IMOMI A'ZAM XULQLARI

Xalifa Rashid kunlarning birida Imom Abu Yusufga dedi: 
— Abu Hanifaning xulqlarini menga tavsiflab bering. 
U zot dedilar:
— Alloh taolo aytadi: «U biror so‘z aytmas, magar huzurida (farishta) hoziru nozir» (Qof surasi 18-oyat). Alloh taolo har bir aytuvchining so‘zidan ham yaxshi bilguvchi Zotdir! Men bilgan Abu Hanifa: 
1) Alloh taolo harom qilgan narsalarga yaqin kelishdan ham o‘ta ehtiyotkor edilar; 
2) Allohning dini borasida bilmagan narsasini aytishdan qattiq taqvodor edilar; 
3) Allohga itoat qilishni sevar va osiy bo‘lishni yoqtirmas edilar; 
4) Dunyo ahlidan dunyolari ichida yiroq edilar; 
5) Uzoq sukut saqlar, ko‘p zikr qilar va keng ilm sohibi edilar; 
6) Ko‘p kuladigan va ko‘p gapiradiganlardan emasdilar; 
7) Agar bir masala u kishidan so‘ralsa, bu borada ilmi bo‘lsa so‘zlar va eshitganiga ko‘ra javob berar edilar; 
8) Agar aksincha bo‘lsa, haqqa bosh egar va unga ergashar edilar; 
9) Nafsini va dinini saqlovchi edilar; 
10) Ilm va mol borasida saxiy edilar; 
11) O‘z kasblari ila odamlardan behojat edilar; 
12) G‘iybatdan uzoq edilar va biror kishini eslasalar, faqat yaxshilik bilan eslar edilar. 
Xalifa Rashid dedi: 
— Bu solih zotlarning xulqlaridir. 
So‘ng kotibga buyurib, dedi: 
— Ushbu sifatlarni yoz va uni o‘g‘limga yubor. Ularni o‘rgansin!
Alloh barcha solih zotlardan rozi bo‘lsin!
Shayx Lu'ay Xaliliy al-Hanafiy hafizahulloh
Xayrulla domla Sattarov viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari
Kiritilgan vaqti: 25/12/2021 09:02; Ko‘rilganligi: 912
Chop etilgan vaqti: 04/11/2025 13:25
		
																				



















