O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ichkilikbozlik – jamiyat illati

 
 

Jamiyatimizda uchrayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning turlari ko‘p bo‘lgani kabi, uning kelib chiqish sabablari ham turlichadir. Shulardan biri  spirtli ichimlik iste'mol qilishdir. Sir emas, bugunga kelib jamiyatimizda ommaviy ichkilikbozlik avjiga chiqib ketdi. To‘y hashamlar, yaxshi kunlar deyarli usiz o‘tmayapti. Bir paytlar hukumatimiz tomonidan bu haqda qabul qilingan qarorlar joylarda o‘z ijrosini topmasdan qog‘ozlarda qolib ketdi.   Din peshvolari aroqning xarom ekanligini, tibbiyot xodimlari inson salomatligiga zararli ekanligini,  ichki ishlar xodimlari jinoyatlarning sababchisi ekanligini, iqtisodchilarimiz oila iqtisodiga zararli ekanligini tushuntirishlariga qaramasdan ichkilikbozlik aslo kamaymayapti. Xususan, yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, nasihat qiladigan, ko‘plab mo‘ysafidlarning o‘zlari bu borada nasihatga muhtojligini nima bilan izohlash mumkin?   Natijada undan kasallanib qancha odam vafot etmoqda. Notinch oilalar, ajrimlar, tirik yetimlar, avtohalokat qurbonlari soni ortib bormoqda. Hatto, otasini o‘ldirgan farzandga ham guvoh bo‘ldik.

Ayol kishining alkogol mahsulotlarini iste'mol qilishini esa, hech aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Ertaga uning qizi, nevaralari kim bo‘lib voyaga yetadi? Kelajakda u qiz qaysi mahalla oqsoqolining, yoki o‘qituvchining, yoki imomning nasihatini oladi? Mana sizga kelajakdagi jinoyatlarning “poydevori”. Shuning uchun Payg‘ambarimiz Muhammad a.s. o‘z hadislarida aroqni “Ummul xabois”, ya'ni “Iflosliklarning onasi” – deb ta'rif berganlar.

O‘zini musulmonman degan insonlarga Alloh taolo Qur'on Karimda xitob qilib aytadiki,  “Ey, imon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz. Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va nomozdan to‘sishni xohlaydi. Endi to‘xtarsizlar?!” (Moida surasi 90, 91- oyatlar). Bu borada Payg‘ambarimizdan quyidagi hadis rivoyat qilingan: “Mast qiluvchi hamma narsa xamrdir. Mast qiluvchi narsaning hammasi xaromdir. Kim dunyoda aroq ichib, tavba qilmasdan, aroqni ichishda davomiylik bilan o‘lsa, oxiratda u (jannatdagi sharobdan) ichmaydi (ya'ni jannatga kirmaydi)”. Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz Muhammad a.s. aytadilar: “Ko‘pi mast qiluvchi narsaning ozi ham xaromdir”.  Asmo binti Yaziddan (r.a.) rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz Muhammad a.s. aytadilar: “Kim aroq ichsa, qorniga joylasa (ya'ni, mast qilmasa ham), yettita nomozi qabul bo‘lmaydi. Bas, agar aqlini ketkazgan bo‘lsa, qirq kunlik nomozi qabul qilinmaydi va o‘lsa, kofir bo‘lib o‘ladi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qiladi. Yana ichishga qaytsa, Alloh uni do‘zax ahlining yiringlari bilan sug‘ormoqqa haqlidir”. Oisha (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz Muhammad a.s. aytadilar: “… Meni haq Payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasamki, aroq ichgan kishi Tavrotda, Injilda, Zaburda, Furqon (Qur'on)da la'natlangandir. Kim aroq ichsa, Allohning Payg‘ambarlariga tushurgan kitoblarini inkor qilibdi. Kim halol sanasa (ya'ni halol deb hisoblasa), kofir bo‘libdi, kim xamrni halol sanasa, dunyo va oxiratda men undan bezorman”. Islom dinida jinoyatchilikni oldini olish ancha oldindan boshlanadi. Jumladan, Abdulloh Ibn Mas'ud r.a. aytadilarki: “Aroq (to‘g‘risi)da o‘n kishi la'natlanadi: uni siqib oluvchi va siqdiruvchi, uni ichuvchi, quyuvchi, ko‘taruvchi, uning uchun ko‘tariluvchi, savdogar, savdolashgan, uni sotuvchi, oluvchi va uni ekkan kishi”. Yana Abdulloh ibn Mas'ud aytadilar: “Aroq ichuvchi o‘lsa, uni ko‘mib kelinglar va meni ushlab qamanglar, keyin uning qabrini kovlanglar, agar (uning boshi) qibladan boshqa tomonga burilmagan bo‘lsa, meni o‘ldiringlar”. 

Payg‘ambarimiz Muhammad a.s. o‘z hadislarida “Din- nasihatdir” – deganlar. Ushbu nasihatni qabul qilgan odamdan  albatta, Payg‘ambarimizning ruhlari shod bo‘ladi. Natijada, Alloh taolo uning umriga, kasbiga,  davlatiga albatta baraka beradi. Haromdan qaytgan odamni Alloh taolo yaxshi ko‘radi.  Alloh toalo barchalarimizni o‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin,Omin!

Xolmuhammad SALIMOV,  Urgut tumani “Mang‘itobod” jome masjidi imom xatibi.


Kiritilgan vaqti: 15/08/2020 10:13;   Ko‘rilganligi: 1421
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ichkilikbozlik-jamiyat-illati
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 12:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing