O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

IMON YO‘LINING ILK YO‘LOVCHILARI (As-sobiqiyn al-avvaliyn)

 
 

Hazrati risolatpanoh Muhammad Mastafo sollallohu alayhi vasallam qirq yoshga to‘lib ilk vahiy kelganida, ul zotning dunyoga kelishlaridan kutilgan maqsad va vazifani amalga oshirish vaqti boshlangan edi. Rasululloh nafaqat Allohni tanib unga ibodat qilish, balki Allohni boshqalarga tanitish, faqatgina unga ibodat qilish va unga qay tariqa sig‘inish va ibodat qilishni o‘rgatish uchun yaratilgan edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikkinchi bor: “Ey (liboslariga) burkanib olgan zot, turingda, (insonlarni oxirat azobidan) ogohlantiring, Yolg‘iz Robbingizni ulug‘lang! Liboslaringizni pok tuting! Butlardan yiroq bo‘ling!” degan ma'nodagi oyatlar nozil bo‘lgandan keyin RasulullohIslom diniga da'vatni o‘z yaqinlaridan boshladilar. Eng birinchilardan bo‘lib, xursand va mamnunlik ila bu taklifni mo‘minlar onasi Hazrati Xadiyja onamiz qabul qildilar va birinchi mo‘mina ayol bo‘ldilar. Xadiyja onamiz bu yo‘lda bor mol-mulklarini sarf qilib, umrlarining oxirigacha Rasululloh bilan hamnafas yashadilar. Shuningdek, Hazrati Xadiyja Rasululloh ummatining ilk namoz o‘qigan vakilasi bo‘ldilar.Sarvari koinot bir paytlar amakilari Abu Tolibga yengil bo‘lsin deb Ali(raziyollohu anhu)ni qaramog‘iga olgan edilar. Hazrati Ali Payg‘ambar uylarida bo‘layotgan suhbatlarga guvoh bo‘ldilar va ul zot ham dinga taklif qilindilar. Hazrati Ali taklifni qabul qilib yosh bolalar ichida birinchi bo‘lib imon ne'matiga erishdilar. Bu xonadonda shu oila farzandi bo‘lib qolgan, Rasulullohning ozod qilgan qullari Zayd ibn Horisa ham tutingan o‘g‘il sifatida istiqomat qilardi. Imon taklifi u kishini ham chetlab o‘tmadi va taklifni zudlik bilan qabul qilib ozod qilingan qullar ichidan birinchi bo‘lib musulmon bo‘ldi.Shundan so‘ng, Islomga yaqin do‘stlari Abu Bakrni da'vat etdilar. Shu kungacha butlarga bo‘yin egmagan, xamr ichmagan, zino qilmagan, o‘zini barcha yomonliklardan saqlab kelgan, go‘yyo umrini Islom dini kelishini kutib yashagandek o‘tkazgan Hazrati Abu Bakr hech ikkilanmasdan Payg‘ambar da'vatlariga labbay deb javob berib dinni qabul qildilar va hur erkaklar ichida birinchi musulmon er bo‘ldilar. Bularning barchalari da'vatning birinchi kunida musulmon bo‘lgan zotlardir. Bulardan keyin cho‘rilari Ummu Ayman dinni qabul qildilar. Shundan so‘ng, Hazrati Abu Bakr o‘zlari ishongan kishilarni dinga da'vat qila boshladilar. U kishining da'vatlari sababli dastlab Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Sa'd ibn Abi Vaqqos va Talha ibn Ubaydulloh qabi insonlar Islomni qabul qilib dinning ilk qaldirg‘ochlari bo‘ldilar va Islom tarixida ushbu zikr qilib o‘tkanlarimizning barchalari “As-sobiqiyn al-avvaliyn” “Peshqadam Sobiqlar” nomi bilan muhrlanib qoldilar.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: “Va peshqadamlar, peshqadamlar! Ular (Allohga) yaqin bo‘lganlar! Serne'mat jannatlardadirlar!” Voqev 10-12.

Abdug‘ani domla Hasanov  Samarqand shahar “Shohi Zinda”jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 22/10/2021 08:06;   Ko‘rilganligi: 599
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/imon-yolining-ilk-yolovchilari-as-sobiqiyn-al-avvaliyn
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 03:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing