O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Kechirimlilik-mo‘minga xos.

 
 

Ma'lumki, insondagi ulug‘ sifat va fazilatlardan biri - bu kechirimli bo‘lishdir. Allox taolo insonlarning tashqi ko‘rinishini go‘zal qilib yaratgan. Agar inson siyrati va ichki dunyosini ham chiroyli qilsa, shunda u komillik darajasiga yetishi mumkin. Alloh taolo Qur'oni karimning bir qancha oyati karimalarida bandalarini bir-birlarining xato kamchiliklari va ayb-nuqsonlarini kechirishga buyurgan.

Jumladan: “Agar sizlar afv etsangiz,koyimasangiz va kechirsangiz, u xolda, albatta, Allox (xam sizlarga nisbatan) mag‘firatli va raxmlidir” (Tag‘obun surasi 14-oyat).

Demak, kishi birodarini kechirishi bilan Allox taolo ham uning gunohini kechirar ekan. Yana bir oyati karimada kechirgan kimsaga ajr berish Alloh taoloning zimmasida ekanligi bayon qilingan:

 “Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimasidadir, Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas” (Shuro surasi 40-oyat).

Boshqa oyati karimada Alloh taolo jannatiy bandalarini sifatlarini bayon qilib shunday degan:

 (Ular) g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir.Allox ezgulik kiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi 134-oyat).

Darxaqiqat, turli-tuman xulq-atvorli odamlar orasida yashar ekanmiz, ulardan bir qancha ozor-aziyatlar ko‘rishimiz mumkin. Agar har bir shunday ko‘ngilsizlik bizga qattiq ta'sir etib, g‘amga botirib qo‘yaversa, shubhasiz, butun hayotimiz azobga aylanadi. Shu bois imkon qadar yon-atrofimizdagilarning xatolari, bilib-bilmay yetkazgan ozorlariga sabr qilib, kechirishga xarakat qilishimiz kerak bo‘ladi. Shunda bir-birimizga mehr-muhabattimiz ziyoda bo‘ladi.

         Barcha yaxshi xulk va sifatlarni o‘zlarida mujassam qilgan zot – Payg‘ambarimiz soallallohu alayhi vasallam kechirimli bo‘lish fazilatida ham eng go‘zal namuna edilar.

         Oisha raziyallohu anho onamizdan Payg‘ambarimizning xulqlari xaqida so‘ralganda shunday javob berganlar:

 “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Islom tarixidan ma'lumki, Payg‘ambarliklarining o‘ninchi yillari o‘tib ham qurayshliklardan ijobiy natija chiqmagach, Payg‘ambarimiz sollalohu alahi vasallam Zayd ibn Horisa raziyallohu anhu xamrohligida Toifga bordilar. U Zot shoyad Toifda din ishlari yurishib ketsa, degan umidda qabila oksoqollari bilan uchrashib, ularni Islomga chaqirdilar. Ammo, ular unashmadi. Aksincha, Payg‘ambarimiz alahissalomni masxara kildilar. Bu ham yetmaganday, o‘zlarining esi past, bebosh bolalarini Rasululloh sollalohu alahi vasallam ortlaridan qichqirishga, so‘kib, tosh otishga yubordilar. Toifliklar yo‘lning ikki chetida turib, U Zot o‘tayotganlarida ayovsiz toshbo‘ron qilishdi. Payg‘ambarimiz sollalohu alahi vasallamning oyoqlari qonadi va g‘amgin bo‘lib, quvvatlari ozligi va zaifligidan Allohga iltijo kildilar. Shunda Alloh taolo U Zotning xuzurlariga farishtani yubordi. U kelib, ikki tog‘ni Toif ahli ustiga bostirib, ularni halok qilishga izn so‘radi. Lekin Alloh taolo tomonidan olamlarga rahmat etib yuborilgan Zot mushriklardan eng shiddatli aziyatni Toif xalqidan ko‘rganlariga qaramasdan, bu ishga izn bermadilar va shunday dedilar: “Ularning sulbidan Allohning yolg‘iz O‘ziga ibodat qiladigan, Unga hech narsani shirk keltirmaydigan kishilar chiqishini umid qilurman” (Imom Ibn Xuzayma rivoyatlari).

Demak, kechirimli bo‘lish va g‘azabini yutishda barchalarimiz  Payg‘ambarimiz sollalohu alahi vasallamdan o‘rnak olishimiz kerak bo‘ladi.

Kishi g‘azabini yutib, birodarini kechirsa unga jannatda huri iynlar va'da qilingan. Bu hakda Payg‘ambarimiz sollalohu alahi vasallam shunday deganlar:  “Kimki qodir bo‘la turib, g‘azabini yutsa, Alloh talo Qiyomat kuni uni chaqirib, butun xoloyiq oldida shahlo kuzli xurlardan xoxlaganicha olishga ixtiyor beradi” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Odamlarning xato va kamchiliklarini kechirish-g‘azabni yutishning davomidir. Ya'ni xaqiqiy taqvodor faqatgina g‘azabini yutmaydi, balki ana shu g‘azabini quzg‘agan odamdan o‘ch olishga kuchi yetsa xam, uni kechiradi.

 

Kechirimli bo‘lish ulkan savob va jannatga kirish uchun sababdir. Bu xaqda Payg‘ambarimiz sollalohu alahi vasallam shunday deganlar:

 “Qiyomat kuni bo‘lganda bir jarchi nido qiladi:  “Odamlarga kechirimli bulganlar qayerda? Parvardigoringizni huzuriga kelinglar va savobingizni olinglar.Qaysi bir musulmon kechirimli bulsa,jannatga kirishlikka xaqlidir””(Imom Murdavayx rivoyatlari).

Dinimizda yomonlikka doimo yaxshilik bilan javob qaytarish fazilatli amallardan  sanaladi. Albatta yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish faqat sabr toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan kishilarning fe'lidir. Kechirimli bo‘lish insoniy va musulmonlik burchimizdir.

 

Xusen Mirzoaxmedov, 

Samarqand shahar “Namozgoh” jome masjidi

imom xatibi 


Kiritilgan vaqti: 10/07/2020 09:40;   Ko‘rilganligi: 2111
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/kechirimlilik-mominga-xos
Chop etilgan vaqti: 21/06/2025 12:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing