“JO‘SH OTA” JOME MASJIDI TARIXI
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
Samarqand viloyati Qo‘shrabod tumani Jo‘sh ota qishlog‘ida shu qishloqning ko‘rki va fayzi bo‘lib turgan “Jo‘sh ota” jome masjidi bor. Masjidni qachon qurilganligi ma'lum emas, ammo kim tomonidan qurilganligini masjid ichidagi minbar tepaligida devorga yopishtirilgan marmar toshda yozilgan. Toshdagi bitik forscha-arabcha bo‘lib, quyidagilarni o‘qish mumkin:
“Ayo ey doxiloni bayti Robbiy, Bikun toat darin bayt. Gar abdi biguyam, ismi omir be nazir ast, Zi avlodi Muqim Abdulaziz ast. Biguft tarixi in masjidi faqiyr ahqor darvish, Zi baski guft xar kas tarix dar masojid pesh. Ki dar vaqti binoyash bud hijrat in maqom arfa' xazoru du sadu xomsuna arbat raqam basta Mulla Abdulaziz kamina hol”. Ya'ni (Ey Allohning bayti “masjid”ga kirguvchilar! Agar sen abd “Allohning quli” bo‘lsang, bu bayt “masjid”da toat qil. Benazir – o‘xshashi yo‘q omirning, ya'ni imorat qiluvchining ismini aytaman: U Muqim avlodidan Abdulazizdir. Faqiyr – Haqiyr darveshlar bu masjidning tarixini aytdi, har kimsa masjidlar oldida tarix aytgandan so‘ng, u (Shayx Abdulaziz Xo‘ja)ning bu baland maqomning binosini ming ikki yuz ellik to‘rtinchi “1254-hijriy, 1838-milodiy” vaqtda kamina Mulla Abdulaziz yozib qo‘ydi).
Masjidning bino qiluvchisi Shayx Abdulaziz xo‘ja azizon shu masjid yonidagi ayvonda dafn qilingan Bobo xo‘ja ya'ni Bobo Jo‘sh otaning avlodidandir. Bobo Jo‘sh ota esa Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning avlodi hisoblanadilar. Bundan bilinadiki Shayx Abdulaziz xo‘ja o‘zining bobokalonlaridan bo‘lgan Bobo Jo‘sh otaning qabri ustiga maqbaraga qo‘shib masjid va xovuz qurdirgan hozirgi kunga kelib maqbara va xovuz yo‘q bo‘lib ketib qabr masjidning ayvonida qolgan. Bugungi kunga kelib mustaqillikning sharofati ila ushbu masjid asl xolida qaytadan tamirlandi va o‘zining asl chiroyini ochdi. Endi Shayx Abdulaziz xo‘janing ajdodlari nasabnomasi bilan anishsak Shayx Abdulaziz xo‘ja ibn Shayx Abdussami' xo‘ja ibn qutb ul-aqtob avliyo Shayx Muhammad Muqim xo‘ja (Er Muqim ota) ibn Shayx Darvesh Muhammad xo‘ja ibn Shayx Husayn xo‘ja ibn Shayx Darvesh Muhammad xo‘ja ibn Shayx Muhammad Shayx xo‘ja ibn Shayx Xush Muhammad xo‘ja ibn Shayx Do‘st Muhammad xo‘ja ibn Shayx Sulton xo‘ja ibn Shayx Hoji xo‘ja ibn Bobo xo‘ja (Bobo Jo‘sh ota)ga borib taqaladi Bobo Jo‘sh ota esa Ahmad Yassaviy hazratlarining shogirdi Yassaviya tariqatining yulduzi Shayx Sulaymon xo‘ja Boqirg‘oniy ya'ni Hakim otaning nabirasi Mahmud xo‘janing o‘g‘lidir. Shayx Sulaymon xo‘ja Boqirg‘oniy ya'ni Hakim ota 14 ota ila Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga tutashadi. Shayx Abdulaziz xo‘janing avlodlari ham bugungi kunda bobolari kabi diniga xizmat qilib kelishmoqdalar. Azizlar bir masjidning bino qilinishida yozilgan toshdagi bitiklardan uning tarixini o‘rganishga musharrab bo‘ldik, aslida Alloh taoloning oldida masjid qurgan kishiga Jannatdan bir uy berilishiga kim xursand bo‘lmaydi? Tasavvur qiling biron-bir musobaqadan yutgan g‘olibga shu dunyoda uy sovg‘a qilinsa qancha suyunadi, shu uyni jannatdan bersachi Alloh nomlari zikr qilinganlardan O‘zi rozi bo‘lsin!
Nodirxon RAVSHANXON o‘g‘li - Ishtixon tumani “Eshon Temirxon to‘ra” jome masjidi imom-noibi
Kiritilgan vaqti: 08/01/2022 09:09; Ko‘rilganligi: 1994
Chop etilgan vaqti: 11/10/2025 01:21