O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Jihod fitna yoki bog‘iylik emas! davomi

 
 

Go‘yoki “jihod” qilish uchun Suriyaga bir yurtdan kelgan jangarilar o‘z xo‘jayinlarining manfaatlari yo‘lida nafaqat hukumat qo‘shinlari bilan, balki o‘zaro jang qilmoqda, bir-birini o‘ldirmoqda. Buni qanday qilib “jihod” deb atash mumkin?

Buning ustiga, bugungi kunda yoshlarni o‘z safiga chorlayotgan Suriyadagi dala qo‘mondonlari jangarilar hisobiga boylik to‘playotganini qanday izohlash mumkin? Masalan, 2019 yil sentyabr oyida “Hay'at Tahrir Ash-Shom” tashkiloti yetakchilaridan biri Abu Abd Al-Ashda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videomurojaatida ushbu guruh harbiy rahbariyatini homiylar berayotgan mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblagan. Murojaatda o‘g‘rilik va korrupsiya oqibatida jangarilarga qurol va maosh yetkazib berish tizimi izdan chiqqani hamda buning oqibatida tashkilot harbiy muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgani ta'kidlangan. Boshqacha aytganda, “jihod” bahonasida bir hovuch yetakchi jangarilar boylik orttirmoqda.

Shuningdek, 2020 yil iyun oyida “Hay'at Tahrir Ash-Shom” tashkiloti tomonidan Suriyada “Tavhid va jihod” guruhi rahbari Sirojiddin Muxtorov (“Abu Saloh”) guruhning xazinasi - “baytulmol”dagi mablag‘ni o‘zlashtirishgani sababli qamoqqa olingani, hozirda ham qamoqxonada o‘tirgani yuqoridagi fikrga dalil bo‘ladi. Qayd etilganlar o‘zlarini “haqiqiy mujohid” deb tanitayotgan shaxslarning asl yuzlarini ochib beradi.

Masalaning e'tiborli jihatlaridan biri shuki, “jihod” haqida og‘iz ko‘pirtirib ma'ruza qiladigan “Abdulloh Zufar” va unga o‘xshagan kimsalarning o‘zlari jonlari shirinlik qilib, urush ketayotgan hududga aslo qadam bosmaydi. Nima uchun boshqa musulmonlarning oq yuvib, oq tarab yaxshi niyatlar bilan voyaga yetkazgan farzandlarini aldov bilan o‘q va bomba ostiga yo‘llayotgan “Abdulloh Zufar” o‘zi jang ketayotgan hududlarga borayotgani yo‘q? Darvoqe, bunday savollarga javoban u go‘yoki qalam tebratish orqali “ulamolar jihodi”ni qilayotganini bahona qiladi.

Asl javob esa shuki, Suriya, Iroq, Afg‘oniston va boshqa “islom olami”ga mansub, bugungi kunda qurolli to‘qnashuvlar kuzatilayotgan hududlarda hech qanday jihod bo‘layotgani yo‘q. Balki g‘arazli, musulmon olamiga dushman bo‘lgan kuchlar tashabbusi bilan boshlangan katta va qonli fitnalar amalga oshirilmoqda. G‘araz kuchlarga sotilgan xoinlar ularga xizmat qilib, dindoshlarini aldamoqda. Minglab aldangan, adashgan musulmonlar birodarkush janglarda qurbon bo‘lmoqda. Millionlab musulmonlar uy-joyidan, ish va o‘qishidan mahrum bo‘lib, ushbu fitnalardan aziyat chekmoqda. Beqarorlik, siyosiy va iqtisodiy bo‘hronlar oqibatida musulmon mamlakatlari taraqqiyotda ortda qolmoqda.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda musulmonlar fitnadan ogohlantirilib, aytiladi: “Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qildilar: Yaqinda fitnalar bo‘ladi. Unda o‘tirgan kishi tik turgandan yaxshidir. Tik turuvchi yurgan kishidan yaxshidir. Yuruvchi esa unda yuguruvchi (ya'ni yugirishi sababli fitnani alangalantirib yuboruvchi) kishidan yaxshiroqdir. Kim fitnaga qarshi tursa, fitna ham unga qarshilik qilur. Kim (fitnaning yomonligidan) panoh topsa, (o‘sha yerga) qochsin!” (3601-hadis).

Ulamolar ushbu hadisni musulmon odam jamiyatda beqarorlik keltirib chiqaruvchi fitnalardan qanchalik uzoqda bo‘lsa, o‘zi va islom jamiyati uchun shunchalik foydali bo‘ladi, deb sharhlaydilar. Jumladan, Saudiya Arabistoning bosh muftiysi Abdul-Aziz Oli Ash-Shayx Suriya hududida fitnalar boshlangan davrda, 2013 yildayoq yoshlarni ushbu mamlakatga janglarda qatnashish uchun bormaslikka chaqirgan. Uning “jihod bo‘layotgan joyni o‘zicha belgilash va jangovar harakatlarda qatnashish jo‘nab ketish man qilinadi... . Qurolli jihodni faqat davlat boshlig‘i ruxsati bilan va uning rahbarligida mumkin” ekani haqida fatvosi mavjud.

Shayx Abdulaziz Mansur deydi: “Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirish uchun majburlash uchun joriy etilganida edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lar edilar. Ya'ni U zot sollallohu alayhi vasallam birinchi bo‘lib, Makka shahridagi mushriklarni kattalari bilan urushgan, islom davlatini barpo etish uchun jihod e'lon qilgan bo‘lardilar. Biroq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday yo‘l tutmadilar. Aksanchi, musulmon jamiyati yuzaga kelgach, uning himoyasi uchungina jihodga chiqqanlar”.

Shu nuqtai-nazardan yoshlarimiz “Abdulloh Zufar” singari “hijrat”, “jihod” tushunchalaridan xo‘rak sifatida foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda “qarmoq” tashlab o‘tirgan, yuzlab musulmonlarning hayoti barbod bo‘lishiga sababchi bo‘lgan millat va din xoinlaridan ehtiyot bo‘lishlari lozim.

O‘tkir Hasanbayev


Kiritilgan vaqti: 14/06/2021 18:41;   Ko‘rilganligi: 634
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/jihod-fitna-yoki-bogiylik-emas-davomi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 17:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing