O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Isrof – rizq zavoli

 
 

 “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar.

Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas.”

(A'rof surasi, 31 sura).

 Muqaddas Islom dini insoniyatni hamisha ezgulikka, halollikka, baxtu saodatga chorlaydi. Hayotimizni tartibli qilish uchun Islom diniga murojaat qilamiz, uning ko‘rsatmalariga imkon qadar amal qilishga urinamiz. Dinimiz qaytargan ishlardan iloji boricha yiroq bo‘lishga harakat qilamiz. Shunday qaytarilgan amallardan biri Isrofdir.

“Isrof” so‘zi arabchadan tarjima qilinganda “hisobsiz darajada ishlatish”, “haddidan oshish” kabi ma'nolarni bildiradi. Demak inson o‘z ehtiyoji uchun lozim bo‘lganidan ortiqcha sarf etgan barcha moddiy va nomoddiy ne'matlar isrofdir. Alloh taolo o‘z bandalariga bergan ne'matlaridan me'yorga amal qilgan holda oqilona foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi.

“Nimaniki qilsang xor, shunga bo‘larsan zor!”, dono xalqimiz tomonidan juda topib aytilgan bu naql har bir ne'matni borida qadriga yetishga chaqiradi. Afsuski bugun kundalik hayotimizda har kuni va hamma joyda bu illat bilan to‘qnash kelamiz. “Orzu-havas” deya to‘y-ma'rakalarimizda isrofga yo‘l qo‘yamiz. Ammo, xarajati va isrofi ko‘p bo‘lgan, dabdaba bilan o‘tgan to‘y yangi oilaning baxtli bo‘lishiga kafolat bo‘la olarmikan?

 Isrofning  katta kichigi bo‘lmaydi. Siz o‘chirishni unutgan uyingizdagi elektr chirog‘i yoki hozirgina bozordan olib kelingan tarvuz yoki qovunni muzlatish uchun ochib qo‘yganingiz suvning jo‘mragi ham isrofning bir ko‘rinishidir.

Isrof so‘zini juda keng talqin qilish mumkin. Ya'ni isrof deganda faqat pul yoki boshqa moddiy boyliklar tushunilmaydi.  Balki, vaqtni bekor o‘tkazish, behuda so‘zni so‘zlash ham isrofdir.

Avvalo, shuni yaxshi anglashimiz kerakki isrof bilan ochiqqo‘llik, shuningdek, tejamkorlik va xasislik ham bir biriga mutlaqo zid tushunchalardir.

Saxiylik bilan isrofning, xasislik bilan tejamkorlikning o‘rtasidagi chegarani farzandlarimizga ham tushuntirishimiz, ularni ne'matlarni qadrlashga, ularni isrof va zoye qilmaslikka o‘rgatishimiz lozim. Chunki isrof og‘ir gunohlardan biridir

Toshmuxammad ABILOV,

“Polvon Ota” jomye masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/09/2023 07:42;   Ko‘rilganligi: 698
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/isrof-rizq-zavoli
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 00:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing