O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ilm mashaqqatli jarayonlarni yengib o‘tishni osonlashtiradi

 
 

Bugungi shiddatli axborot asrida yosh avlod tarbiyasiga jiddiy qarash zaruriy ehtiyojga aylandi. Shunday ekan, yurtimizda ham muhim islohotlar olib borilayotgan bir paytda, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilganidek, davr talablariga mos, har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, zamonaviy texnologiyalarni mukammal o‘zlashtirgan, shijoatli va iqtidorli yoshlarni tarbiyalash eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Bunda yoshlarni ilmga qiziqtirish, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish, ustozlar bilan ishlashini tashkil qilish, turli sohalarga oid bilimlarini, ayniqsa, kasb-hunar egallashga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirib borish o‘qituvchi-murabbiylar oldidagi muhim vazifadir.

Ilm – bilmoq, o‘qimoq, tanimoq kabi ma'nolarni bildiradi. Istilohda esa ilm deganda bir narsani voqelikda qanday bo‘lsa, shunday idrok qilish tushuniladi. Luqmoni Hakim «Ilm o‘rgan, zero, faqir chog‘ingda u mol, boy vaqtingda jamol – ziynat», deydi. O‘g‘liga shunday nasihat qiladi: «Ey o‘g‘lim, sen olimlar bilan o‘tir. Ularning orasiga kir. Chunki Alloh taolo yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi, qalblarni hikmat nuri bilan tiriltiradi».

Bugungi ta'lim jarayonida yoshlarning ilm o‘rganish yo‘lida nimalarga ahamiyat qaratishlari lozimligi muhim masala bo‘lib qolmoqda. Hozirgi holatda yoshlarning maktab, litsey yoki oliygohda o‘qishlaridan qat'iy nazar ilm yo‘lidagi barcha sa'yi-harakatlari ko‘proq ergashuvchan xarakterga ega bo‘lib, asosan o‘zidan kattalarga taqlid qilishga asoslanadi.

Bu jarayonda ta'lim oluvchi yoshlar ongiga singdirishimiz lozim bo‘lgan hamda ularning o‘zlari ham birinchi o‘rinda bilishi va muntazam bajarishi lozim bo‘lgan vazifa – bu odob. Ma'lumki, ta'lim va tarbiya jarayoni bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan jarayon. Tarbiyali, odobli talaba ustozlarini hurmat qiladi va bu narsa uning ilm olish jarayonini yengillashtiradi. Bunga e'tibor qilmaslik, ilmga va ustozga nisbatan odobsizlik qilish olinadigan bilimlarning natija bermasligiga sabab bo‘ladi. Aytishlaricha, qadimda bir shayxdan dars olish darajasiga yetish uchun muridlar uch yil odob darsini o‘rgangan va bunga amal qilganlar.

Hozirgi globallashuv sharoitida ommaviy madaniyat va boshqa ta'sirlar natijasida ustozlarga ehtirom kamayib boryapti va bu o‘z navbatida ta'lim jarayoni sifatiga ta'sir qilmoqda. Hatto bugungi G‘arb pedagogikasida ham ta'lim jarayonida talabaning mustaqil ta'lim olishiga katta e'tibor qaratilgan holda, ta'lim beruvchi ustozlarning rolini pasaytirish tendetsiyasi ustunlik qilmoqda. Talaba ongiga “Barchasiga o‘zing erishishing lozim. Ma'lumot olishingda hech qanday qiyinchilik yo‘q - kitoblar va internet tarmog‘idan xohlagan ma'lumotingni topa olasan” kabi g‘oyalar singdirilmoqda. Bu holat ustoz-shogird an'analarining uzilishiga, ta'lim oluvchilarning muammolarga duch kelishiga, ma'lum bir jarayonni qiyinchilik bilan bosib o‘tilishiga sabab bo‘lyapti.

Shu ma'noda ilm harakatida bo‘lgan yoshlarga quyidagi tavsiyalarni bildirishni lozim deb topdik:

Avvalo, o‘quvchi yoki talabada ilm olishga istakning bo‘lishi, oilasiga, jamiyatga, xalqqa foydasi tegadigan inson bo‘lishni orzu qilishi, ilmdan maqsadi boylik to‘plashdan iborat bo‘lmasligi lozim. Ular qalbini yomon xulqlardan va yomon sifatlardan tozalab, jirkanch xulqlar va razil sifatlardan uzoqda bo‘lishi kerak. Ko‘ngilochar mashg‘ulotlarni tark etib, internetdan foydalanishda me'yorni bilish yoshlarga faqat naf keltiradi. Chunki inson o‘zini to‘liq ilmga bag‘ishlamaguncha, ilm unga o‘z sirlarini ochmaydi.

Ko‘pincha ilm ostonasiga kirib kelgan talaba turli masalalarda olimlar va odamlarning ixtiloflariga guvoh bo‘ladi. Ular bunga ahamiyat bermasligi kerak. Chunki bu ixtiloflar talabaning aqlini oladi, umidsizlikka tushiradi, zehnini pasaytiradi.

Shuningdek, ilm o‘rganaman degan yoshlar o‘z sohasi bo‘yicha juda katta hajmdagi ma'lumotlarni o‘zlashtirishdan erinmasligi kerak. Tushunish qiyin bo‘lgan har bir narsa kishida yangi bilim va tushunchalarni shakllantiradi.

Ilm olish igna bilan quduq qazishga qiyos qilinadi. Albatta, bu mashaqqatli jarayon. Muntazam ravishda va tartibli ilm olish talabada ma'lum ko‘nikmalarni hosil qiladi, mashaqqatli jarayonlarni yengib o‘tishini osonlashtiradi.

Alisher ERNAZAROV,

SamISI axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

Jahongirxon ABROROV,

SamISI talabasi, O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi.


Kiritilgan vaqti: 09/10/2023 16:04;   Ko‘rilganligi: 138
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ilm-mashaqqatli-jarayonlarni-engib-otishni-osonlashtiradi
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 15:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing