JAHOLATGA QARSHI MA'RIFAT
Bugungi kunda eng zamonaviy texnologiyalardan va kishilar uchun muqaddas hisoblangan tuyg‘ulardan faol foydalangan holda inson ongi va qalbi uchun olib borilayotgan kurash o‘ta nozik tus va xatarli ko‘lam kasb etmoqda. Turli mutaassib kuchlarning dinimiz asoslarini, Qur'on karim oyatlari va hadislarning asl mohiyatini buzib talqin qilish, jamiyat hayotiga tahdid soladigan ishlarni islom bilan bog‘lashga urinayotgani ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.
Mazhablarni butunlay rad etish, zamonaviy musulmon jamoalarini islomiy tuslarini yo‘qotganlikda ayblash, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mavludlarini nishonlashni noto‘g‘ri, deb hisoblash ham ekstremistlar o‘z g‘oyaviy buzg‘unchiligida alohida e'tibor berayotgan masalalrdan hisoblanadi.
Voqelik shuni ko‘rsatmoqdaki, Yer yuzining turli nuqtalarida davlatga qarshi targ‘ibot olib borish, jamiyat asoslarini, mamlakatdagi tinchlik va tartibni, mavjud tuzum va boshqaruv tizimini izdan chiqarishda ham islom dini g‘oyalarini g‘arazli talqin etish uslubidan faol foydalanilmoqda.
Din bayrog‘i ostida talonchilik va bosqinchilik, terrorchilik va qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilayotgani, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi amalga oshirilayotgani, korxonalar va inshootlarga zarar yetkazilayotgani ham hech kimga sir emas. Bunday harakatlar ijtimoiy barqarorlikning izdan chiqishiga, millatlararo va dinlararo adovat, millatchilik va diniy ayirmachilik kayfiyatlarining shakillanishiga zamin yaratmoqda.
Jaholat, haddan oshish va g‘uluvga ketish, firqa va hizblarga bo‘linish, fitna va xiyonat ham zamonaviy ekstremizimning asl qiyofasini namoyish etuvchi xususiyatlardan hisoblanadi. Qasam ichirib, unga qat'iy rioya qilishni talab etish, zulm va zo‘ravonlik, ma'naviy-ruhiy bosim va tazyiq o‘tkazish bilan inson irodasini sindirish va berilgan ko‘rsatmani so‘zsiz ijro etishga tayyor manqurtga aylantirish uslublari va texnologiyalarini takomillashtirib borayotganlari esa mutaassib kuchlarning o‘z niyatlari yo‘lida har qanday razil ishlardan tap tortmasligidan dalolat beradi.
Bugungi kunda ekstremistik haraktlar o‘zlarining mudxish faoliyatini davom ettirayotgani zamonamiz ulamolarini ham mazkur masalaga yana va yana murojaat qilishga, islom olamining yirik va obro‘li tashkilotlarini maxsus fatvolar va qarorlar qabul qilishga majbur etmoqda. Ular bilan tanishish musulmonlarga mavjud harakatlarning miqyosi va ko‘lamini anglashga yordam beradi, loqaydlik va befarqlikka yo‘l qo‘ymaslikka undaydi, deb ishonamiz va bu xayrli ishda maqola va chiqishlarimiz bilan faol xizmat qilamiz.
Muallif: Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi.
Kiritilgan vaqti: 08/10/2019 21:52; Ko‘rilganligi: 1987
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 12:25