tib yuborishini, agar borib islomga kirsa uning islomi qabul qilinib avf qilinishini aytishdi. Vahshiy Nabiy sallollohu alayhi va sallamning huzurlariga keldi. Nabiy alayhis salom undan so‘radilar:
-Sen Vahshiymisan?
-Ha!
-Hamzani sen o‘ldirdingmi?
-Ish sizga yetib kelganidek bo‘ldi. Men sizning oldingizga Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, siz esa Allohning elchisi ekanligingizga guvohlik berish uchun keldim!
Nabiy sallollohu alayhi va sallam dedilar:
-Ko‘zimga ko‘rinmay yurishga qodirmisan?!
Ular qaytib uchrashishmadi. Vahshiy roziyollohu anhu so‘zida turdi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning ko‘zlariga qaytib ko‘rinmadi. U masjidda oxirgi saflarda turar, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ko‘rib qolmasinlar deb boshini pastga tushirib o‘tirar edi. Urush saflarida esa oxirgi saflarda turar edi. Vafoni ko‘ring!!!
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam vafot qilganlaridan so‘ng Musaylama Kazzob payg‘ambarlikni da'vo qilib chiqdi. Unga qarshi kurashga Vahshiy ham musulmon askarlari safida chiqdi. Vahshiy Musaylama Kazzobni o‘sha nayzasi bilan o‘ldirdi. Keyinchalik u doimo: “Bu nayzam bilan eng yaxshi inson Hamzani va eng yomon inson Musaylama Kazzobni o‘ldirganman!”, deb yurar edi.
“Ko‘zimga ko‘rinmay yurishga qodirmisan?!”.
Bugun ushbu gapga to‘xtalamiz. Islom o‘zidan oldingi gunohlarni yo‘qotadi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam musulmon bo‘lmoqchi bo‘lib kelgan inson oldin nima ish qilgan bo‘lishidan qat'i nazar uning islomini qaytara olmas edilar. Garchi u inson amakilarini qatl qilgan bo‘lsa ham...
Shuning uchun Vahshiyning islomini qabul qildilar. Ammo Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ham inson edilar. Insonlik qobig‘idan ba'zan chiqa olmas edilar. U kishi ham boshqalar kabi yaxshi ko‘rar, yomon ko‘rar edilar. Shuning uchun ko‘zlari ochiqligida Vahshiyni ko‘rishni istamadilar.
Vahshiyning islomini qabul qilishlari bilan Robbilari shariatini tatbiq qildilar. Ammo uni ko‘rishni istamaslik u zot sallollohu alayhi va sallamning shaxsiy haqlari edi. Vahshiyni ko‘rsalar amakilari, qo‘shinlari qo‘mondoni, eng buyuk jangchilari bo‘lmish Hamza roziyollohu anhu yodlariga tushar edi.
Qodir bo‘lganida kechirimli bo‘lish buyuklar axloqidandir. Nabiy sallollohu alayhi va sallam buyuk edilar. Vahshiyni avf qildilar. Ammo avf boshqa, bir kishini yaxshi ko‘rish boshqa ekan.
Gohida bizni boshqalar og‘ir yaralaydi. Shunday yaralaydiki, modomiki yer-u osmon bor ekan u yara bitmaydi. Gohida insonlar sulh qilmoqchi bo‘lishadi. Biz ularni kechiramiz, ammo yonimizda turishlarini istamaymiz. Ularni ko‘rishni istmaymiz. Chunki ularni ko‘rishimiz bilan ular yetkazgan jarohatning og‘rig‘i boshlanadi. Ular yetkazgan jarohat hali-hamon tuzalmaganini his qilamiz.
Ishlarni qaytadan o‘z o‘rniga tushira olmay turganlarni ham tushuning. Ular buni kina-adovatdan emas, qayta ozorlanganlari uchun qila olishmaydi.
Rus yozuvchisi Lev Nikolayevich Tolstoyning bir gapi bor:
“Insonlar senga xiyonat qilishar ekan, ularning bu ishi xuddi ikki qo‘lingni kesib tashlaganlariga o‘xshaydi. Sen ularni kechirishing mumkin, ammo yana qayta quchoqlay olmaysan!”.
Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov
Kiritilgan vaqti: 11/01/2022 07:22; Ko‘rilganligi: 1009
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:02