Janoza namozi haqida
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Janoza namozi durust bo‘lishi uchun jamoat shart qilinmagan. Bir kishi (xoh u erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin) janoza namozini o‘qisa, namoz durust bo‘ladi va boshqalardan farz soqit bo‘ladi. Hatto janoza o‘quvchi balog‘atga yetmagan bola bo‘lsa ham namoz durust bo‘ladi.
Mayyitga jamoat bo‘lib janoza o‘qish afzal. Chunki janoza mayyitning haqqiga duodir. Musulmonlarning jamoat bo‘lib duo qilishlari duoning qabul bo‘lishiga katta sabab bo‘ladi (“Al-Muxtasar fil-fiqhil-hanafiy” kitobi).
Bu mavzuda hanafiy mazhabi mo‘tabar manbalaridan biri “Al-Fatovol hindiya” kitobida shunday deyiladi: “Janoza namozi yolg‘iz imomning ado qilishi bilan ham durust bo‘ladi. Chunki jamoat bo‘lib namoz o‘qish – janoza namozining sharti emas, “Nihoya” kitobida shunday kelgan” (Kitobus solah, bob fil janoza).
Janozaga qatnashuvchilar kam bo‘lganda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida hanafiy Alloma MuhammadAmin ibn Obidin rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va vasallam: “Kimning janozasini uch saf musulmonlar o‘qisa, uning gunohlari kechiriladi”, - deganlar (Imom Abu Dovud va Imom al-Hokim rivoyatlari).
Shuning uchun ham “Muhit” kitobida aytiladi: “Janozada uch saf qilish mustahabdir. Agar janoza o‘qiydiganlar yetti kishi bo‘lsa, biri oldinga chiqib imom bo‘ladi, orqasidan uch kishi turadi, keyingi qatorda ikki kishi, oxirgi qatorda bir kishi turadi”.” (“Raddul Muhtor” kitobi).
Guvoh bo‘lib turganimiz xatarli virus tarqalgan karantinli kunlarda, shu virusdan yoki boshqa sabablar bilan vafot etganlarning janozalariga kamida yetti kishi yig‘ilsa, fazilatli jamoatga aylanar ekan. Yuqorida zikr qilingani kabi uch saf musulmonlar janozasini o‘qigan mayyitga Allohning rahmati bo‘lishini umid qilamiz.
Demak, bugungi kunda janozalarga karantin sababli, zaruratdan kelib chiqib katta jamoat yig‘ilmayotgan bo‘lsada, mo‘min-musulmonlar tushkunlikka tushmasdan, imkon qadar o‘z burchlarini bajarishlari va Alloh taoloning keng rahmatidan umidvor bo‘lishlari ayni muddaodir. Chunki Alloh taolo undan umid qilganlarni noumid qilmaydi. Alloh taolo o‘tganlarimizni rahmatiga olsin! Omin! Vallohu a'lam.
Muallif: Yo.Mansrov, O‘MI Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari
Kiritilgan vaqti: 17/04/2020 12:01; Ko‘rilganligi: 5440
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:14