Ibratli dunyo
Alloh taolo inson zotini aziz va mukarram qilib yaratganini o‘zining kalomida ta'kidlaydi. Jumladan:”Biz insonni aziz va mukarram qilib yaratdik”, deb marhamat qilgan. Mana shu azizlikka musharraf bo‘lishlik uchun inson yaratuvchisining ya'ni, Alloh taoloning itoatida va ibodatida qoim bo‘lishi lozim. Shundagina inson oliy maqomga, azizlikka yetishadi. Yer yuzi inson uchun qarorgoh qilib berilgan. Mana shu qarorgohni obod qilish, unda istiqomat qilish insonga taqdir qilingan. Insoniyat dunyo yuzini ko‘rgandan beri boshidan turli holatlarni o‘tkazdi. Ko‘rgan kechirganlari tarixga aylandi. Oqil inson o‘tmishdagi holatlardan o‘ziga kerakli xulosalarni chiqarmog‘i lozim.
Inson adashuvchidir. Adashgan insonlarga Alloh taolo raxmat ularoq payg‘ambarlar yuborish bilan ularning o‘rtasini isloh qildi. Barcha Payg‘ambarlar Allohning omonatini o‘z qavmiga yetkazdi va qavmini najotga erishtirish uchun o‘z zimmasidagi omonatni ado qilish payida bo‘lishdi. Oxir zamon payg‘ambari, payg‘ambarlar sayyidi, habibimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallam butun insoniyatga payg‘ambar qilib yuborildi. Rasuli akrom sallollohu alayhi vasallam o‘zlarining hadislarida: “Men go‘zal xulqlarni mukammal qilish uchun yuborildim” deb marhamat qilganlar. Demak, yaxshilikka erishmoqchi bo‘lgan kishilar payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamning hayotlaridan, hadislaridan ibratlanmog‘i va tarbiya olmog‘i lozim.
Hayotda insonga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar mavjud. Bunga illatlar ham deyiladi. Mana shu illatlardan tiyilish, ulardan xabardor bo‘lish har bir insonga lozim bo‘lgan holatdir. Kamchiliklardan holi bo‘lish uchun avvalo inson ilmli bo‘lishligi kerak. Zero, Alloh taolo dastlabki oyatini ilmga targ‘ib qilib, “O‘QI” degan amrni berdi. Boshqa bir oyatda “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?” degan mazmundagi oyatni nozil qildi. Imom Buxoriy hazratlari ham “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmaydi ham” deb bejizga aytmaganlar. Ilmli bo‘lish insonni kamolatga yetkazsa, ilmsizlik uni jaholatga yetaklaydi.
Alloh taolo Qur'oni karimni o‘qish uchun, ibratlanish uchun, ilmli bo‘lish uchun o‘z bandalariga nozil qilgan. Yillar o‘tgan sayin Qur'oniy mo‘jizalar kashf qilinmoqda va undagi haqiqatlar yuzaga chiqmoqda. O‘tgan buyuk ajdodlarimiz ilm orqali yuksak darajalarga ega bo‘lganligi tarixdan ma'lum.
Hozirgi kunimizga kelib insonlarda bilim darajasi kamligidan turli noxush holatlar kuzatilmoqda. Buyuk ajdodlarning farzandlari o‘z bobolariga munosib avlod bo‘la olishmayotir. O‘zoqqa bormaylik, kimlarnidir aldov va tuzog‘iga ilinib o‘zga yurtlarda qo‘liga qurol olib, “Jihod” qilaman deb yurgan yurtdoshlarimiz ilmsizligi sababli xoru-sarson bo‘lishmoqda. Eng achinarlisi bema'ni maqsadlarni deb o‘zga yurtlarda qurbon bo‘lishmoqda. Sababi, yaxshi bilan yomonni ajrata olmasligi. E'tiqod tushinchasidan bexabarligi.
Jamiyatimizdagi illatlar esa, yurtimiz taraqiyotiga, rivojlanishiga halal bermoqda. Buning sababi esa halol bilan haromni farqiga bormaslik. Misol uchun birgini Poraxo‘rlik illatini olaylik. Bir kishi pora bilan o‘qishga kirsa, pora bilan o‘qisa, pora bilan o‘qishni bitirsa va pora bilan ishga kirsa u poradan boshqa ish qilmaydi. Buning jamiyatga tegadigan zarari juda katta bo‘ladi.
Imom Ahmad ibn Hanbal raxmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda; “Alloh pora beruvchini, pora oluvchini va ularni o‘rtasida turuvchini ham la'natlasin” deyilgan.
Boshqa bir illat bu-Yolg‘onchilik. Bu illat ham jamiyatga ko‘p zarar beradigan illatlardan. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam “Yolg‘onchi mening ummatim emas” deb marhamat qilganlar. Bu illatda juda ham yiroq bo‘lishimiz va saqlanishimiz kerak. Ayniqsa farzandlarimizni rostgo‘ylikka o‘rgatishimiz lozim. O‘zimiz musulmon bo‘la turib ba'zida boshqa millatning rostgo‘yligiga qoyil qolamiz. Aslida bu fazilatga o‘zimiz haqlimiz.
Ilatlardan yana biri bu-G‘iybat va bo‘hton. Hadislarda g‘iybat qilish odam go‘shtini yeyish bilan barobar ekanligi aytilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda; Rasululloh sallollohu alayhi vasallam : “G‘iybat nima ekanligini bilasizlarmi?” deb so‘radilar. Sahobalar, “Alloh va Uning Rasuli bilguvchiroq”, deb javob berdilar. Rusululloh sallollohu alayhi vasallam:”G‘iybat bir birodaringni orqasidan o‘zi eshitsa, yomon ko‘radigan sifat bilan gapirishingdir”, dedilar. Shunda ulardan biri: “Agar birodarimda men aytgan sifat bor bo‘lsa ham g‘iybat bo‘ladimi?” deb so‘radi. Rusululloh sallollohu alayxi vasallam: “Unda bor aybni aytgan bo‘lsang, g‘iybat qilgan bo‘lasan. Agar sen aytgan sifat bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan”, deb javob berdilar.
Hozirga kunimizda eng ko‘p tarqalgan g‘iybatlardan biri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bo‘lmag‘ir gap so‘zlar. Eng achinarlisi yana ba'zi yurtdoshlar o‘zimizning allomalarimiz, imomlarimiz, obro‘li kishilarimizning orqasidan g‘iybat bo‘hton tarqatishmoqda. Bu kabi ishlardan saqlanishimiz lozim. Chunki zarari o‘zimizga yetadi.
Xulosa qilib aytganda, bu kabi illatlar ko‘p. Ularni yaxshi bilishimiz, bir birimizni ogohlantirishimiz va yaxshilikka dalolat qilishimiz lozim. Eng asosiysi ilmli bo‘lishimiz kerak, kitob o‘qish kerak va zukko bo‘lishimiz lozim. Farzandlarimiz tarbiyasiga yana va yana e'tiborli bo‘lmoqligimiz zamonning eng katta talablaridan biridir. Abdulloh Avloniy ta'kidlaganlaridek: “Tarbiya bu biz uchun yo hayot yo momot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokatdir” deb bejiz aytmaganlar.
A.Yaqubov - Ishtixon tuman bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 04/02/2021 10:26; Ko‘rilganligi: 1428
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 00:33