O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

IMOM BUXORIYNING TAFSIR ILMIGA QO‘SHGAN HISSASI

 
 

Hadis asarlarida mustaqil tafsir bo‘limlarini ajratish odatini Buxoriy boshlab bergan. U bilan bir davrda yashagan Muslim “Sahih”ida “Tafsir” nomli yetti bobdan iborat kichkina bir bo‘lim ajratgan. Termiziy “Sunan”ida, Nasoiy ham “as-Sunan al-kubro”sida tafsir bo‘limlarini ochganlar.

Hadis asarlaridagi tafsir bo‘limlarida oyatlar bob nomi shaklida zikr qilingan, ketidan oyatlarga aloqasi bor deb bilingan hadislar naql qilingan. Bu shaklda tartiblangan boblardan tafsir bo‘limlari tashkil topgan.

Qur'oni karim oyatlarining Payg‘ambar alayhissalom va sahobiylar so‘zlari bilan tafsir qilinishi rivoyat tafsiri deb yuritiladi. Tafsiri ma'sur yoki rivoyat tafsiri deganda, biror oyatning ma'nosini boshqa oyat yoki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan, sahobiy yoki tobi'iyndan naql qilingan so‘z bilan bayon etishni tushuniladi.

Tafsiri ma'surning vujudga kelish davri ikki bosqichdan iboratdir. Birinchisi rivoyat davri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z as'hoblariga Qur'oni karimning ba'zi oyatlari ma'nosidagi maxfiylikni ochib berganlar. Uni sahobai kiromlar zehnlarida saqlab, og‘izma-og‘iz bir-birlariga, keyinchalik tobi'iynlarga yetkazganlar. O‘z navbatida Qur'oni karimning ba'zi oyatlari ma'nosini sahobalar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlariga qo‘shimcha ehtiyojga muvofiq ijtihod qilib tafsir qilganlar. Tobi'iynlar ham o‘z davrlarida oyatlardagi ba'zi maxfiylikni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan va sahobalardan qilingan rivoyatlar ustiga o‘zlari ham ijtihod va ra'y bilan xalqqa tushuntirganlar. Tafsirdagi shunday o‘zgarish va kengayish taba'a tobi'iynlar (tobi'iynnlardan keyingi avlod)ning davrida ham davom etdi. Ikkinchisi tadvin davridir. Bu davrda birinchi bo‘lib tafsiri ma'sur (rivoyatlar asosidagi tafsir) yozildi.

Tobi'iynlar va taba'a tobi'iynlar davrida fiqh va hadis ilmi bilan bir qatorda tafsir ilmi ham qisman bo‘lsa-da alohida rivojlangan. Jumladan, tobi'iynlar davridagi tafsir ilmining “Makka”, “Madina” va “Basra” maktablarining mavjudligi fikrimizning yaqqol isbotidir. Ilk mufassirlar sifatida Muqotil ibn Sulaymon (r.a.) (vaf. 767), Imom Ahfash (vaf.793), Abu Ubayda (vaf. 825) va Qosim ibn Sulaymon (vaf. 837)ning tafsirlari eng mashhur tafsiri ma'sur tafsirlar sirasiga kiradi. Shuningdek, bularga qo‘shimcha ravishda 1964 yilda Misrning Doru-l-kutub al-Misriyya kutubxonasidan topilgan Imom Mujohid (r.a.) (vaf. 721) tafsiri [5] va Hindistondan topilgan 1965 yilda Rampurda ilk nashri amalga oshirilgan Sufyon Savriy (r.a.)ning (vaf. 778) tafsirlarini [10: 16] ham mazkur tafsirlar qatoriga qo‘shish mumkin.

Lekin bu davrda yozilgan tafsir alohida kitob bo‘lmasdan, balki rivoyat qilingan hadislar kitobining bir bobi sifatida yozilgan edi. Ana shunday hadis to‘plamlari sirasiga Imom Buxoriy (810-870)ning “Al-jomi' as-sahih” asarini ham kiritish mumkin.

Hadis ilmi bilan bir qatorda tafsir ilmi bilan ham shug‘ullangan olimlar qatoridan joy olgan Imom Buxoriyning mustaqil tafsiri bo‘lgani haqida ham turli qarashlar mavjud. Jumladan, Hoji Xalifa Imom Buxoriyning mashhur shogirdlaridan biri Abu Abdulloh Firabriy (vaf. 932)ning ma'lumotlariga tayangan holda Imom Buxoriyning hadis ilmiga oid asarlaridan tashqari mustaqil tafsiri bo‘lganligi haqidagi ma'lumotni o‘z asarida keltirib o‘tadi [9: 443]. Shuningdek, Imom Buxoriyning “Xolqu af'ol ul-'ibod” asarini tahqiq qilib nashr ettirgan Doktor Abdurrahmon Umayra ham Imom Buxoriyning “at-Tafsir al-kabir” nomli mustaqil asarining mavjudligi va hozirda Jazoir Milliy kutubxonasi hamda Parijda ushbu asarning ikki nusxasi saqlanayotgani haqida ma'lumot berib o‘tgan [8: 23]. Avval qayd etib o‘tganimizdek, turli tafsir maktablariga mansub mufassirlar qatorida bir muhaddis sifatida Imom Buxoriyning ham mustaqil tafsir yozishi tabiiy holdir. Olimning tafsir ilmidagi o‘rni haqida gap ketganda uning bu jihatiga emas, balki Imom Buxoriyning rivoyat tafsiri yo‘nalishida biz uchun eng muhim jihati ichida ilk bora musannaf bir hadis kitobi ichida “Kitob at-tafsir” sarlavhasi ostida tafsirga joy ajratishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Buxoriydan oldin yozilgan hadis kitoblarida tafsir nomi ostida ajratilgan mustaqil bo‘limni uchratmaymiz. Hatto, Buxoriydan 45 yil oldin vafot etgan Abdurazzoq ibn Hammom (vaf. 826)ning “Al-Musannaf” asarida bunday bo‘lim uchramaydi [3: 9]. Shuningdek, Imom Buxoriy bilan zamondosh bo‘lgan Imom Dorimiyning “Sunan” asarida ham tafsirga bag‘ishlangan biror bo‘limga duch kelmaymiz [6: 4]. Ammo Buxoriydan keyin yozilgan Imom Muslim (vaf. 874) va Imom Termiziy (vaf. 892)ning hadis to‘plamlarida tafsir bo‘limini uchratish mumkin. Bundan ko‘rinib turibdi-ki, hadis to‘plamlariga ilk bora tafsir Imom Buxoriy tomonidan olib kirilgan.

“Sahih ul-Buxoriy”ning “Kitob at-tafsir” bo‘limida ma'lum oyatlar bob sarlavhalari sifatida yozilgan bo‘lib, ortidan oyatlar bilan bog‘liq hadislar keltirilgan. Shuningdek, “Kitob at-tafsir”dan boshqa ba'zi kitoblar nomi ham ma'lum bir oyatlar bilan nomlangan. Shu shaklda yakunlangan boblar tafsir kitobini tashkil etadi.

Imom Buxoriyning tarojim (bob izohlari)larining sonini tadqiq qilgan Kirmoniy va boshqa olimlar izohlarni 3450 hadisdan – 3882 hadislar oralig‘ida ekanini aytganlar.

“Sahihul Buxoriy”ning tafsirga aloqador bob izohlarini o‘rganib chiqish natijasida ularning soni 1129 taga yetdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, asarning uchdan biri tafsirga bag‘ishlangan. Shu bilan bir qatorda oyatlar bilan boshlanuvchi kitoblar soni esa 18 tani tashkil etadi. Tafsir kitobidan tashqari izohlar boshqa bo‘limlarda 613 o‘rinda oyatlar izohlangan, tafsir kitobida esa bular 516 tani tashkil etadi. Fikrimiz isbotini quyidagi jadval orqali yanada aniqroq ifoda etish mumkin:

JUZLAR

OYATLAR IZOHI

1-juz

35 ta izoh

2-juz

32 ta izoh

3-juz

66 ta izoh

4-juz

42 ta izoh

5-juz

67 ta izoh

6-juz

97 ta izoh

7-juz

23 ta izoh

8-juz

516 ta izoh. Bu – “Kitob at-tafsir” (“Tafsir kitobi”) bo‘limi

9-juz

51 ta izoh

10-juz

33 ta izoh

11-juz

71 ta izoh

12-juz

30 ta izoh

13 juz

71 ta izoh.

“Sahihul Buxoriy”ning ushbu xususiyati Imom Buxoriyning tafsiri ma'sur yo‘nalishidagi o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, bir muhaddis sifatida olimning hadis to‘plamining ichiga tafsirni qo‘shgani hamda ba'zi o‘rinlarda filologik izohlar ham qoldirgani bilan ham ahamiyatlidir.

Buxoriyning tafsir bo‘limida boshqa hadis musanniflaridan farqli ravishda tafsir imkonlarini kengaytirishga harakat qilgan. U “Kitob at-tafsir”ning bob mavzularida tafsirga oid ma'lumotlarni bergan. Boshqa tomondan, ham asarning hammasida, ham tegishli bo‘limda hadislarni o‘z fikrini bayon qiladigan bir shaklda tanlashi va tartiblashi ham, uning boshqa hadis asarlaridagi tafsirga oid bo‘limlaridan ko‘ra farqli bir jihati bor ekanligini ko‘rsatadi deyish mumkin. Buxoriyning o‘z asarida ajratgan tafsir bo‘limi bu turdagi ishlarning ilk namunasi bo‘lishiga qaramasdan turdoshlari orasida tafsir mavzusi bo‘yicha yuqori bir saviyada ekanligi sababli uning tafsir an'anasidan ko‘proq istifoda qilganligini aytish mumkin bo‘ladi.

Buxoriy ba'zan bob mavzularida oyatlarning tushunilishiga yordam beradigan tafsir rivoyatlarni naql qiladi. Tafsir rivoyatlarini bevosita oyatlarning izohini ko‘zlagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan, sahobadan va tobi'iynlardan kelgan ma'lumotlar shaklida ta'riflasak, yuqorida zikr qilingan ayrim misollarni ushbu guruhga kiritish mumkin bo‘ladi. Faqat biz bunday ma'lumotlarni “So‘zlar izohlari” mavzusida Buxoriyning so‘z izohlaridagi bir butunlik yondashuviga misollar keltirish uchun zikr qilgan edik.

Buxoriyning “Kitob at-tafsir”da naql qilgan sahobaga nisbat qilingan tafsir rivoyatlarining deyarli hammasi Ibn Abbos (r.a.)ga tegishli ekanini ko‘rish mumkin. Masalan, Baqara surasining “Shubhasiz Safo va Marva Allohning (dinining) shiorlaridandir” shaklidagi 158-oyatga bag‘ishlangan bo‘limda sanadini hazf qilib “Qola Ibn Abbos (r.a.): “الصفوان”: “toshdir” (الحجر)” shaklida bir rivoyatni naql qilgan [1: 1102]. Ushbu misolda bir masala diqqatga sazovor. Buxoriyning “Safo” so‘zini izohlash uchun naql qilgan rivoyat aslida Baqara surasining 264-oyatida zikr qilingan “صفوان” so‘zining izohiga tegishli edi. Tabariy va Ibn Abi Hotim ham ushbu rivoyatni bu oyatning tafsirida zikr qilishgan [2: 518; 7: 591]. Bu misolda Buxoriy bir so‘zning izohini berganda bir xil o‘zakdan yasalgan boshqa bir so‘zga oid boshqa ma'lumotlarni ishlatmoqda. Diqqatni tortadigan boshqa bir jihat esa, tafsirlarda sanadli holda zikr qilingan mazkur rivoyatning bu yerda sanadsiz holda zikr qilinishidir. Bu rivoyatni Tabariy tafsirida “Haddasaniy al-Musanno: qola haddasana Abu Solih: qola haddasaniy Muoviya 'an Ali 'an Ibn Abbos (r.a.)” sanadi bilan zikr qilgan [7: 591]. Ibn Abi Hotim ham al-Musanno o‘rniga “Abi” (Abu Hotim)ni zikr qilib ushbu sanad bilan rivoyat qilgan [2: 518].

Buxoriy Naas surasiga tegishli bobning mavzusida “Ibn Abbos (r.a.): “الوسواس” “Bola tug‘ilgan paytda shayton vasvasa qiladi. Alloh zikr qilinganda ketadi. Alloh zikr qilinmasa bolaning qalbiga joylashadi” degan” deb sanadsiz rivoyat keltirgan [1: 1282]. Vaholanki, Ibn Abbos (r.a.)ning bu gapi ozgina tafovut bilan tafsir asarlarida sanadi bilan naql qilingan [4: 540; 7: 709]. A'rof surasdagi “Muso belgilab bergan joyimizga (Turga) kelib Parvardigor ham unga gapirganda “Ey parvardigorim! Menga (o‘zingni) ko‘rsat, senga qarayin” dedi…” oyatiga oid bobning mavzusida Ibn Abbos (r.a.)ning “أرني” (menga ko‘rsat) ifodasiga bog‘lab “menga ber” (أعطني) shaklidagi izohini zikr qilgan [1: 1190]. Buxoriyning sanadsiz bergan ushbu ma'lumoti Tabariyning tafsirida “haddasana al-Musanno, haddasana Abdulloh haddasaniy Muoviya 'an Ali 'an Ibn Abbos (r.a.)” sanadi bilan naql qilingan [7: 91]. Bunga o‘xshash boshqa bir misol ham An'om surasiga oid bo‘limning boshida ushbu surasning 23-oyatidagi “ثم لم تكن فتنتهم” ifodasini “uzrlari” (معذرتهم) shaklidagi izoh Ibn Abbos (r.a.)dan sanadsiz naql qilingan [1: 1185].

Buxoriyning boblar ichida to‘plagan rivoyatlarning bob mavzulari bilan mosligi bilan birga o‘zaro o‘ziga xos mazmunga ega bir butunlikni tashkil qilishini aytish mumkin. Albatta, bu holatning har bir bobda mavjudligini aniqlash batafsil tadqiqotni taqozo qiladi. Yana ham juda ko‘p bobda hadislarning tartibi bilan bob mavzularida ifodalangan g‘oya orasida bir muvofiqlikning mavjud ekanligini bemalol aytish mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Buxoriy ham bob bilan hadislarning o‘zaro muvofiqligi, ham hadislar orsidagi muvofiqlik va bularning muayyan ma'no beradigan shaklda tartiblash bo‘yicha katta mehnat qilgan. Bu holat uning faqat rivoyatlarni naql qilishga izn bergan, talqinlarga imkon qoldirmaydigan bir shaklda, shaxsiy qarashlarini bayon etishga imkon topish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Tarjimalarda taqdim qilgan tafsir ma'lumotlari bilan birga masalalarga mavzu qo‘yishi aslida rivoyatlarni naql qilish tamoyilidan borgan bir asarda tafsir imkonlarini imkon qadar kengaytirgan. Faqat buning bilan birga bir oyatni barcha qirralarini ochib berish, bir xulosaga borish kabi ideal bir izoh nuqtai nazaridan qaralganda, albatta, bu ish yetarli emas.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy. Al-jomi' as-Sahih. – Damashq: Doru ibn Kasir, 2002. Kitob at-tafsir.
  2. Abu Muhammad Abdurrahman ibn Abi Xotim, Tafsir, I-X, tahq.: As'ad Muhammad at-Tayyib. al-Maktabat ul-asriya. J. II.
  3. Al-Musannaf. Abdurazzoq ibn Hammom as-Sanoniy. Dor at-ta'sil. – Qohira, 2015. J. 9
  4. Ibn Kasir.Tafiri ibn Kasir. J. 8.
  5. Mujohid ibn Hajar. Tafsir al-Imam Mujahid bin Hajar. Dor ul-kutub al-miyyah. – Bayrut, 2005.
  6. Musnad ad-Dorimiy. Abdulloh ibn Abdussomad ad-Dorimiy. Dor al-Mug‘ni. – Riyod. 2000. J.4
  7. Muhammad ibn Jarir At-Tabariy. Jomi' ul bayon 'an ta'vili ayil-Qur'an. Ahmad Muhammad Shokir tahqiqi. Muassasatu-r-risala. 1420/2000. J. 5.
  8. Muhammad ibn Ismail al-Buxoriy. Xolqu af'ol ul-'ibod. Dr. Abdurrahmon Umayra tahqiqi. Dor ul-Ukoz. – Jidda.
  9. Hoji Xalifa. Kashfu-z-zunnun 'an asomiy al-kutub va-l-funun. Dor ihyo at-turos al-arabiy. – Bayrut. 2008. J. 1.
  10. Sufyan ibn Said as-Sevriy, Tefsir us-Savriy, India-Rampor 1965.
Azizxo‘ja INOYATOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi

Kiritilgan vaqti: 15/09/2020 11:09;   Ko‘rilganligi: 3957
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriyning-tafsir-ilmiga-qoshgan-hissasi
Chop etilgan vaqti: 24/11/2025 16:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing