O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ikkinchi dars. Allohdan qo‘rqish

 
 

Ey o‘g‘lim! Rabbing qalbingda sir saqlayotgan va tiling bilan oshkora so‘zlayotgan narsalarni bilur. U barcha amallaringdan xabardor Zot. Shunday ekan, Allohdan qo‘rq! U rozi bo‘lmaydigan holatda seni ko‘rib qolishidan ehtiyot bo‘l!

Rabbing senga g‘azab qilishidan ogoh bo‘l! Zero, U seni yaratdi, rizqlantirdi va senga barcha ishingda ishlatadigan aqlni berdi. Tasavvur qil, otang bir ishdan qaytargan bo‘lsa-yu, sen uni qilsang va u bundan xabardor bo‘lsa, holating qanday bo‘ladi? Qattiq jazolanishdan qo‘rqmaysanmi? Albatta, Alloh taolo bilan ham holating mana shunday bo‘lsin. Chunki U seni har tarafdan ko‘ra oladi. Shunday ekan, senga buyurgan har bir ishda beparvolik qilma, qaytargan narsasiga qo‘lingni cho‘zma!

Ey o‘g‘lim! Rabbingning (azobga) tutishi o‘ta qattiq. Uning g‘azabidan qo‘rq. Uning halimligi seni g‘ururga ketkazmasin. Hadisda: “Alloh taolo zolimga muhlat beradi. Uni ushlaganda esa, Undan qutula olmaydi”[1], deyilgan.

Ey o‘g‘lim! Allohga itoat qilish avvalida og‘irlikni sezasan. Sen mana shu og‘irlikni ko‘tar va unga sabr qil, bora-bora itoat qilishing sen uchun odatiy holga aylanadi. Allohga itoat qilishda lazzat va rohat  his etasan.

 Ey o‘g‘lim! Maktabdalik chog‘ingni eslab ko‘r. O‘qish va yozishni o‘rganarding, Qur'oni karimni yoddan aytib berishga buyurilarding. O‘sha paytda maktab va muallimni yoqtirmasding. Darslardan butunlay ozod bo‘lishni istarding. Mana, bugun maktabdagi darslarga sabr qilish foydasini tushunadigan yoshga yetding. Mualliming manfaating uchun sa'y-harakat qilganini ham bilding. Maktabdagi darslarga sabr qilganingdek, Allohga itoat qilishda ham bardoshli bo‘l. Tez orada bu nasihatning foydasini bilib olib, amal qilishing uchun ilohiy kuch senga yordam berganda ustozingning nasihati qimmatli ekaniga amin bo‘lasan.  

Ey o‘g‘lim! Allohdan qo‘rqish faqat namoz, ro‘za va shu kabi ibodatlarni bajarish deb o‘ylamagin. Allohdan qo‘rqish har bir ishda bo‘lishi lozim. Jumladan, do‘stlaring borasida ham Undan qo‘rq, birortasiga aziyat berma. Yashab turgan vataning borasida ham Allohdan qo‘rq. Unga xoinlik qilma, dushmanga topshirib qo‘yma. O‘zing borangda ham Allohdan qo‘rq. Sog‘lig‘ingga beparvo bo‘lma. Yomon xulqlarni orttirma. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qayerda bo‘lsang ham Allohdan qo‘rq. Yomonlik ketidan yaxshilikni ergashtir, uni o‘chirsin. Odamlarga go‘zal xulq bilan muomala qil!”[2], dedilar.

 

Husayn domla Mirzoahmadov

Xo‘ja Abdu Darun jome masjidi imom noibi

[1]Imom Buxori, Muslim, Termiziy rivoyati

[2]Imom Ahmad va Termiziy rivoyati


Kiritilgan vaqti: 25/09/2023 10:23;   Ko‘rilganligi: 931
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ikkinchi-dars-allohdan-qorqish
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 16:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing