O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Itning a'zolari va qoldig‘i borasidagi fiqhiy qarashlar va ixtiloflar.

 
 

It najosati aynmi yoki yo‘qmi degan masalada fuqaholar o‘rtasida ixtiloflar bor. Bu ixtiloflarga nazar solishdan avval najosati ayn nima ekanini bilib olishimiz lozim.

Najosati ayn (ayni najosat, najasul ayn) – butkul najosat degani. Masalan cho‘chqaning najosati ayn ekanligida ixtilof yo‘q.

Cho‘chqaning ayni (ya'ni, hamma joyi) najosat ekani Qur'oni karim (An'om surasi, 145-oyat) bilan sobit bo‘lgan. Shuning uchun ham cho‘chqaning hamma narsasi harom, bundan uning juni va boshqa narsalari istisno bo‘lmaydi, terisini oshlab ham ishlatib bo‘lmaydi. (“Quvayt fiqh ensiklopediyasi”). Shu jumladan, to‘ng‘iz junidan tayyorlangan cho‘tkalardan ham foydalanish mumkin emas. Chunki u ayni najosatdir.

It borasidagi gaplarning sahihi shuki: it najosati ayn emas, balki so‘lagi va undan chiqqan narsalar (tezagi, siydigi va hk.) najosatdir.

Ixtiloflar esa quyidagicha:

Shofe'iylar, hanbaliylar hamda hanafiylardan imom Muhammad rohimahullohitni najosati ayn deyishgan. (“Mabsut”, “Bahrur royiq”, “Al-muhazzab”)

المبسوط(1/48) والبحر الرائق(1/106) والمهذب)(1/47)

Imom Saraxsiyrohimahulloh aytadi: It najosati ayn bo‘lib, imom Muhammad rohimahulloh o‘z kitobidagi so‘zlarida bunga ishora qildilar: “O‘limtikning nopokligi it va cho‘chqachalik emas”. (Yani o‘limtikning terisi oshlansa pok bo‘ladi, lekin u ikkisiniki oshlanish bilan ham pok bo‘lmasligi uchun shunday deyilyapti). (Al-mabsut).المبسوط 1/48))

Imom Navaviy rohimahulloh aytadi: “Bizning nazdimizda itning so‘lagi bilan boshqa qismlari (siydigi, tezagi, qoni, teri, juni va hk) orasida farq yo‘q. (Hammasi najas hisoblanadi). Agar itning siydigi, tezagi, qoni, teri, juni, so‘lagi yoki boshqa a'zosi pok narsaga tegsa va bunda teguvchi yoki tegilganning biri ho‘l bo‘lsa tekkan narsani nopok qiladi. Bu holda bir martasi tuproq bilan yuvilishi ila yetti marta yuvilishi shart (vojib)”.(Sahihi muslim sharhi-  (شرح صحيح مسلم 3/185)

Yuqoridagi gaplarni ilmiy ma'lumot sifatida keltirdik. Mazhabimizdagi xulosani va fatvo qaysi to‘xtamga ekanini bayon qilsak:

Imom Abu Hanifa rohimahulloh va molikiylar itni najosati ayn emas deganlar.

“Durrul Muxtor”da shunday yozilgan: “It najosati ayn emas, fatvo shungadir”.

Ibn Obidin rohimahulloh “Mana shu sahih va to‘g‘riga eng yaqindir”, deydi.  (Ibn Obidin “Durrul Muxtor” hoshiyasi) (حاشية ابن عابدين على الدر المختار(1/362)

Buni Kosoniy ham “Badoye'”da (البدائع (1/228)tasdiqlagan.

 It najosatlari borasida mazhabimidagi ayrim masalalar hukmlari:

-It tekkan suv yoki taom najas hisoblanadi, to‘kib tashlanadi.

-It tekkan idish har gal tomchilamaydigan holda sirqitib-quritib, uch marta yuviladi.

-It so‘lagi tekkan (yalagan) idishni bir martasini tuproq bilan yuvish ila yetti marta yuvish haqidagi hadisni Shofe'iylar hujjat qilishgan. Mazhabimiz ulamolari esa uch marta yuvish haqidagi hadisni olishgan. Avvalgi hadis islomning avvalida aytilgan, keyin uch marta yuvish haqidagi hadis vorid bo‘lgan. Usulga ko‘ra, bir masalada kelgan hadislarning darajasi bir xil bo‘lib, undagi amrlarda xilof bo‘lsa keyingisiga amal qilinadi. Chunki keyingi hukmlar avvalgi hukmni nasx (bekor) qiladi. Shu sababli mazhabimiz mujtahidlariga ko‘ra, it tekkan idishni yetti marta yuvish haqidagi hadis uch marta yuvish to‘g‘risidagi hadis bilan nas'h bo‘lgan. (“Hidoya”).

 Manbalar asosida “Baliqchi ota” masjidi imom-xatibi To‘xtashov Yoqub tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 04/01/2023 09:20;   Ko‘rilganligi: 1127
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/itning-azolari-va-qoldigi-borasidagi-fiqhiy-qarashlar-va-ixtiloflar
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 17:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing