Islom – sof aqidadan iborat
Dunyodagi har bir xalq yoki millat biror-bir dinga ishonadi. Xususan, o‘zbek xalqi Islom diniga e'tiqod qiladi. Haqiqiy islom dini insonga aziz va mukarram zot sifatida qarab, uning ma'naviy kamolotiga xizmat qiladi. U mehr-oqibat, diyonat, adolat, halollik va poklikka da'vat etadi. Dinni o‘ziga niqob qilib olgan yovuz g‘oya va mafkuralarning eng ko‘p tarqalgan shakllaridan biri aqidaparastlikdir. Bunday ijtimoiy illat insoniyat XXI asrga qadam qo‘ygan hozirgi davrda ham dunyodagi tinchlik, osoyishtalik, taraqqiyotga tahdid solmoqda. Aqidaparastlik qayerda, qachon faoliyat ko‘rsatishiga qaramasdan, hamisha jamiyat uchun xatarli hodisa bo‘lgan. Dunyoda taraqqiyotga intilish, bunyodkorlik hissi bor ekan, jamiyatda ilg‘or g‘oyalar paydo bo‘laveradi. Buzg‘unchi g‘oyalar esa vayronkor intilishlar tufayli yuzaga keladi.
Musulmon (Islom diniga e'tiqod qiluvchi) bo‘lish hozirgi vaqtda albatta arab millatiga mansub bo‘lishni nazarda tutmaydi. “Musulmon” so‘zi “o‘zini Allohga bag‘ishlagan” degan ma'noni anglatadi. Islom diniga e'tiqod ramzi quyidagi ikki kalimada mujassamlashgan: “La ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh” (“Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Uning Payg‘ambaridir”).
Bu ikki asosiy kalimani musulmonlar til bilan aytib, dil bilan tasdiq etishi shart qilingan. Ularni inson til bilan aytsa, dili bilan tasdiqlamasa, ya'ni o‘zi ishonmasa, unday kishi Islomda munofiq hisoblanadi.
Vaqt o‘tishi bilan Islom diniga e'tiqod qiluvchilar soni ortib borishi va dinning eng rivojlangan hududlaridan biri deb tan olinishi bizning e'tiqodimiz naqadar kuchli ekanidan dalolat beradi. Markaziy Osiyo hududidan yetishib chiqqan Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Mahmud az-Zamaxshariy kabi buyuk bobolarimiz Islom dinining yanada rivojlanishi va taraqqiy etishida o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘shganliklarini butun dunyo tan olgan.
Imom al-Buxoriy musulmon dunyosida Islom dinining asosiy manbai Qur'oni karimdan keyin turadigan manba sifatida qaraladigan “Al-Jome' as-Sahih" hadislar to‘mlamining muallifi hisoblanadilar.
Islom dini hamisha ezgulikni targ‘ib qiladigan, dinni niqob qilib turli g‘arazli maqsadlarni amalga oshiruvchi guruhlarning niyatlarini qoralaydigan din hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida marhamat qilib “Haqiqiy musulmon – musulmonlar uning qo‘lidan ham, tilidan ham omonda bo‘lishgan kishidir” dedilar.
Jahondagi nufuzli Islom muassasalari, chunonchi Misr Arab Respublikasi Fatvo Boshqarmasi va Saudiya Arabistoni ulamolari o‘zini-o‘zi o‘ldiruvchilar haqida maxsus fatvolar e'lon qilganlar. Shuningdek, fiqh kitoblarimizda o‘z joniga qasd qilib o‘zini-o‘zi o‘ldirgan shaxslarga ayrim ulamo va fuqaholar janoza namozi o‘qimaslik to‘g‘risida fatvo ham berganlar.
Hozirda Islom tushunchasiga katta ahamiyat berilib kelinmoqda. Sof Islom aqidasi tushunchasini har birimiz to‘liq anglagan holda yashashimiz lozim.
Sobirov Muhammadsiddiq - Imom Faxriddin ar Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Manba: Muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 29/11/2019 16:10; Ko‘rilganligi: 2530
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 13:56