O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOMDA DO‘STLIK BIRODARLIK MEZONLARI TALQINI (1-qism)

 
 

Barcha mo‘min bandalar bir-biriga aka-ukadir, deb aytgan Parvardigori olamga beadad shukronalar bo‘lsin, haqiqiy do‘stlik qanday bo‘lishini o‘rgatgan suyukli payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamga cheksiz durudu salovotlar bo‘lsin.   Allohu Haq subhanahu va taolo barcha insoniyatni bir ota-onadan, ya'ni Odam Ato va Momo Havodan tarqatdi.

Alloh taolo Quroni karimda:    

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.”[1]

Shuning uchun Allohning dinida u inson qanday irqqa mansub bo‘lmasin, qaysi rangda bo‘lmasin, tili va maskanini farqi yo‘q hamma bir ota-onadan, hamma bir dinda e'tiqod qiladi, demak bo‘larning barchasi og‘a-ini do‘stdirlar. Ya'ni Allohni bir deb biladigan, barcha payg‘ambarlarni tan oladigan, Alloh taologa  sherk keltirmaydigan barcha mo‘min bandalar do‘stdir, bir tanu bir jondir.

Alloh taoloning mana shunday ko‘rsatma va buyruqlari asosida mo‘min bandalari bir-birlariga og‘a-ini bo‘lishdi. Parvardigori olam odamzotni shu zaylda yaratib, insonlar bir-birini tushunsin, bir-biriga yordam bersin, ahil yashasin deb, insonni do‘stlari va yoru-birodarlari bilan yaratdi. Do‘stlarning ko‘pligi, mahbubu-muhiblarning bisyorligi, dil so‘zlarning ko‘pligidir. Bu o‘sha insonning go‘zal odob, mukammal axloq sohibi ekanligidan dalolatdir. Payg‘ambar alayhis salom Abu Hurayra roziyallohu anhuga: “Ey Abu Hurayra! Go‘zal axloqli, chiroyli odobli bo‘lgin”, dedilar. Shunda Abu Hurayra roziyallohu anhu: Yo Rasullulloh! Go‘zal odob, yuksak axloqning me'yori, uning qoidasi, qanday? deganlarida. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam: “Go‘zal odob, yuksak axloq uch narsada mujassam bo‘ladi. Ular; sen bilan bordi keldini uzgan odamni sen ziyoratiga bormoqliging; senga zulm qilganni kechirmoqliging, uning gunohini bahridan o‘tmoqliging; senga ehson bermaganga sen ehson berishligingdir.  Mana shunda yuksak odobli, go‘zal axloqli bo‘lasan”,  deb marhamat qildilar.

Darhaqiqat, haqiqiy musulmon hayoti farishtalarning hayotidek sof va pokizadir. Haqiqiy musulmon hammaga foydasi tegadigan musulmondir. O‘zi yaxshi ko‘rgan narsani boshqa odam uchun ham lozim ko‘rish din mezonidir. Bu pokiza shariat, bu muqaddas din do‘stlikni, birodarlikni, bir-birimizga bo‘lgan mehru-muhabbatni eng oliy darajalardan, ulug‘ ibodatlardan biri darajasiga ko‘tardi.  

Hadisi qudsiyda keltiriladi: Alloh taolo dedi: “Mening rizoligim uchun sevishganlar, aka-uka tutinganlar va o‘tirib suhbat qurganlar va bir-birlariga yordam berganlar va bir-birlarini ziyorat qilganlar Mening sevgimni qozongaylar”.

Paygambarimiz sallollohu alayhi va sallam muborak hadislarida:

“Kimiki  biror bir bandani Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rsa, toat, ilohiy muhabbat uchun yaxshi ko‘rsa. Alloh taolo uning darajasini jannatga ko‘taradi. U amali bilan u darajaga yetisha olmasdi. Birovni do‘st tutgani uchun, birovga muhabbat quygani uchun, birovni Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rgani uchun Alloh taolo uning martabasini ko‘taradi”, deganlar.

Lekin kimni do‘st tutamiz, do‘st tutishning mezoni, darajalari  qanday? Kimni do‘st tutaylik, kimni do‘st tutmaylik, kimga yaqin bo‘laylik, kimdan uzoq bo‘laylik? Kimni do‘st tutsak Alloh taolo bizni jannatdagi darajamizni ko‘taradi?

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Kishi Mahshargohga do‘stining dinida keladi, bas, har biringiz kimni do‘st tutayotganiga qarasin”, dedilar.

Alloh yo‘lida, sadoqatli do‘stlik hamisha, har yerda va har sharoitda ishonchli bo‘ladi. Musulmonchilikda do‘stlik qanday bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam hadisi shariflarida:

“Musulmon musulmon uchun aka-ukadir. Unga zulm qilmaydi, molini nohaq tortib olmaydi, xaqqini ham kamaytirmay beradi”, deb ta'kidlaganlar.

 Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam hadislarida, hamjihat bo‘lib yashamoqlikka, bir-birimiz bilan do‘stlashmoqlikka, yoru birodar orttirmoqlikka buyuradilar. Vaholanki, inson hayoti do‘stlar bilan, birodarlar bilan hamjihat bo‘lib yashamoqlik ila go‘zal va mazmunli bo‘ladi.

Darhaqiqat, xiyonat bor joyda Alloh taoloning rahmati ham, barakasi ham bo‘lmaydi. Shu sababli do‘st tuinayotgan kishining sifatlarida xiyonat va yolg‘onchilik bo‘lsa unday kishidan uzoqroq bo‘lgan ma'qul. Hadisi qudsiyda Alloh taolo shunday deydi: “Ikki o‘rtoqdan biri ikkinchisiga xiyonat etmas ekan, ularning uchinchi sherigi Menman. Biri boshqasiga xiyonat etarkan, Men ularning  oralaridan chiqqayman”.

Bir kuni tasavvuf ilmining ulug‘laridan bo‘lmish Shibliy hazratlarining  huzurlariga bir jamoat odamlar keldi. Shibliy hazratlari: “Sizlar kimsizlar?”, deb so‘raganlarida, ular: “Bizlar sizning do‘stlaringizmiz!”, deb javob berishdi. Bu javobni eshitgan Shibliy hazratlari o‘girildilar va ularga qaratib tosh otdilar. Ular qocha boshlaganlarida hazrat ularga qarata: “Nega qochayapsizlar? Agar sizlar haqiqiy do‘stlar bo‘lsaydingizlar, mendan kelgan balodan qochmas edingizlar!”, degan ekanlar.

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Musulmon musulmonning do‘stidir. Unga zulm ham qilmaydi, boshiga  bir mashaqqat tushganda uni tashlab ham ketmaydi. Kimki do‘stining hojatini ravo qilish uchun harakat qilsa, Alloh taolo uning hojatini ravo qilish uchun harakat qiladi. Bir musulmon musulmon do‘stining boshiga tushgan qiyinchiligini yengillashtirsa, Alloh taolo uni qiyomatdagi qiyinchiliklaridan qutultiradi. Kimiki bir musulmonning aybini yopsa, Alloh taolo ham qiyomatda uning aybini yopadi”.

 

Qobilov Nodir Siddiqovich,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

[1] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. -T.: Toshkent islom universiteti, 2009. Hujurot surasi. 13-oyat.


Kiritilgan vaqti: 09/09/2021 07:33;   Ko‘rilganligi: 2391
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/islomda-dostlik-birodarlik-mezonlari-talqini-1-qism
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing