O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Jaholatga ma'rifat ila javob

 
 

Turli murosasiz, mutaassib oqimlar hali ongi shakllanib ulgurmagan, tajribasiz, g‘o‘r kishilarni o‘z tuzog‘iga ilintirib, ulardan o‘zlarining g‘arazli maqsadlarida foydalanishga urinadilar. Ana shunday guruhlardani biri Allohning Kalomi-Qur'onni, Payg‘ambarimiz munnatlarini hamda hayotiy haqiqatni buzib talqin qiluvchi va xalifalikni targ‘ib etuvchi “Hizbut-tahrir al-Islomiy” tashkilotidir.

Hizbut-tahrir haqida gapirar ekanmiz, avvalo bu so‘zning asl-ma'nosiga bir to‘xtalib o‘tsak. “Hizb” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma'nosi partiya yoki firqa degan ma'nolarni anglatadi. Bu nom zamonaviy partiyalarga partiyalarga ham, diniy oqimlarga nisbatan ham ishlatilishi mumkin. Bu tashkilot 1928 yilda Misrda tashkil topgan “Musulmonlar birodarlar” ekstremistik tashkilotidan ajralib chiqqan. Bu tashkilotga 1953 yilda Taqiyuddin Nabahoniy asos solgan. Bu tashkilotning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi shuki, VII asrda tashkil etilgan xalifalikni, ya'ni butun hokimiyat xalifa qo‘lida to‘plangan teokratik davlat tuzumini barpo etishdir. Buning ma'nosi-barcha musulmonlar yashovchi hududlar yagona davlatga birlashishi lozim.

Xo‘sh, XXI asrda VII asrdagi xalifalik davlatini tiklash mumkinmi o‘zi? Bugungi voqelik bu savolga ham diniy, ham siyosiy jihatlarni hisobga olgan holda-yo‘q, deb javob qaytaradi. Nima uchun? Chunki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom “Mendan keyin xalifalik o‘ttiz yil davom etadi, so‘ng turli amirliklar va podshohliklar paydo bo‘ladi”-deb marhamat qilganlar. Amalda shunday ham bo‘ldi.  

Hammamizga ma'lumki, Islomda firqalar tashkil etish ya'ni firqalanish musulmonlarga zarar yetkazishi Qur'oni karimda ko‘p bora ta'kidlangan. Jumladan, “An'om” surasining 153-oyatida “Mana shu (din) mening to‘g‘ri yo‘limdir, bas sizlar unga yuringlar va (boshqa har xil) yo‘llarga yurmanglarki, u yo‘llar sizlarni Xudoning yo‘lidan judo qilur”-deb uqtiriladi.

Umuman olganda, “Hizbut-tahrir” tashkiloti islom niqobi ostida shariatimiz ahkomlariga zid bo‘lgan, mutaassiblik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilagan va buzg‘unchilikka asoslangan faoliyat olib bormoqda. Mazkur norasmiy yashirin tashkilot mustaqilligimizning dastlabki yillarida shakllanib, 1992 yildan boshlab respublikamiz hududida o‘zining o‘ta zararli faoliyatini yurgizishga harakat qilib kelmoqda. Azizlar, shunday ekan, bu kabi g‘arazli maqsadlarni oldiga qo‘ygan tashkilotlarning qing‘ir yo‘llariga kirib qolmaylik. Buning uchun avvalo Islom dining asl mazmun-mohiyatini tushunmoqligimiz va o‘zimizga to‘g‘ri talqin qila olishimiz lozim bo‘ladi.

Xayrulloh domla Sattarov - O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 06/08/2020 11:45;   Ko‘rilganligi: 823
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/jaholatga-marifat-ila-javob
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 11:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing