O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Islom bag‘rikenglik dini TII talabasi Ergashev Abdulvosi

 
 

Inson zoti borki biror din yoki ta'limot orqali hayot kechiradi. Shunga binoan har bir inson o‘zi tanlagan yo‘lga yurishdan boshqa chorasi yo‘q. U yo‘l boshqalar nazdida to‘g‘ri yo egri bo‘lsin. Islom ta'limotida inson qaysi yo‘lni tanlashi o‘z ixtiyoriga topshiriladi. Zero Islom dinining asosiy manbasi bo‘lmish Qur'oni Karimda shunday deyilgan: «Dinga majbur qilish yo‘q. Batahqiq, haq botildan ajradi» (Baqara surasi, 256-oyat). Bu oyati karimadan ma'lum bo‘ladiki islom dini bag‘rikenglik hamda tinchlik borasida boshqa din va ta'limotlardan ajralib turadi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Imom Lays ibn Sa'd “Ahli Misr va Nubaning faqihi” laqabini olgan edi. Bu imomning kitoblarining zoye bo‘lishiga musulmonlar ommasi va musulmon ulamolar mo‘g‘illar Dajla va Furot daryolariga oqizgan kitoblarning zoye bo‘lganidan ko‘proq xafa bo‘lganlar. Fuqaholardan biri u kishi haqida “Lays Molikdan ko‘ra faqihroq edi. Ammo Molikning nasibasi bor ekan” degan. Lays ibn Sa'd vafot etganda, o‘sha asrning barcha faqihlari mahzun bo‘lganlar. Musulmonlar: “Faqihlarning ulug‘i ketdi”, deganlar.

Misr voliylaridan biri ba'zi cherkovlarni buzib yubordi. Lays ibn Sa'd xalifaga maktub yozib, Islom ruhiga xilof bo‘lgan bid'at ishni qilgani uchun voliyni ishdan olishni talab qildi. Xalifa voliyni qilgan jinoyati uchun ishdan oldi.

Lays ibn Sa'd yangi voliyga buzilgan cherkovlarni qayta tiklashni va Misr masiyhiylarining hojati tushsa, yangi cherkovlar qurishni tavsiya qildi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qibtlar haqida yaxshilik qilinglar” deganlar. Shu bilan birga, Misrdagi cherkovlarning ko‘pi sahobalarning davrlaridan buyon turibdi. Bu kabi katta adaddagi sahobalarning ijmo' sunnatning o‘rniga o‘tadi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ta'lim olmagan narsalariga bunchalik ijmo' qilmaydilar.

Hazrati Umar ibn Xattob o‘zidan keyin musulmonlar ham qaytarmasligi, cherkovlarda ibodat erkinligi va mustaqillik ta'minlanishi uchun Baytul Maqdisdagi cherkovda namoz o‘qimagan va Baytul Maqdis masiyhiylari ila ularning o‘zlarini, molu mulklarini, cherkovlarini va o‘sha cherkovlarning vadflarini, mollarini himoya qilish haqida shartnoma tuzgan. Sahobalar bunga guvoh bo‘lganlar. Mana bu amal musulmonlar uchun oxiri zamongacha ham, oxiri zamonda ham hujjatdir. Hadisi sharifda «Kim zimmiyga ozor bersa, men uning xusumatchisiman» deyilgan.

Shuning uchun ham, Umar Misrning fotihi Amr ibn Ossga maktub yuborib “Hazir bo‘l. Tag‘in Rosululloh sollallohu alayhi vasallam xusumatching bo‘lib qolmasinlar”, degan.

Imom Lays ibn Sa'd cherkovlarni buzganlarga qarshi quyidagi oyatni ham hujjat qilib keltirgan:“Allohning masjidlarida Uning ismi zikr qilinishini man etgan va ularni buzishga harakat qilgandan ham zolimroq odam bormi?” (Baqara: 114.) Bu oyat Baytul Maqdisni fath qilib, ibodatni man qilgan, cherkovni kuydirgan va masiyhiylarni bitta ham qo‘ymay kaltaklagan rumliklar haqida tushgan.

Ushbu go‘zal suratlarga o‘xshash holatlar juda ham ko‘p. Ularning barchasi nubuvvat nuridan bahramand bo‘lganlardir. Bunday narsalardan faqatgina qalbi qotganlargina chetga chiqurlar. Allohning O‘zi asrasin.

Islomdagi birodar! O‘zingni o‘zing terga. Agar imkoning bo‘lsa, solihlarning kitoblaridan yaxshilarini ko‘p o‘qi. Buni eplay olmasang, ahli zikrlardan so‘ra yoki senga Allohni eslatib, dunyodan ehtiyot qiladiganlarning suhbatini top. To‘g‘ri yo‘lning alomati shariatga sabr ila ergashishdir.

Toshkent islom instituti 4 kurs talabasi Ergashev Abdulvosi

Manba: https://islaminstitut.uz/18211


Kiritilgan vaqti: 16/11/2020 15:29;   Ko‘rilganligi: 1236
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-bagrikenglik-dini-tii-talabasi-ergashev-abdulvosi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing