ISLOM - TINCHLIK, BAG‘RIKENGLIK VA MA'RIFAT DINI (4-maqola)
Tinchlik urush va nizolarga barham berish orqaligina taminlanadi. Afsuski, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarni keltirib chiqarish yo‘li bilan o‘z maqsadlariga erishishni ko‘zlaydigan kuchlar bor ekan, sun'iy ravishda nizoli vaziyatlarni vujudga keltirishga qaratilgan harakatlar ham to‘xtamaydi. Zero, g‘oyalar kurashi avj olgan XXI asrda ham tinchlik ne'mati ko‘plab mamlakatlar uchun hamon orzu bo‘lib kelmoqda. Bunga 2011-2019 yillarda bazi arab mamlakatlarida ro‘y bergan va hamon davom etayotgan siyosiy inqirozlar oqibatida yuzaga kelgan qonli to‘qnashuvlar misol bo‘la oldi. Mazkur ommaviy tartibsizlik tufayli Tunisda 300 nafar, Misrda 800 nafar, Liviyada 14 ming nafar, Suriyada 140 minga yaqin kishi halok bo‘lgan. Yaqin Sharq davlatlarda bo‘lib o‘tgan xunrezliklar, go‘yoki “arab bahori” nomi bilan begunoh odamlarning yostig‘ini quritayotganlar ham asosan dinni niqob qilib olgan kuchlar ekani, ular ekstrimistik oqim va terroristik g‘uruhlardan foydalanayotgani ham hech kimga sir emas.
Tinchlikka rahna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon yetkazish, fitna qo‘zg‘atish toifalarga bo‘linib o‘zaro nizolashish, umuman islom diniga yot xolat xisoblanadi. Buni quyida keltirilayotgan Qur'on oyatlarida, hadislarda ulamolarning fikrlarida ham ko‘rish mumkin. Xususan, Qur'on oyatlarida bunday deyiladi: “Alloh fasod (buzg‘unchilik)ni yoqtirmaydi” (Baqara, 205). “Ularga: “Yer yuzida fasod (buzg‘unchilik) qilmangiz!” – deyilsa, ular: “Albatta, chin islohchilarmiz”, -deydilar. Ogoh bo‘lingki, aynan ularning o‘zlari buzg‘unchilardir, lekin (buni o‘zlari) sezmaydilar» (Baqara, 11-12). «Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir» (Baqara, 191). Imom Bazzoliy aytadilar: «Diniy mutaassiblar dindan foydalangan holda kishilarga hujum qiladigan katta yo‘ldagi qaroqchilardir».
Hadislarda ham: «Sendan maslahat so‘ragan kishiga to‘g‘ri (yo‘l) ko‘rsat, aks holda, unga xiyonat qilgan bo‘lasan» hamda «Yaxshilikka undovchi odam, yaxshilik qilgan kabidir», deb ta'kidlangan. Demak, islom dinida jamiyat barqarorligining asosi bo‘lga tinchlik, osoyishtalik, ezgulik naqadar ulug‘lanishiga iqror bo‘lish mumkin.
Yuqoridagi kabi holatlar turli xil ko‘ngilsizlik va xavf-xatarlarning oldini olish uchun kishilarning har qadamda ogoh va hushyor bo‘lib yashashlari kerakligini ko‘rsatadi. Bugun loqaydlik sabab kichik bir xatodek ko‘rinayotgan ish ertaga katta kulfat larni boshlab kelishi muqarrar. Zero, loqaydlik va befarqlik turli noxushliklarning kelib chiqishiga zamin yaratadi. Tinchlik-osoyishtalik mustaqil taraqqiyotimiz, farovon hayotimizning asosi ekan, buning uchun kurashish, kerak bo‘lsa, bu yulda fidoyilik ko‘rsatish lozim.
O‘MI samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 09/07/2020 08:57; Ko‘rilganligi: 938
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:03