O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Imom buxoriyning hadis qabul qilishdagi shartlari va boshqa muhaddislarning shartlari bilan qiyosiy tahlili

 
 

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy yashab ijod etgan davrda hadis ilmi juda keng taraqqiy etgan va ko‘plab muhaddislarning hadis to‘plamlari mavjud edi. U zot vafotidan keyin ham bir qancha muhaddislar paydo bo‘ldilar. Shunday bo‘lsada, o‘sha zamon va undan keyin kelgan islom ulamolari va muhaddis olimlar nazdida faqat Imom Buxoriyning «al-Jomiʼ as-sahih» hadislar to‘plami eng sahih va eng mukammal bo‘lib e'tirof etildi.

Buning sababi – Imom al-Buxoriy hadislarni o‘ziga yetkazib kelgan roviylardan rivoyatini qabul qilib kitobat qilishdagi shartlari va talablari boshqa muhaddislarnikidan bir muncha kuchli bo‘lgan. Hadis roviysidan hadis qabul qilishda qat'iy talablarni qo‘ygan. [1] Rivoyat qiluvchi roviylarning sifatlariga, axloqlariga juda katta e'tibor qaratgan va roviyning sifati, axloqi hadis qabul qilishdagi talablariga yetarli darajada javob bermasa unday roviydan hadis qabul qilmagan. [2] Sifati majhul, kimligi va nasabi noma'lum, sifatiga qadh (jarh) yetgan roviylardan, shu jumladan sanad tabaqasida yolg‘iz bo‘lib qolgan roviydan[3] umuman hadis rivoyat qilmagan.[4]

Hadislarni sahih deb qabul qilishda muhaddis ulamolarning sahihlik shartlari turlicha bo‘lgan. Muhaddis olimlarning hadislarni sahih deb e'tirof etilishida asosan beshta shart mavjuddir. Ushbu besh shart: 1) sanadning uzluksiz bog‘langan bo‘lmog‘i; 2) sanaddagi roviyning odilligi; 3) sanaddagi roviyning xotirasini mukammal bo‘lmog‘i;4) hadis o‘z matni va uning roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoliy bo‘lmog‘i; 5) hadis matni va sanadi shuzuz (tarqoqlik)dan xoli bo‘lmog‘i lozim.[5]

Imom Buxoriy nazdida esa hadislar sahihlik darajasiga yetishi uchun o‘n ikkita sharti mavjud bo‘lgan. Ushbu o‘n ikkita shart yuqorida keltirilgan beshta asosiy shartlarning zamirida turadi.[6] 

Ular:

1. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir shaharda zamondosh bo‘lishi, agar bir shaharda zamondosh bo‘lib istiqomat qilmagan bo‘lsa hadis muttasil sanad deb qaralmagan.

2. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir marta bo‘lsa ham uchrashgan bo‘lishi, agar bir shaharda istiqomat qilib uchrashmagan bo‘lsa ularning bir-biridan hadis rivoyat qilishi muttasil sanad deb qaralmagan.

3. Roviy (hadis rivoyat qiluvchi shaxs) hadisni o‘ziga yetkazuvchi roviydan ijozatan yuzma-yuz holatda og‘zaki (rivoyatan) yoki yozma ravishda (diroyatan) olgan bo‘lishi (bu uch (1-3) shart «sanadning ko‘rish,eshitish va o‘qish orqali bog‘lanishi» zamirida turadi).

4. Roviy musulmon bo‘lishi, dinsiz va g‘ayridin kishidan hadis qabul qilinmagan.

5. Roviy balog‘atga yetgan bo‘lishi, ya'ni hadisni yod olib boshqalarga yetkazishda mas'uliyatni anglab yetadigan yoshda bo‘lishi.

6. Roviy aqlli bo‘lishi, aqli zaifdan hadis rivoyat qilinmaydi.

7. Roviy fosiq bo‘lmasligi, fosiq kishining hadisi qabul qilinmaydi.

8. Roviylarning eng ishonchlisi, rostgo‘yi, odamiyligi (bu beshta (4-8) shartlar «roviyning din va dunyo ishlarida odil bo‘lmog‘i» sharti zamirida turadi).

9. Roviy xotirasining kuchli bo‘lishi, ya'ni eshitgan hadisini asl holida yod olib qolmog‘i.

10. Roviy xotirasi sust bo‘lsa eshitganini yodlab yozib qo‘ygan bo‘lishi (bu ikki shart (9-10) «hadis sanadidagi roviylar xotirasini mukammal bo‘lmog‘i» sharti zamirida turadi).

11. Hadis sanadi va matni ixtilofdan xoli bo‘lishi (bu 11-shart «hadis matni va sanadi shuzuz (tarqoqlik)dan xoli bo‘lmog‘i» shartida zamirida turadi).

12. Hadis sanadi va matni zarar yetkazuvchi sabablardan xoli bo‘lishi (bu 12-shart «hadis o‘z matni va uning roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoliy bo‘lmog‘i» shartining zamirida turadi).[7]

O‘quvchiga yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun mualliflar tomonidan mazkur o‘n ikki shart va to‘qqiz muhaddisning hadis olishda ushbu shartlarga amal qilish darajasining qiyosiy tahlili jadval ko‘rinishida tayyorlandi. Shuni alohida ta'kidlash lozim, bu jadvalda ulamolarning nisbiy qarashlari jamlanib, yagona bir ko‘rinishga keltirilgan xolos[8]. Boshqa tadqiqot va dalillar sababli jadvalda keltirilgan muhaddislarning hadis qabul qilishdagi sahihlik shartlariga amal qilish holatlari o‘zgarishi mumkin.

 

Tadqiqotlarimiz natijasi hadis to‘plamlari sahih deb tan olingan to‘qqiz muhaddisdan faqat Imom Buxoriy mana shu o‘n ikki shartga qat'iy amal qilganligini ko‘rsatadi. Ya'ni, hadis sanadi va matni mana shu shartlarga to‘liq javob bersa u hadis Imom Buxoriy nazdida sahih hadis hisoblangan. Imom Muslim sahihlikning ushbu shartlarini o‘n bittasiga qat'iy amal qilgan, ya'ni sahihlikning o‘n bir shartiga javob bergan hadis sanadi va matni u kishining nazdida sahih sanalgan. Masalan; Bir shaharga shayx (hadis rivoyat qiluvchi ustoz)lardan birortasi kelib dars tashkil qilib biror hadis aytsayu, tinglaganlardan biri u hadisni shu shaharda istiqomat qiluvchi, ammo o‘sha darsda bo‘lmagan bir do‘stiga aytsa, u hadisni eshitgan darsda hozir bo‘lmagan uchinchi shaxs o‘sha hadisni shayxdan rivoyat qilsa bu hadis jadvalga ko‘ra Imom Buxoriyda bu hadis sanadi muttasil (sanadi bog‘langan) sanalmaydi, imom Muslim va boshqa ayrim muhaddislar nazdida bu hadisning sanadi muttasil deb qaraladi[9].

Imom Abu Dovud nazdlarida ushbu shartlarning to‘qqiztasi qaysi bir hadisda topilsa o‘sha hadis sahih deb sanalgan.

Imom Termiziy nazdlarida esa hadis sahih bo‘lishi uchun o‘nta shart topilishi lozim bo‘lgan[10] va shu sababli ham ayrim hadis ulamolari imom Termiziyning «Sunan» hadis to‘plamini imom Abu Dovudning «Sunan»idan ustun qo‘yishadi.

Alohida ta'kidlab o‘tish lozim bo‘lgan so‘zlarimizdan biri, bu imom Molik va imom Ahmad rohmatullohi alayhlarning hadis qabul qilishdagi shartlari boshqa muhaddislarnikidan kamligidir. Ammo bu ularning hadis to‘plamlariga kiritgan hadislari sahihlik darajasidan past ekanligini anglatmaydi, chunki buning bir necha ijobiy sabablari mavjud. Shulardan; eng avvalo ushbu muhaddislarning shartlari haqida bizdagi ma'lumotlarning ozligi va borlari ham ehtimoliy ekanligidir. Shu jumladan, ular yashagan davrning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam zamonlariga yaqinligi, hadis yetib kelishda muhaddis bilan Nabiysollallohu alayhi va sallam o‘rtasida roviylar ozligi va yana bir qancha sabablar borki, hatto u sabablar bilan mazkur muhaddislarning hadis to‘plamlaridagi keltirgan hadislari sanadi oliy sanadga ko‘tarilishi ham mumkin.

Imom Buxoriy hadislarni sahih deb qabul qilishda mana shu o‘n ikki shartga qat'iy amal qilgan va shu sababli ham butun dunyo olimlari tomonidan ul zotning hadis to‘plamlari mutlaq sahih hadislar deb e'tirof etilgan. Hatto ba'zi ulamolarImom Buxoriyning hadislarni qabul qilishdagi sahihlik shartlarini o‘n beshtaga yetkazishgan. Ushbu tadqiqotlarimiz natijalariga asoslanib Imom Buxoriyning «al-Jomiʼ as-sahih» hadis to‘plamidagi hadislarining sahihlik darajasi boshqa muhaddislarning sahih hadislaridan ustun ekanligini aytishimiz mumkin bo‘ladi.

Nodir Qobilov

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR.

  • Xolid Mansur Abdulloh ad-Daris. Mavqifu al-iamayni al-Buxoriy va Muslim min ashroti-l-liqyaa va-s-simo‘. –B 272.
  • Mahmud Tohhan. Taysiyru mustolahu-l-hadis. Maktabatu-l-ma'orif. Riyoz 2010. –B44.
  • Al-Kattoniy. Ar-Risolatu al-mustatrifa. 1-juz.
  • Hofiz al-Iroqiy. At-Taqyidu va-l-iyzoh. 1-juz.
  • Abu Fazl Muhammad ibn Tohir. Shurutu-l-aimmati-s-sitta va yalihi shurutu aimmati-l-xamsa. Doru-l-kutubi-l-ilmiya. Bayrut 1984.
  • Muhammad as-Sam'oniy. Tavziyhu-l-afkar lima'oniyi tanqiyh-l-anzor.
  • Muhammad ibn Amr. Al-Kutubu-s-sitta mustalahan va mazayaa.
  • Hamza Abdulloh al-Maliyboriy. Manhaju-l-Imam al-Buxoriy fiy tas'hihi-l-ahadisi va-t-ta'liliha. «Doru ibn Hazm».Bayrut 2000.
  • Badriddin Ayniy Abu Muhammad Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad ibn Husayn ibn Yusuf ibn Mahmud Halabiy. «Umdatul-qoriy fi sharhi al-jomi as-sahih lil-Buxoriy».
  • Abu FazlAhmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy. Fathu-l-Boriy. Doru rayyon. 1986.; Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath ul-Boriy.Qohira. 1880y.
  • Tohir al-Jazoiriy al-Damashqiy. Tavjihu-n-nazar ila usuli-l-asar. Al-Matbu'ati-l-islomiya. Halab 1995.

[1] Xolid Mansur Abdulloh ad-Daris. Mavqifu al-iamayni al-Buxoriy va Muslim min ashroti-l-liqyaa va-s-simo‘. –B 272.

[2]Tohir al-Jazoiriy al-Damashqiy. Tavjihu-n-nazar ila usuli-l-asar. Al-Matbu'ati-l-islomiya. Halab 1995. 1-juz. –B220.

[3]Badriddin Ayniy Abu Muhammad Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad ibn Husayn ibn Yusuf ibn Mahmud Halabiy. «Umdatul-qoriy fi sharhi al-jomi as-sahih lil-Buxoriy». 2867-hadis sharhi.

[4]Hamza Abdulloh al-Maliyboriy. Manhaju-l-Imam al-Buxoriy fiy tas'hihi-l-ahadisi va-t-ta'liliha. «Doru ibn Hazm».Bayrut 2000. – B363.

[5]Mahmud Tohhan. Taysiyru mustolahu-l-hadis. Maktabatu-l-ma'orif. Riyoz 2010. –B44.

[6]Manhaju-l-Imam al-Buxoriy fiy tas'hihi-l-ahadisi va-t-ta'liliha. «Doru ibn Hazm».Bayrut 2000. – B71.

[7]Abu Fazl Muhammad ibn Tohir. Shurutu-l-aimmati-s-sitta va yalihi shurutu aimmati-l-xamsa. Bayrut 1984. –B18.; Hamza Abdulloh al-Maliyboriy. Manhaju-l-Imam al-Buxoriy fiy tas'hihi-l-ahadisi va-t-ta'liliha. «Doru ibn Hazm».Bayrut 2000. – B366.

[8]Mazkur jadval tayyorlanish jarayonida 400dan ortiq hadis va hadis istilohiga oid manbalar ko‘rib chiqildi.

[9]Jadvalga qarang.

[10]Abu Fazl Muhammad ibn Tohir. Shurutu-l-aimmati-s-sitta va yalihi shurutu aimmati-l-xamsa. Doru-l-kutubi-l-ilmiya. Bayrut 1984. –B 21.; Hofiz al-Iroqiy. At-Taqyidu va-l-iyzoh. 1-juz. –B33.; Muhammad as-Sam'oniy. Tavziyhu-l-afkar lima'oniyi tanqiyh-l-anzor. 1-juz. –B180.


Kiritilgan vaqti: 15/08/2020 07:02;   Ko‘rilganligi: 4320
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriyning-hadis-qabul-qilishdagi-shartlari-va-boshqa-muhaddislarning-shartlari-bilan-qiyosiy-tahlili
Chop etilgan vaqti: 24/06/2025 09:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing