O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

IMOM BUXORIYNING BAG‘DOD VA SAMARQANDDA IMTIHON QILINISHI

 
 

Imom Buxoriyning zehni va yodlash qobiliyati juda kuchli bo‘lgani uchun ustozlari uni nihoyatda hurmat qilardi va oldida dars aytishdan qo‘rqib turardi. Fath ibn Nuh Nishopuriy: “Men Ibn Madaniyni oldiga kelganimda, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy uning o‘ng tarafida o‘tirganini ko‘rdim. Ibn Madaniy hadis aytganida xato qilib qo‘yishdan qo‘rqqanidan unga qarab qo‘yardi”, dedi. Muhammad ibn Salom: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriy meni oldimga kirganida hayratlanardim va meni qo‘rquv bosardi. Ya'ni, uni oldida xato qilib qo‘yishdan qo‘rqardim”, dedi. Abu Amr Xafof: “Agar men hadis aytib turganimda, mana shu eshikdan Muhammad ibn Ismoil Buxoriy kirib qolsa meni qo‘rquv bosadi”, dedi. Imom Buxoriyning zehni va yodlash qobiliyati kuchliligini bilish uchun sodir bo‘lgan imtihon bir necha manbalarda kelgan.

Bag‘dod

Bu imtihon o‘sha davr xalifaligining markazi Bag‘dodda sodir bo‘lgan. Bag‘dod ulamolari Imom Buxoriyning zehni va yodlash qobiliyatini kuchliligi haqida ko‘plab xabarlarni eshitgan. Bu xabarlar islomiy o‘lkalarda keng tarqalgan va kunma-kun xabarlarning shuhrati oshib borgan. Shunda ular Imom Buxoriyni imtihon qilib ko‘rishni xohlagan.

O‘sha kunlari muhaddislar imomi, Imom Buxoriy xalifalik va ilm poytaxti bo‘lgan Bag‘dod shahrida edi. Muslim ibn Ibrohim: “Men Iroqdan chiqmagan holimda sakkiz yuzta shayxdan hadis yozib oldim”, degan. Ya'ni, Bag‘dod shahrining o‘zida shayxlik martabasiga yetgan sakkiz yuzta ustoz bo‘lgan. Haqiqatda, muhaddislar, faqihlar va mutakallimlar yer yuzining barcha tarafidan kelib Bag‘dod shahrida to‘planardi. O‘sha paytda Bag‘dod shahrida tabibligi haqida shahodatnoma beriladigan imtihonga qatnashgan tabiblarning soni to‘qqiz yuztaga yetgan. Yana mashhurligi uchun imtihonga qatnashmagan ko‘plab tabiblar bo‘lgan. Demak, u yerdagi muhaddis va adiblarning sonini bilishga qodir emasmiz.

Imom Buxoriyning shon-shuhrati baland va nomi chiqqan holida Bag‘dodga kirishi ahamiyatsiz ish bo‘lmagan. Bag‘doddagi ko‘plab muhaddislar Imom Buxoriyning zehni va yodlash qobiliyati kuchliligini sinab ko‘rishga kelishib olishdi va bu uchun bir reja tuzishdi.

Ular yuzta hadisni olib, ularning matn va sanadlarini almashtirdilar. O‘nta sanadning matnini boshqa sanadga va o‘nta matnning sanadini boshqa matnga qo‘yib, ularni o‘n kishiga o‘ntadan bo‘lib berishdi.Har bir kishiga o‘ntadan hadis to‘g‘ri keldi. Ularga majlis boshlanganida bu hadislarni Imom Buxoriyga aytib berishini tayinlashdi. Imom Buxoriy bilan majlisning joyi va vaqtini kelishib olishdi. Ularning barchasi to‘planishdi. Xuroson va boshqa shaharlardan ham ko‘plab odamlar to‘plandilar.

Majlis boshlanishi bilan haligi o‘n kishidan biri turib, Imom Buxoriydan o‘sha hadislardan biri haqida so‘radi. Imom Buxoriy: “Men buni bilmayman”, dedi. Keyin boshqa hadis haqida so‘radi. Imom Buxoriy: “Men buni bilmayman”, dedi. U birin-ketin o‘nta hadis haqida so‘radi. Imom Buxoriy: “Men buni bilmayman”, deyishda davom etdi.

Majlisda hozir bo‘lgan ulamolar bir-biriga qarab: “Imom Buxoriy bilib turibdi”, deyishardi. Voqeani bilmaydigan kishilar esa Imom Buxoriyning zehni va yodlash qobiliyati sust ekan deb hukm chiqarishardi.

So‘ngra haligi o‘n kishidan yana biri turib Imom Buxoriydan o‘sha almashtirib qo‘yilgan hadislardan biri haqida so‘radi. Imom Buxoriy esa: “Men buni bilmayman”, dedi. So‘ngra u Imom Buxoriydan yana boshqasi haqida so‘radi. Imom Buxoriy yana: “Men buni bilmayman”, dedi. U birin-ketin o‘nta hadis haqida Imom Buxoriydan so‘radi. Imom Buxoriy esa: “Men buni bilmayman”, deyishda davom etdi.

So‘ngra uchinchisi, to‘rtinchisi va o‘ninchisigacha birin-ketin so‘radi. Hatto, ularning barchasi o‘zlarining almashtirilgan hadislari haqida so‘rab bo‘ldi. Imom Buxoriy esa: “Men buni bilmayman”, deyishga ziyoda qilmadi.

Shunda Imom Buxoriy ularning savollari tamom bo‘lganini bilganidan keyin birinchi odamga qarab: “Ammo sizning avvalgi hadisingiz bunday, to‘g‘risi mana bunday, ikkinchi hadisingiz bunday, to‘g‘risi esa mana bunday, uchinchisi, to‘rtinchisi”, deb o‘ntaning barchasini ketma-ket tartib bilan aytib berdi. Har bir matnni o‘z sanadiga va har bir sanadni o‘z matniga to‘g‘ri holda qo‘yib chiqdi. Oxirigacha xuddi shunday davom etdi.

 Shunda odamlar Imom Buxoriyning zehni va yodlash qobiliyati kuchliligiga tan berdilar va fazlini e'tirof etdilar. “Mirqot” kitobining sohibi: “Insonlar hayron qolib Imom Buxoriyning fazlini e'tirof etdilar”, dedi.

Ahli ilm va tanqidchilarning nazdida almashtirilgan sanadlarni to‘g‘rilash muhaddisning nihoyatda komil ekanligiga hujjatdir. Lekin undanda muhimrog‘i va ajoyibrog‘i, Imom Buxoriy o‘zi eshitgan yuzta almashtirilgan sanadni bir marta eshitgandi. So‘ng ularni eshitgan tartibiga ko‘ra takrorladi va ularga falon sanad xato, falon sanad falon matnniki va falon matn falon sanadniki deb birma-bir bayon qilib berdi.

Samarqand

Imom Buxoriy Samarqandga kelganida, yana bir imtihon bo‘lib o‘tdi. Samarqandda katta ulamolardan to‘rt yuztasi bor edi. Ularga Imom Buxoriyning zehni va yodlash qobiliyati kuchliligi haqidagi xabarlar yetib keldi. Shunda ular yig‘ilishib jon-jahdlari bilan Imom Buxoriyni adashtirishga harakat qildilaru, biror xato bilan to‘xtata olishmadi.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Men Sulaym ibn Mujohiddan eshitdim. U: “Men Abul Azhardan eshitganman”, dedi. Abul Azhar: “Samarqandda to‘rt yuzta muhaddis yetti kun to‘planib Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni adashtirishga harakat qildilar. Shomni sanadini Iroqni sanadiga, Iroqni sanadini Shomni sanadiga, Yamanni sanadini Haramayn (Makka va Madina)ni sanadiga va Haramayn (Makka va Madina)ni sanadini Yamanni sanadiga almashtirdilar. Ular Imom Buxoriyni sanadda ham matnda ham biror xato bilan to‘xtata olishmadi”, degan edi.

Islom dunyosida “Hadis ilmining sultoni” deya shuhrat topgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi davrlar osha o‘z qadru qiymatini yo‘qotmagan. Demak, Imom Buxoriyning hayoti va ijodini o‘rganish, xalqimizga yetkazib berish va yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib voris qilib tarbiyalash bugungi kunda oldimizda turgan muhim vazifalardandir.

 

ABDUVOSI SHONAZAROV

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

 ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 30/09/2020 14:55;   Ko‘rilganligi: 1800
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriyning-bagdod-va-samarqandda-imtihon-qilinishi
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 00:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing