O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Istig‘for o‘zi nima?

 
 

Istig‘for - ulamolar istilohida duo, tavba va boshqa toatlar ila gunohning mag‘firat qilinishini so‘rashdir. Amalda bandaning “Astag‘firulloh" va shu ma'nodagi kalimalarni tilida aytib, dili bilan tasdiqlashi istig‘fordir.Uni bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak tavba degani. Tavba esa bandani Allohga qaytishi degani. Bir gunohdan, yomon ishdan, yovuzlikdan qo‘lini tortish, tiyilish va ikkinchi bor bu ishga qaytmaslik deganidir.

Istig‘for – barcha yaxshiliklarning boshi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki istig‘for barcha dardlarga davo. U mushkullarni oson qiladi, hojatlarni ravo etadi. Istig‘for bandani Allohga bandachiligini izhor qilguvchi ibodat sifatida gavdalanadi. Istig‘for bandaning ojiz ekanligini, Robbil olaminga nihoyatda muhtoj ekanligini anglatadi.

Alloh taolo Qur'oni Karimda “Bas, Robbingizga istig‘for ayting, albatta, U gunohlarni ko‘plab mag‘firat qiluvchidir, dedi. (U Zot) osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomg‘irini yuboradi. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradi va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradi”, degan ( Nuh  surasi, 10-12 oyat).

Buyuk vatandoshimiz Imom Abul Barakot Nasafiy o‘zlarining “Madorik”nomli mashhur tafsirlarida ushbu oyati karimaning tafsiriga quyidagi qissani keltiradilar: Hazrati Imom Hasan Basriy o‘z davrlarida bir guruh kishilar bilan suhbatlashib o‘tirganlarida bir odam kelib, qurg‘oqchilikdan shikoyat qilibdi. Hazrati Imom Hasan Basriy “Istig‘for aytinglar”, deb maslahat beribdilar. Ikkinchisi kelib, kambag‘allikdan, uchinchisi farzandsizlikdan va hokazo shikoyatlar qilibdilar. Ularning barchalariga “Istig‘for aytinglar” degan maslahatni beribdilar. Shunda suhbatdoshlardan Robiy' ibn Subayh hazrati Hasan Basriyga murojaat qilib: “Ey Imom, sizga turli kishilar turli narsalardan shikoyat qildilar, siz esa hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nedur?” debdi. Hazrati Imom bu savolning javobiga yuqorida keltirilgan oyatlarni o‘qib beribdilar.Mazkur oyatda istig‘for va rizqlarning bir-biriga bog‘liqligiga ishora qilinmoqda.

Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom “Gunoh qilgan har bir musulmon yaxshilab tahorat qilib, ikki rak'at namoz o‘qib, so‘ngra istig‘for aytsa, albatta, Alloh uni kechiradi”, deganlar.

Alloh taolo Niso surasida “Kim bir yomonlik qilsa yoki o‘ziga zulm etsa, so‘ngra Allohdan mag‘firat so‘rasa, Allohni Allohni mag‘firatli va rahimli Zot topadir" degan 110-oyat).

Ushbu oyatda Alloh subhanahu va taolo gunoh qilgan bandalarga O‘zining marhamati, fazlu karami va bag‘ri kengligidan xabar bermoqda. Bu oyati karima haqida hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar:«Alloh O‘z bandalariga karami, afvi, rahmatining kengligi va mag‘firatining beqiyosligi haqida xabar bermoqda. Kichikmi-kattami, kimki gunoh qilsa-yu, so‘ngra Allohga istig‘for aytsa, inshaalloh Alloh taolo o‘sha bandasini mag‘firat va rahmatiga noilqiladi. Garchi gunohlari osmonlaru yerdan, tog‘lardan katta bo‘lsa ham».

Barcha musulmonlarga ma'lumki, ikki olam sarvari Rasululloh sallollohu alayhi vasallam tamomila gunohlardan ma'sum va pok zot bo‘lganlar. Shunga qaramay Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bir kunda 70 dan ziyod tavba va istig‘for aytardilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, men bir kunda Allohga yetmish martadan ko‘p istig‘for aytib, Unga tavba qilaman”, dedilar”. (Buxoriy rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har bir torlikdan chiqishni, har bir g‘amdan kushoyishni nasiba qiladi. Hamda uni o‘zi bilmagan joydan rizqlantiradi”, dedilar” (Abu Dovudrivoyati).

Qissa:Bir kuni Axmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh o‘zi yashab turgan shaxardan uzoqroq bo‘lgan mahalla masjidida xufton namozidan keyin tunab qolmoqchi bo‘ldilar. Masjid qavmi Axmad ibn Hanbalni tanimas edi. U kishini masjidda tunab qolishlariga ko‘nishmadi. Yarim tun, uyiga borolmaydilar. Yo‘l uzoq. Shunda masjid oldidagi novvoydan iltimos qilib, novvoyxonada bomdodgacha tunab qolishga ruxsat so‘radilar. Novvoy rozi bo‘ldi. Axmad ibn Hanbalnovvoyning xamir olib non yopishini kuzatdilar. Novvoy doim nafsini tergab turadigan va nafsini poklashga e'tibor beradigan soleh banda edi. U xamr olib non yopgunga qadar istihfor aytishdan to‘xtamadi. Buni ko‘rib Axmad ibn Hanbal novvoyga: «Mana shu ishingni samarasini ko‘rdingmi?», dedilar.

U: «Ha! Doim nafsimni tergab istihfor aytib yurishimning samsrasini ko‘rdim. Men Allohga qaysi duoni qilgan bo‘lsam hammasini ijobat qildi, faqat bitta duo ijobat bo‘lmadi», dedi. Axmad ibn Hanbal: «Ijobat bo‘lmay qolgan duo qanday duo?», deb so‘radilar.

Novvoy: «Axmad ibn Hanbal bilan uchrashishni so‘raganman, lekin ijobat bo‘lmadi», dedi. Shunda Axmad ibn Hanbal kulib: «Duoing ijobat bo‘libdi o‘g‘lim. Men o‘sha Axmad ibn Hanbalman», degan ekanlar.

Istig‘forning qisqasi, uzuni, mukammali va albatta, tilga osoni bor. «Astag‘firulloh» deyishning o‘zi ham istig‘for. Yoki «Astag‘firulloha va atuvbu ilayh»ham istig‘for sanaladi.

Azizlar barchamiz istig‘forga muhtojmiz. Shuning uchun aylanib, yurib, turib, o‘tirib ham istig‘forni odatga aylantirib olishi lozim. Allohga istig‘for aytishni ko‘paytirishimizni Payg‘ambarimiz (s.a.v) bizlarga hadisi shariflarida tayinlaganlar va Payg‘ambarimiz (s.a.v) doimo istig‘forni o‘zlariga odat ham qilgan edilar.

Anvar Alimov Payariq tuman “Olim shayx” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 23/06/2020 15:05;   Ko‘rilganligi: 113565
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/istigfor-ozi-nima
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 10:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing