O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ilm uchun 14000 kmlik safar

 
 

Imom al-Buxoriy ilm talabida Islom yurtlarini deyarli hammasiga safar qilganlar. Yurtlarida ekanliklarida o‘n olti yoshga to‘ldilar. Shundan so‘ng hadis talabida uzoq muddatli rihlatga otlanib, uni dastlab onalari va akalari Ahmad hamrohligida Baytullohga haj qilishdan boshladilar.

Akalari Ahmad onalari bilan haj safaridan Buxoroga qaytadi. Imom Buxoriy esa Makkada qolib, hadis ilmini o‘rganishda davom etadi. Bu mashg‘ulot Imom al-Buxoriyning qolgan butun muborak umrlarini band etib, u kishi shu maqsad yo‘lida o‘sha vaqtda Islom olamida mavjud bo‘lgan ko‘pchilik ilmiy markazlarga bordilar. O‘sha yerlardagi shayx ulamolar og‘zidan hadislar yozib oldilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflarini to‘plash, ularni musulmonlar orasida yoyish yo‘lida behad mashaqqatlar chekkanlari tufayli vujudlari toliqib cho‘pdek ozg‘in bo‘lganlar. Qanchadan-qancha xavfi xatarlarni boshdan kechirgan.

Imom al-Buxoriy bu ishga birinchi bo‘lib kirishgan kishi emas edilar. Bu ish bilan sahobalar davrlaridan boshlab ko‘plab ulamo va boshqa aziz kishilar shug‘ullanganlar, bu ummat ulamolari uni keyingi davrlarda ham davom ettirdilar.

Ilm talabida rihlat qilmoqlik sahobai kiromlar davrida boshlangan bo‘lib, sahoba Jobir ibn Abdulloh (ibn Amr ibn Harom al-Hazrajiy al-Ansoriy as-Sulamiy) Shomda istiqomat qiluvchi Abdulloh ibn Aniysning huzurlariga rihlat qiladilar. U kishi o‘zlari Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitmagan bir dona hadisni eshitib qolmoq uchun bir oy davomida safar mashaqqatini tortadilar.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Maslama ibn Muxallad bilan uchrashib, u kishi rivoyat qilgan hadisni eshitish uchun Misrga safar qiladilar. Mazkur hadisni Maslamaning o‘z og‘zidan eshitgach, orqalariga qaytadilar.

Ilm talabidagi bunday rihlatlar tobe'iynlar davrida ham davom etib, benihoyat keng tus olgan. Chunki Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari o‘zlari bilan Islom ilmlarini olgan holda turli mamlakatlarga tarqalib ketishgan bo‘lib, kishi ul Zotning muborak hadislarini o‘zga yurtlarga rihlat qilmay va ul yerlardagi sahobalar bilan uchrashmay turib, mukammal bilolmasdi.

Sayyid ibn Musayyab (Ibn Huzn ibn Abu Vahb al-Maxzumiy al-Qurayshiy) shunday degan:

“Bir dona hadis uchun kecha-yu kunduzlab yo‘l yurmoqqa hozirman”.

Hasan Basriy Islom xususidagi bir masalani hal qilmoq uchun Basradan Kufaga safar qilganlar.

Abu Qiloba (Abdulloh ibn Zayd al-Basriy) biror hojatlari bo‘lmasada Madinada uch kun turib qoldilar. Chunki, odamlar bir kishining bu yerga kelib hadis aytib bermog‘ini intiqib kutayotgan edi. U kishi o‘sha odamning kelganiga qadar poyladilar, kelgach undan hadis xususida so‘radilar.

Ilm talabida qilingan bunday safarlar, hadislarning islom olamida keng tarqalishiga, hadis tarqalish yo‘llarining ko‘payishiga va hadis roviylarining har tomonlama chuqur o‘rganilishiga katta ta'sir o‘tkazdi. Chunki muhaddis turli joylarga borib, ul yerlardagi ulamolarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va ular bilan ilmiy suhbatda bo‘lib, o‘zi bilmagan ko‘plab hadislarni yozib oladi. Ular bilan ilmi islomga doir masalalar xususida savol-javoblar qiladi. Qur'on va hadislar hofizi ibn Hajar Asqalaniy bunday deydilar:

“Muhaddisdan rihlat qilmog‘idan oldin avval talab qilinadigan shart shuki, u dastlab o‘z yurtidagi hadislarni to‘plamog‘i, ularni chuqur o‘qib, o‘rganib yodlab olmog‘i darkor. Shundan keyingina u o‘zga mamlakatlarga rihlat qilib, uning davomida o‘zida mavjud bo‘lmagan hadislarni to‘plab o‘rganadi”.

Ikki Haram – Makka va Madinaga yo‘l olganlari.

Tarixchi Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoimoz az-Zahabiy (milodiy 673-748) va boshqa ulamolarning yozishlaricha, Imom al-Buxoriy hijriy 205- yildan hadis tugaraklariga qatnay boshlaganlar va o‘z yurtlaridagi yirik shayxlarning ko‘pchiligidan din ilmi, xususan ilmi hadisni o‘rganib va ular bilgan jamiki hadislarni yod olib bo‘lgach 210- yili safar qilganlar.

U kishi onalari va akalari hamrohligida hajj safarini yakunlagach, Makkada qolishga qaror qildilar. O‘sha davrda Makka Hijozning eng muhim ilmiy markazlaridan biri edi. Imom al-Buxoriy u yerda azaliy maqsadlariga yetib, ilmi ma'rifatga bo‘lgan chanqoqlarini qondiradigan tinmas buloqni topadilar. Makkada turganlarida vaqti-vaqti bilan Madinaga ham borib-kelib turadilar.

Imom al-Buxoriy ikki sharif Haram (Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara) da o‘zlarining ayrim risolalarini bitib, bu bilan “Al-Jomi' as-Sahih” va uning mavzulariga asos soldilar. Imom Buxoriy bu haqda:

“O‘n sakkizga yetganimda “Sahoba va Tobe'iynlar masalasi” kitobini tasnif etdim, so‘ng Madinada oydin kechalari Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak qabrlari yonida o‘ltirib “Katta Tarix” nomli  kitobimni yozdim. O‘tmishdagi shaxslarning deyarli barchasi haqida menda ma'lumot bo‘lsa-da, kitobimning cho‘zilib ketmog‘ini istamadim”, [1] – deydilar.

Imom al-Buxoriy yana bunday degan:

“Men (ustozim) Al-Humaydiyning huzurlariga kirdim. Shunda men o‘n sakkiz yoshlarda bo‘lib, ul kishi bilan bir odam qandaydir hadis xususida tortishib turishgan ekan. Ustozim mening kirib kelganimni ko‘rib: “Ana ikkimizning tortishuvimizni hal qila oladigan kishi keldi!”– deya menga o‘rtalaridagi muammoni bayon qildilar. Men masalani Al-Humaydiyning foydalariga hal qilib berdim, chunki haqiqat ul kishi tomonida edi”.

Hofiz ibn Hajar bunday deydilar:

“Imom al-Buxoriyning Makkaga dastlabki safarlari hijriy 210-yili bo‘lgan edi. Ul kishi agar ilmi hadisni endigina o‘rganishga kirishgan chog‘larida rihlat qilganlarida ham, bu borada yuqori darajaga erishgan (bu yerdagi) tengdoshlariga albatta yetib olgan bo‘lar edilar”!

Imom al-Buxoriy hadis talabida rihlat darvozasini qattiq qoqdilar va (darvoza ochilgach) Islom mamlakatlarining deyarli barchasiga rihlat qildilar. Imom al-Buxoriy bu haqda o‘zlari:

“Men Shom, Misr va Jazira (Dajla va Furot oralig‘idagi yerlar)ga ikki marta, Basraga to‘rt marta bordim, Hijozda olti yil yashadim. Ammo muhaddislar bilan birgalikda Kufada va Bog‘dodga necha marta borganimning hisobiga yetolmayman” [2], – deydilar.

Al-Xatib al-Bog‘dodiy bunday deydilar:

“Imom al-Buxoriy turli mamlakatlardagi muhaddislar huzuriga rihlat qildilar; Xuroson va Jibal (Xuziston)da, Iroq shaharlarining barchasida, Hijoz, Shom va Misrda hadislar yozib oldilar, Bog‘dodga esa ko‘p marta kelib ketdilar” [3].

Hofiz ibn Hajar:

“Makkada bo‘lganlaridan so‘ng, rihlat qilishga qurblari yetgan barcha mamlakatlardagi shaxslar huzuriga bordilar”, – deydilar.

Imom Zahabiy, u kishi qadam ranjida qilgan yerlar xususida gapirib, ular qatorida Balx, Nishopur, Ray, Bog‘dod, Basra, Kufa, Madina, Vasit, Damashq, Asqalon, Hims va boshqa shaharlarni zikr qiladilar.

Hakim Abu Abdulloh, Imom al-Buxoriy rihlat qilgan mazkur shaharlarni zikr qila turib:

“Imom al-Buxoriy mazkur shaharlarga ilm talabida rihlat qilib, hamisha o‘sha yerlardagi shayxlar huzurida yashadilar”, – dedilar.

Imom Ahmad bilan uchrashib hamsuhbat bo‘lganlari.

Imom al-Buxoriy umri davomida ilm uchun 14000 km yo‘l bosib safar qilgan.

Imom al-Buxoriy hayotlik vaqtlarida Bog‘dod Arab xalifaligi shahri hamda ilm va ulamolar markazi edi. Shu boisdan Imom al-Buxoriy u yerga qayta-qayta, jami sakkiz marta borib kelgan. Har safar borganlarida Imom Ahmad bilan uchrashib suhbat qurar edilar. Shunda Imom Ahmad u kishini Bog‘dodda qolib yashashga undab, Xurosonda uzoq vaqt turib qolganlariga e'tiroz bildiradilar. Bu fikrga Imom Hofiz ibn Hajarning “Fath-ul-boriy li sharhi sahih al-Buxoriy” nomli asarlaridagi ma'lumotlar zid bo‘lib, ul kishi bunday deydilar:

“Imom al-Buxoriy “Al-Jome' as-Sahih”ning “Kitob an-Nikoh” qismidagi “Maa yahullu minan-nisa'” nomli bobda Imom Ahmaddan bevosita bir dona hadis va “Kitob al-Mag‘oziy” qismining oxirida bevosita bir dona hadis keltirganlar, xolos. Shunga ko‘ra, go‘yoki Imom al-Buxoriy, Imom Ahmaddan (ataylab) kam hadis keltirgandek ko‘rinadilar. Biroq unday emas. Imom al-Buxoriyning Imom Ahmaddan kam hadis keltirganlarining boisi shuki, ul kishi avvalgi rihlatlarida ko‘proq Imom Ahmadning ustozlari bilan uchrashib, ana o‘shalardan hadis yozib olish bilan kifoyalanganlar. Keyingi rihlatlari chog‘ida esa Imom Ahmad (muayyan sabablarga ko‘ra) ahyon-ahyondagina hadis aytadigan bo‘lib qolganlar. Shunig uchun Imom al-Buxoriy, Imom Ahmadni qo‘yib ko‘proq (ustozlari) Ali ibn Abdulloh al-Madiniydan hadis keltirganlar”.

Ikrom RO‘ZIQULOV

[1] «Siyaru a'lamin nubala»: Shamsuddin Zahabiy. 12-jild, 401-bet.

[2] Ibn Hajar Asqaloniy «At-Taqrib» asarida Humaydiyning tarjimai hollarida naql qilganlar.

[3] “Bog‘dod tarixi”da keltirganlar.


Kiritilgan vaqti: 14/05/2024 16:30;   Ko‘rilganligi: 279
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ilm-uchun-14000-kmlik-safar
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing