O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Islom dini mutaassiblikka xayrixohlik bildirmaydi

 
 

Mutaassiblik — o‘z e'tiqodi to‘g‘riligiga o‘ta qattiq ishonish, boshqa diniy e'tiqodlarga murosasiz munosabatda bo‘lish. Mutaassiblikka yo‘liqqan odamlar yoki ularning guruhlari jamiyatda barqarorlikni buzishga urinadi. Insoniyat tarixida mutaassiblikdan g‘arazli maqsadlarda ko‘p foydalanilgan. Mutaassiblikning paydo bo‘lishiga diniy ziddiyatlar, shuningdek, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarning xal qilinmagani ham sabab bo‘lishi mumkin. Islom dini mutaassiblikka xayrixohlik bildirmaydi. Aksincha, teran uylashga, boshqalarga nisbatan murosali bo‘lishga chaqiradi.

Bugungi kunda ekstremistik va terroristik guruhlar mutaassiblik g‘oyalari va amaliyoti rivojida gunohi kabira (katta gunoh) qilgan barcha musulmonlarni kofir, ularning ta'limotiga ko‘shilmagan kishilarga qarshi jixod e'lon qilish, hattoki, qariya, ayol va bolalarning qonini tukishni halol, deb bilganlar.

O‘zidan boshqalarni kofirlikda ayblash islom dini ta'limotiga zid ekani Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislari va ulamolarning asarlarida quyidagicha berilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Agar bir kishi o‘z birodariga: «Ey kofir» desa, ikkisidan biri o‘shanday (ya'ni kofir) bo‘ladi».

Ibn Najim aytadilar: «Agar bu masalada kofir deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqizini qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak. Ammo dinda haddan oshib g‘uluvga ketganlar bu masalada «mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqizni qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak», deyishga borib yetdilar. Bu esa, barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo‘liga teskaridir».

Jaloliddin Suyutiy aytadilar: «Musulmonni kofirlikda ayblagan odam uni o‘ldirgan bilan barobardir».

Bu masalada Ahli sunna va jamoa aytgan xulosa shulki, mo‘min odam gunohi kabira qilishi bilan kofir bo‘lib qolmaydi. Faqat, o‘sha ishni halol sanasa, kofir bo‘ladi. Ahli sunna va jamoa hammalari gunohi kabira qilgan mo‘min butunlay millatdan chiqib ketadigan kofir bo‘lmasligiga ittifoq qilganlar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Laa ilaaha Illallohu» degan kimsaga tegmaslik, Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz», — dedilar».

Yoki bo‘lmas bularning fikricha biz kufr davlatida yashayapmiz bu yerdan hijrat qilish kerak deydilar. Lekin bularning bu gaplari asossizdir. Chunki yurtimizda minglab masjidlar, madrasa va islomiy oliygohlar faoliyat yuritayotgan, Qur'oni Karim, hadislar va dinimizga oid minglab diniy adabiyotlarlar nashr etilayotgan, musulmonlarimiz emin-erkin o‘z e'tiqodlarini bajarib kelayotgan musulmonobod yurtni kufrga chiqarishlik og‘ir gunoh bo‘lib, bunday ishga qo‘l urayotganlar chuqur g‘uluvga ketgan va boshqalarni ham gunohlariga sherik qilmoqchilar. Aslida ularning maqsadlari yoshlarimizni aldov yo‘li bilan qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan mamlakatlardagi jangari lagerlariga olib borish va jangu-jadalga tashlash.

Bu kuchlar mutaassiblikka berilgan shahslarni dunyoning notinchlik hukm surayotgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilishyapti.

Xususan, ular ilm va ma'rifatdan yiroq johil yoshlarni Islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, xullas, Islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar. Vaholanki, ona yurtini tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta'limotiga zid ekani barchaga ma'lum.

Shuning uchun dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lib mutaassiblikka berilmaslik, ona-Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor.

Ayniqsa, bu ta'limotni yoshlarimiz, farzandu nabiralarimizning qalbiga mustahkam joylash barchamizning ham qonuniy, ham shar'iy vazifamizdir.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 13/06/2022 08:25;   Ko‘rilganligi: 762
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-dini-mutaassiblikka-xayrixohlik-bildirmaydi
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 19:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing