Javrabga mas'h tortish
Mug‘iyra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “ Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tahorat qildilar va ikki javroblariga hamda kavushlariga mas'h tortdilar”. Sunan egalari sahih sanad ila rivoyat qilishgan.
Bugungi kunda bu hadis ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik javrabni haqiqiy nima ekanligini bilmasdan go‘yoki javrab bu paypoq, demak paypoqga mas'h tortsa bo‘lar ekan deb gumon qilishyapti, hatto ba'zilar bunga fatvo ham berishyapti.
Ushbu hadisdagi “javrob” nima ekanini ulamolarimiz uzoq tahlil va bayon qilganlar.
Shavkoniy: Mahsi yumshoq oshlangan teridan qilinadi. Choriq uning ustidan kiyiladi. Javrob esa choriqdan ham katta bo‘ladi” deganlar.
Ibn Arabiy, Ayniy va boshqa ulamolar: “ javrob jundan to‘qilgan bo‘lib, o‘ta sovuq o‘lka odamlari kiyadi” deganlar.
U ruslardagi “ piyma” yo “valinka” nomli oyoq kiyimiga o‘xshash narsadir. Nima bo‘lganda ham, hamma ulamolar mas'h tortish uchun o‘sha oyoq kiyimi mas'h muddatida yurib turishga yaroqli bo‘lishi, suv, loy kabi turli narsalarni oyoqga o‘tkazmasligi kerakligiga ittifoq qilganlar.
Hozirgi paytda ba'zi arab yurtlarida yupqa lattadan bo‘lgan zamonaviy paypoqlar “ javrob” deyiladi. Ba'ze bir odamlar ana shu “ javrob” hadisda zikr etilgan “javrob” deb, unga ham mas'h tortsa bo‘ladi, deya fatvo bermoqdalar. Bu mutlaqo noto‘g‘ridir. Kim bu gapni eshitsa, aslo qabul qilmasligi kerak. Agar oldin bilmay qabul qilgan bo‘lsa, endi undan qaytib, paypoqga mas'h tortmasligi lozim.
Mujtahid ulamolarning hammalari: “Bir farsax masofaga safar qilishga yaraydigan, tagidagi narsaning shaklini bilintirmay turadigan, ustidan teri qoplangan javrobdan boshqasiga mas'h tortib bo‘lmaydi”, deganlar.
Ushbu ma'lumotlardan to‘g‘ri foydalanib ibodatlarimizni mukammal qilishda Alloh madadkor bo‘lsin!
“Kifoya” kitobidan foydalanib
O‘MI samarqand viloyat vakilliggi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 16/11/2021 09:20; Ko‘rilganligi: 1442
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:45