Insonlarning tashqi ko‘rinishlariga qarab baho bermang.
Qop yirtiq bo‘lsa ham, ichida shirin olmalar bor. Ba'zi odamlar eski, yamoqli kiyimda bo‘lsalar ham, ichlarida oltindek qalb bo‘ladi. Shuning uchun insonlarga, ularning tashqi ko‘rinishlariga qarab baho bermang.
Sahobai kiromlarning ko‘plari yamoqli kiyimda bo‘lganlar. Lekin ichlarida dunyodagi munavvar, pok qalb bor edi.
Bu sahobalarning ichida Payg‘ambarlar alayhimussalomdan so‘ng insoniyatning afzali bo‘lgan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu, adolati bilan dunyoga mashhur bo‘lgan, tirikligidayoq jannat bashoratini olgan Umar roziyallohu anhu kabi zotlar bor.
Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
«Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir» (Hujurot surasi, 13-oyat)
Oyatga ko‘ra, Alloh huzuridagi ulug‘lik, hurmatga sazovorlik, mukarramlik pul, mashina, uy, ish, tanish-bilish, obro‘ bilan emas, balki, taqvo bilan, Alloh taolodan qanchalik qo‘rqish bilan belgilanadi.
Ibodatlarini, jumladan, namozlarini vaqtida ado etsa, ro‘zasini ixlos bilan tutsa, janozada qatnashsa, silai rahm qilsa, qo‘shnisiga muruvvat ko‘rsatsa, ota-onasiga yaxshilik qilsa, ayoliga zulm qilmasa, farzandlariga ilm, odob, shariat hukmlarini o‘rgatsa, zino, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, sudxo‘rlik, aroqxo‘rlik kabi gunohlardan tiyilsa, xullas, Alloh taoloning aytganini qilib, qaytarganidan qaytsa, ana shu musulmon Alloh taoloning nazdida hurmatliroq hisoblanadi.
Urva ibn Zubayr rahimahulloh aytadilar: «Men Oisha onamiz roziyallohu anhoning 70 ming dirham sadaqa qilganlarini ko‘rdim. Ko‘ylaklarining yoni esa yamoqli edi». (Dirham (qadimgi kumush tanga) = 2,975 gr ≈ 3 gr).
Qarang, yamoqli libos ichida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘proq yaxshi ko‘rgan, biz mo‘minlarning onasi sanalgan Oisha roziyallohu anho ham bor ekanlar.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Razzaqov Abdulhamidxon
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi manbalar sosida
Kiritilgan vaqti: 15/06/2022 11:13; Ko‘rilganligi: 3796
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:57