O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Jannatiy jonivor

 
 

«(Ey Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz”. Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir» (Nahl surasi, 68–69-oyatlar).

Oyati karimadagi “vahiy” so‘zini mufassir ulamolar: “Alloh taoloning asalarilarga ilhom berishi, yo‘l ko‘rsatib, tog‘larga, daraxtlarga va odamlar quradigan inshootlarning shiftlariga in qurishi uchun buyruq berishidir”, deyishgan (“Tafsiri Ibn Kasir”).

Imom Moturidiy rahimahulloh aytadi: “Alloh taolo asalarilar, hayvonlar, parrandayu darrandalarga o‘z tabiatlaridan kelib chiqib, o‘zlari uchun in, uya qurishga ilhom berdi. Bu maxluqotlar o‘zlari uchun yasagan inlarini ko‘rgan kishi hayron va lol qoladi. Qaldirg‘och yasagan handasaviy inni bu jonivorga Pavardigordan boshqa yana kim ham o‘rgata oladi?! Suvning oqishi, uchishni bilmaydigan polaponning havoda ilk marta, hech kim o‘rgatmasa-da, qanot qoqishi, bolarining gullarga qo‘nib asal yig‘ib kelishi savqi ilohiydir. Lekin Odam bolasi biror ustozdan, murabbiydan ta'lim olmagunicha hatto yurishni ham eplay olmaydi” (“Ta'vilotu ahlis sunna”).

“So‘ngra turli mevalardan yeb Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!..” Imom Qatoda va Abdurahmon ibn Zayd ibn Aslam rahimahumalloh aytadi: “Asalari Alloh ilhom bergan yo‘l bilan o‘z ishini juda puxta bajaradi. Bu borada aslo Rabbisiga osiy bo‘lmaydi”.

Abu Ya'lo Mavsuliy aytadi: «Bizga Shaybon ibn Farrux, Sukayn ibn Abdulaziz Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Pashsha (chivin)ning umri 40 kun. Hamma pashsha do‘zaxdadir, illo, asalari bundan mustasno”» (Imom Buxoriy rivoyati).

Asalari bir tomchi shira yig‘ish maqsadida mingdan ortiq gullarga qo‘nadi. U gulga qo‘nib nektarni so‘rib bo‘lgach, o‘zidan bir belgi qoldiradi. Toki uning sheriklari o‘sha gulga qo‘nib, nektar izlab vaqtlari ketmasin.

Bolari yuz gramm nektar yig‘ish uchun juda ko‘p gullarga qo‘nadi. Bir kilogramm asal to‘plash uchun esa asalari taxminan bir necha yuz ming kilometr masofani bosib o‘tadi. Bu esa Yer sharini taxminan o‘n marta aylanib chiqish degani.

Qornida nektari yo‘q bolari uchayotganda uning tezligi soatiga 65 kilometrgacha yetadi. Agar nektar bo‘lsa, uning tezligi soatiga 30 kilometrga pasayadi. Asalari olib ketayotgan nektarning og‘irligi tanasining uchdan biriga teng keladi. Bir kilogram asal ishlab chiqarish uchun jonivor 400 ming kilometr masofani bosib o‘tadi.

“Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur”. Oyati karimada بُطُونِهَا”, ya'ni “qorin” so‘zi ko‘plik shaklida keltirilishining boisi shuki, bolarida uchta qorin bo‘lar ekan. Guldan olgan shirasi birinchi qoringa kiradi. Bir muddat turgach, klapan ochilib ikkinchi qoringa tushadi va shu yerda sof asalga aylanadi.

Ikkinchi qorin oxirida yana bir klapan bo‘lib, shu yerdan asal zaruratga qarab uchinchi qoringa o‘tadi. Uchinchi qorinda oshqozonchasi bo‘lib, uzoqlarga uchganda unga quvvat bo‘lishi uchun shu asaldan oziqlanadi.

Asalari uyasiga qaytib kelgach, ikkinchi qornidagi barcha sof asalni og‘zidan uyaning bo‘sh joylariga qo‘yadi. Asalari uyasi chinakam shohona me'moriy asardir. Juda kam material ishlatilib, eng keng makonga ega bo‘lish san'atining oliy namunasini bolarining sakkizburchakli uyasida ko‘rish mumkin. Bu noyob yechim dunyodagi mashhur matematiklarni ham shoshirib qo‘yadi.

Asal – shifodir. Bejiz oyati karimada “...odamlar uchun shifo...” deyilmadi. Bolda 74 turdan ko‘proq shifo moddalari bor. Asalning ranglari ham o‘simliklardan olinadigan ranglarga qarab turlicha: oq, sariq, qizil va hokazo bo‘ladi.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qur'onda ikki shifo bor: Qur'on va asal. Qur'on qalblardagi kasalliklarga shifo, asal har bir dardga davodir” (“Tafsiri Ibn Kasir”).

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shirinlik bilan asal yeyishni xush ko‘rar edilar.

Bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib:

– Birodarimning qorni og‘riyapti, – dedi. Rasululloh unga:

– Birodaringga asal ichir, – deb tavsiya qildilar. Haligi odam unga asal ichirdi. Keyin kelib aytdi:

– Men unga asal ichirdim. Ammo battar ichini ketkazib yubordi, – dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

– Allohning gapi rost, birodaringning qorni aldagan. Borib asal ichir, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ibn Sino bobomiz navqironlikni saqlab qolish uchun asal iste'mol qilib turishni tavsiya qilgan. Ayniqsa, yoshi ulg‘ayib qolganlarga u bebaho shifo va quvvat manbaidir. U shamollash, holsizlik, asab to‘qimalari kasalliklarida yaxshi davo bo‘ladi. Ayniqsa, ozib ketish, ich qotishi, oshqozon-ichak yaralari kasalliklarini davolashda, miyani ozuqalantirishda asqatadi.

Zamonaviy tibbiyot ham asaldan turli kasalliklarni davolashda keng foydalanishni tavsiya etadi. Davolash kosmetikasi, radiatsiya tufayli paydo bo‘ladigan nur kasalliklarida ham asal beminnat yordamchidir.

Mittigina bolari 40 kunlik umri davomida shunchalik murakkab vazifalarni bajaradiki, uni kuzatgan, ko‘rgan kishi beixtiyor tafakkurga berilib, Alloh taoloning qudratiga qoyil qoladi va “Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” oyati karimasini takror-takror tilovat qilaveradi.

Xulosa sifatida Nabiy alayhissalomning “Pashsha (chivin)ning umri 40 kun. Hamma pashsha do‘zaxdadir, illo, asalari bundan mustasno”» (Imom Buxoriy rivoyati) hadislariga tayanib aytish mumkinki, asalarining shuncha mashaqqatli mehnati evaziga Alloh taolo uni jannatga kiritadi. Biz ham bu jonivordan ibrat olib, qisqa umrimiz davomida ko‘p-ko‘p xayrli ishlarni qilsak, Rabbimiz O‘z fazli bilan bizlarni ham jannatiga kiritadi, inshoalloh.

 “Ta'vilotu ahlis sunna”, “Tafsiri Ibn Kasir” va

 “Bahrul ulum” tafsirlari asosida Tolibjon NIZOM tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 29/02/2024 11:42;   Ko‘rilganligi: 433
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/jannatiy-jonivor
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing