Islomda farzand tarbiyasi
Mehribon Robbimiz o‘z bandalariga behisob ne'matlarni beminnat berib qo‘ygan zotdir. Ana shu ne'matlar ichida farzand ne'mati eng ulug‘idir. U dunyo hayotining ziynatidir. Farzand Alloh tomonidan bandalariga berilgan eng ulug‘ ne'mat bo‘lishi barobarida Allohning omonati hamdir. Shunday ekan ota-ona buni qadriga yetmoqlari, shukrlar aytib, farzand oldidagi ota-onalik burchlarini chuqur his etishlari lozim bo‘ladi. Zero Payg‘ambarimiz S.A.V marhamat qilib aytadilar “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi.” Shunday ekan har bir ota-ona farzandlarini odobi – axloqi, ta'lim tarbiyasiga jiddiy yondashmoqlari lozim. Ularning odobi, axloqi, ma'naviy va jismoniy tarbiyasi doimo ota- onaning diqqat e'tiborida bo‘lishi lozim. Chunki ota bobolarimizdan qolgan “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan naql bejizga aytilmagan.
Farzand misoli bir nihol bo‘lib, nihol parvarishga muhtoj bo‘lgani kabi bola ham tarbiyaga muhtojdir. Farzand tarbiyalayotgan ota-ona har bir harakati, yurish turishi, muomalasi, boshqalar bilan o‘zaro munosabatida olijanob fazilatlarni namoyon eta bilishi kerak. Chunki bola tabiatan nihoyatda taqlidchan va kuzatuvchan bo‘ladi. Uning atrofdagilari o‘z odatlari bilan ba'zan o‘zlari sezmagan holda ularga ta'sir qiladilar. Shuning uchun ham ota-ona farzandlariga doimo yaxshi va go‘zal o‘rnak bo‘lishlari lozim. Barcha yaxshi sifatlarni namoyish qilib, barcha yomon sifatlardan uzoqda bo‘lishlari kerak. Ota-ona bolalariga shaxsiy namuna ko‘rsatishlari bilan birga, ularga odoblarni qunt bilan, zerikmasdan o‘rgatib borishlari zarur. Chunki ota-onaning bolalarga beradigan narsalari ichida eng qimmatlisi va zaruriysi odobdir.
Farzandlar o‘z ota-bobolariga, Vataniga, ona-tiliga, o‘z milliy siymolariga, muqaddas Islom dini an'analariga sodiq, bilimli, ma'rifatli, haqiqiy fidoyi insonlar bo‘lib yetishishlarida ota-onalarnig doimiy harakatlari juda ham ahamiyatlidir va har bir ota-ona o‘z farzandining to‘g‘ri tarbiyasi, sog‘lom o‘sishiga e'tibor qaratishi, ta'lim-tarbiyasining mazmun-mohiyatiga e'tibor bermog‘i muhimdir. Bu borada ular butun g‘ayratu shijoatlarini ishga solmoqlari lozimdir. Zero, mamlakatning, millatning ertasi qanday bo‘lishi bizning bugun farzandlarga bergan tarbiyamizga bog‘liq.
Toshmuxammad BAQOYEV,
Ishtixon tumani “ Shayxulislom Xo‘ja Burhoniddin” jome masjidi imom – xatibi
Kiritilgan vaqti: 19/09/2023 16:47; Ko‘rilganligi: 1743
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:35