ILMU MA'RIFAT — TINCHLIK, TARAQQIYOT VA INSON KAMOLOTI ASOSI
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Prezidentimizning 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi ustuvor maqsad va vazifalarni, yangi marralarni belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari 2023 yilni “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilib, ayni yo‘nalishlarni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan istiqbolli taklif hamda tashabbuslarni ilgari surgani yurtdoshlarimizni nihoyatda xursand qildi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki xalqimiz azaldan odamzod naslini hazrati inson deya ulug‘laydi. Ilm-ma'rifatni barcha ezguliklarning, bunyodkorliklarning zamini sifatida qadrlaydi.
Zotan, islom dini nozil qilinishining bosh sababi ham, bu muqaddas dinning asl mohiyati ham insonni ulug‘lash, uni ilmu ma'rifatga, tinchlik-totuvlikka, yaratuvchanlikka targ‘ib etishdir. Bu ezgu g‘oyaning yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga hamohangligi, shubhasiz, xalqimizning katta baxtidir.
Muqaddas dinimizda ta'limga, ilm-ma'rifatga alohida e'tibor qaratilgan bo‘lib, Qur'oni karimda “ilm” so‘zi 814 marta zikr etilgan. Jumladan, bunday marhamat qilinadi: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar” (Zumar surasi, 9-oyat).
Hadisi shariflarda ham ilmga targ‘ib etilib, “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deyilgan (Imom Ibn Moja rivoyati).
Qur'oni karim mo‘min-musulmonlarni doimo ilmga targ‘ib etadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ilm olishga muntazam da'vat qilganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talab qilish yo‘liga tushsa, Alloh unga jannatning yo‘lini yengil yengillashtiradi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Islomda ilm talab qilish har bir musulmon uchun beshikdan to qabrgacha farz qilingan. Farz Allohning qat'iy amri bo‘lib, uni bajarish har bir mo‘min uchun majburiy. Shu ma'noda, har bir musulmon o‘ziga kerakli, hayoti uchun zarur ilmni, dinu diyonatni, halol-haromni bilishi, buning uchun zarur bo‘lgan narsalarni o‘rganishi shart.
Tarixdan yaxshi bilamiz: buyuk allomalarimiz doim ilm talabida bo‘lib, ko‘plab sohalar rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan. Zero, bugungacha hadis ilmida Imom Buxoriy, fiqhda Burhoniddin Marg‘inoniy, kalom ilmida Abu Mansur Moturidiy, tafsirda Imom Zamaxshariyga teng keladigan alloma topilmagan. So‘z mulkida Alisher Navoiy, tibbiyotda Ibn Sino, falakiyotda Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi olimu fuzalolarimizni ham butun jahon tan olib, ularning boy ilmiy merosini o‘rganib, targ‘ib etib kelmoqda.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bugun yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘la olyaptimi?
Prezidentimiz Murojaatnomada ushbu masalaga e'tibor qaratib, buning uchun navqiron avlod vakillariga yanada keng sharoitlar yaratilishini ta'kidladi. Bu borada, avvalo, yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta'limni qo‘llab-quvvatlash, yanada rivojlantirish belgilab berildi.
Darhaqiqat, ta'lim, ma'naviyat va ma'rifat jamiyat taraqqiyoti, millat kamoloti va shaxs barkamolligini belgilab beruvchi asosiy omil hisoblanadi. Chunki ushbu tizimlar ravnaq topgandagina jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy barqarorlik vujudga keladi. Ya'ni har qanday taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi ma'rifatli, bilimli, ziyoli insonlardir.
Bu haqda ulug‘ alloma Abu Homid G‘azzoliyning fikricha, insonlarning butun saodati uchun ikki narsa shart: birinchisi — ilm, ikkinchisi — amal. Mutafakkir ta'kidlashicha, insonning baxtli bo‘lishi uchun ilmning o‘zigina yetmaydi, balki kishi ilmi yordamida tana va ruhini tarbiya qilishga burchlidir. Alloma o‘z asarida Fath Musaliyning quyidagi mulohazalarini keltiradi: “Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?” deb so‘radilar. Atrofdagilar: “Ha, o‘ladi”, deyishdi. Aytdilar: “Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi”.
Ulug‘ alloma Mahdumi A'zam ta'limotida ham ilm va amal birligi targ‘ibi yetakchi o‘rin egallaydi. Ayniqsa, olim “Ulusi nafe'”, ya'ni el-ulusga foydasi tegadigan ilmni o‘rganish, kasb-hunar egallash va uni shogirdlarga o‘rgatish ilmli insonning burchi ekanini uqtiradi. Binobarin, ilm o‘rganish va unga amal qilish, kasb-korga ega bo‘lish va halol rizq topish, farzandlar tarbiyasiga mas'ullik va fuqarolik vazifasini his etib yashash o‘zini ma'rifatli hisoblagan har bir insonning muqaddas burchidir.
Afsuski, hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli joylarida ro‘y berayotgan iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasidagi chuqur o‘zgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki unga qarshi kuch ishlatilsa, zo‘ravonlik vositasida kurash olib borilsa, jaholat avvalgidan ham battarroq kuchayib ketishi aniq. Shu o‘rinda Imom Buxoriy hazratlarining “Ilmdan boshqa najot yo‘q, bo‘lmaydi ham”, degan ta'kidi ayni haqiqatdir.
Prezidentimiz keyingi yillarda tobora kuchayib borayotgan, dunyo ahlini tashvishga solayotgan terrorizm va ekstremizm tahdidlari mohiyatini jaholat va murosasizlik tashkil qilishini qayd etib, bunday o‘ta xavfli illatga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan emas, balki “Jaholatga qarshi — ma'rifat” bilan kurashishni, bunda buyuk ajdodlarimizning boy ma'naviy merosi o‘ziga xos najot qal'asi va himoya qo‘rg‘oni bo‘lishini ta'kidladi.
Darhaqiqat, bugun ularning ma'naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish uchun yurtimizda ko‘plab sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilishi ham bu yo‘ldagi eng samarali loyihalardan sanaladi. Shu bilan birga, Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, turli hududlarda hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmiy maktablari faoliyat yuritayotgani kelgusida yurtimizdan bobokalonlarimizga munosib avlodlar yetishib chiqishiga umid uyg‘otadi.
Albatta, mana shunday ulkan ne'matlarning bardavom bo‘lishi Yaratgan Parvardigorning ulug‘ inoyati va hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlikning mahsulidir. Ammo bu bilan biz xotirjamlikka berilmasligimiz, xalq orasida tinchlik, barqarorlikning ulug‘ ne'mat ekanligini takrorlashdan charchamasligimiz kerak.
“Tinch elning bog‘i gullar” degan naql xalqimizda asrlar osha yashab kelmoqda. Bugun ana shu purma'no hikmatning hayotiy ro‘yobiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Murojaatnomada bayon etilgan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari qayd etganidek, shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta'lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilinmoqda va bu yo‘lda aslo to‘xtab qolinmaydi.
Jaloliddin HAMROQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2023 yil 31 yanvar, № 20 (8363)
Kiritilgan vaqti: 31/01/2023 15:47; Ko‘rilganligi: 908
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ilmu-marifat-tinchlik-taraqqiyot-va-inson-kamoloti-asosi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:32
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:32