O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOMDA SABR AXLOQIY FAZILATDIR!

 
 

Alloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga mukammal salovotu – durudlar bo‘lsin! U zotning ahli baytlari va sahobalariga Alloh taoloning roziligi bo‘lsin!

Islomda sabr axloqiy fazilatlardan bo‘lib, musulmon kishining ruhiy tayanchlaridan biridir. U musulmonlar qalbiga sukunat va xotirjamlik solib, qiynoq berayotgan dardiga malham bo‘ladi. Sabrli kishi qiyinchilikarni sabot bilan qarshi oladi. Uni chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, albatta har bir qiyinchilik ortida ajoyib hikmatlar yotadi.

Shunday paytda johil kishi xafa bo‘ladi, o‘zini har yonga uradi, g‘am-g‘ussaga botadi. Ammo oqil inson esa, Alloh taolo tarafidan yuborilgan har qanday qiyinchilik orqasida ham o‘ziga bir yaxshilik topishga urinadi. Agar sabr bo‘lmasa, inson yetgan balolardan halok bo‘lishi hamda hayotdan ortda qolishi turgan gapdir.

Sabr – ruhiy hayot bilan moddiy hayotni ajratib turuvchi bir tushunchadir. Shuning uchun ham Qur'oni karim sabrga katta ahamiyat berib, uni maqtagan, obro‘sini ko‘targan va sabrli kishilarni “Juda ham ajoyib kishilar” deb atagan. Qur'oni karimda sabr tushunchasi 70 ta o‘rinda zikr qilingan bo‘lib, boshqa hech qanday fazilat bunchalik ko‘b zikr qilinmagan. Mana shuning o‘zi ham sabrni qanday ulug‘ tushuncha ekanligiga va boshqa ko‘pgina fazilatlarning ham asosi ekanligiga dalildir.

Aytish joizki, sabr – barcha fazilatlarning onasi hisoblanadi. Chunki, u insoni qalbida yaxshilik oshiradi. Insondagi har bir fazilat esa sabrga muhtojdir. Qur'oni karimda sabrlilar ikki dunyoda ham Allohning ziyoda fazlu-marhamatiga sazovor bo‘lishini ta'kidlaydi. Jumladan Zumar surasi 10 – oyatida shunday deyiladi: “Albatta, sabr qiluvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq berilr”.

Boshqa oyatda esa “Albatta, sabr yetganlarni qilib yurgan amallarinig eng go‘zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz” deyiladi (Nahl surasi, 96-oyat).

Kim sabrni o‘ziga lozim tutsa, albatta u yutiqqa erishadi. Sabr yengillik eshigini ochuvchi kalitdir. Kim sabr qilsa, qadr topadi. Sabrning mukofoti zafarga erishishdir. Ba'zi hakimlar “Yechimi yo‘q mushkulning yechimi sabrdir” – deb aytadilar.

Sabr bilan ziynatlanish ulug‘ zotlar xususiyatlaridan bo‘lib, ular qiyinchiliklarni keng yurak, kuchli iroda va mustahkam iftixor bilan qarshi olishadi. Anas roziyollohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Alloh taolo: Mo‘min bandamni suyukli kishisi vafot etsa, so‘ng u musibatga sabr qilsa, uning ajri jannatdir” – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Sabrning turlari bir nechta bo‘lib, quyida ba'zilarini keltirib o‘tamiz:

  1. Sabrli. Sabr havoyi nafsni tizginlab, hurlaydi. Natijada sabr inson uchun odatga aylanib qoladi. Sabrli inson jazavaga tushmaydi, havoyi nafs ham u bilan tortishmaydi. Bu martabaga faqat rostgo‘ylar va muqarrab bandalar yetadilar.
  2. Sabrsiz. Havoiy nafs sabr ustidan hukumronlik o‘rnatadi. Natijada qalbda sabr uchun joy qolmaydi. Ushbu turdagi sabr hozirda ko‘plab uchraydi.
  3. Ba'zida sabrli va ba'zida sabrsiz.

M.Choriyeva – Pastdarg‘om tuman bosh otinoyisi (manbalar asosida tayyorlandi)


Kiritilgan vaqti: 16/05/2020 15:07;   Ko‘rilganligi: 23
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/islomda-sabr-axloqiy-fazilatdir
Chop etilgan vaqti: 30/05/2020 23:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing