O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh bemazhab bo‘lmaganlar!

 
 

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ibn Hajar al-Asqaloniy (773-852 h./1372-1449 m.) rahimahulloh taniqli muhaddis olim, shofe'iy mazhabi faqihi, aqidada ash'ariy bo‘lgan ulamo, o‘z davridayoq shuhrat qozongan allomalardan biridir. Misrda bir necha marta qozilikka ta'yinlangan, so‘ngra ijodiy ishlar sababli iste'foga chiqqanlar. Yuzdan ortiq asarlar muallifi. Uning “Sahihi Buxoriy”ga bitgan “Fath al-Boriy” asari juda mashhur.

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh e'tiqodda ash'ariy va fiqhda shofe'iy hisoblanadi. Buning o‘ziyoq bugungi kundagi soxta salafiylar va bemazhablarga raddiyadir. Calafiylar ash'ariy va moturidiylarni tinmay yomonlar ekanlar, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahullohning shofe'iyligi-yu ash'ariyligini ommadan yashirib keladilar. Biz bu yerda salafiylarning o‘zlari nashr qilgan allomaning “Fath al-Boriy” asari asosida Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahullohning bugungi salafiy va bemazhablarning aqidalari u zotning aqidalariga mutlaqo teskari ekanini qisqacha ko‘rib chiqamiz. Zotan, “Fath al-Boriy” Imom Buxoriy rahimahullohning “Sahihi Buxoriy” asarlarining eng mo‘tabar sharhi bo‘lib, u bizga Imom Buxoriy rahimahullohning aqidasini to‘la yoritib, izohlab beradi.

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh ash'ariy olimi sifatida imonning aslini tasdiqdan iborat deb biladilar. Amalni esa uni komil qiluvchi deydilar:

و الجواب أنّ المراد بالإيمان هنا التصديق هذه حقيقته و الإيمان كما تقدّم يطلق على الأعمال البدنية لأنه من مكملاته

“Javob shuki, imondan murod bu yerda tasdiq qilmoqdir. Bu imonning haqiqatidir. Imon badaniy amallar bilan aytilishining sababi ular imonni kamolga yetkazuvchilardir!” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 147).

Bu yerda Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahullohning amallarni imonni kamolga yetkazuvchi, deb ta'riflashlarining sababi barcha ash'ariylar va moturidiylar singari amal qilmagan yoki amalda nuqsonga yo‘l qo‘ygan, aniqrog‘i, katta gunohlarni qiluvchi mo‘minni aslo kofir deb atab bo‘lmasligi jihatidandir. Imonning tasdiqdan iborat ekanini Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh boshqa o‘rinda: و أما الإيمان بمعنى التصديق – “Imonga kelsak, u tasdiq ma'nosidadir!” deb aytib o‘tganlar (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 243).

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh imonning ilmiy ta'rifini keltirar ekanlar, Imom al-Buxoriy rahimahullohning: “Imon so‘z va amaldir!”, degan gaplarini izohlab, salafi solihinlarning bu fikrni aytishlarining asl sababini keltirib o‘tadilar:

فالسلف قالوا هو إعتقاد بالقلب و نطق باللسان و عمل بالأركان و أرادوا بذلك أن الأعمال شرط فى كماله … و الفارق بينهم و بين السلف أنهم جعلوا الأعمال شرطا فى صحته و السلف جعلوها شرطا فى كماله

“Salafi solihinlar imonni qalb bilan e'tiqod qilmoq, til bilan nutq qilmoq va a'zolar bilan amal qilmoq deganlar. Bu gaplari bilan amalni imonning kamoliga shartligini iroda qilganlar. Salafi solihinlar bilan ahli sunnat va jamoatdan ayrilgan toifalar orasidagi farq ular amallarni imonning sahihligiga shart deydilar, salafi solihinlar esa kamoliga shart deganlar” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 94).

Bu yerda tilga olingan toifalarning “amallarni imonning sahihligiga shart” deyishlari takfirning asosini tashkil qiladi. Ya'ni, ular amalda nuqsonga yo‘l qo‘ygan, beamal odamlarni kofir deyaveradilar. Masalan, biror sabab bilan namoz o‘qimayotgan, hijob o‘ramayotgan yoki aroq ichib yurgan yoki zolimlarga indamayotgan odamni kofir deyishdan qaytmaydilar. Bu esa ahli sunnat va jamoat ta'limotiga ziddir.

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh mutashobeh sifatlarni ommaga aytish to‘g‘ri emasligini qayd qilganlar. Bugungi soxta salafiylar esa aynan Alloh taoloning sifatlari – mutashobehlar mavzusini bot-bot ko‘tarib chiqib ommaning boshini qotirmoqdalar. Jumladan, u zot Hazrati Ali karramallohu vajhahuning: “Odamlarga o‘zlari biladigan (aqllari yetadigan) narsalarni gapiringlar! Alloh va uning rasulini yolg‘onga chiqarishlarini istaysizlarmi?!” degan gaplari sharhida bunday deganlar:

فيه دليل على أنّ المتشابه لا ينبغى أن يذكر عند العامّة … و ضابط ذلك أن يكون الحديث يقوى البدعة و ظاهره فى الأصل غير مراد فالإمساك عنه عند من يخشى عليه الأخذ بظاهره مطلوب

“Bu yerda dalil borki, mutashobehlar omma oldida zikr qilinmasligi kerak. Buning sababi, hadis bid'atni kuchaytirib qo‘yishi mumkin. Chunki, aslida uning zohiri iroda qilingan emas. Zohirini olishdan qo‘rqqan kishi uni gapirmasligi matlubdir!” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 391).

Allohning sifatlari – mutashobeh sifatlar haqida gapirar ekan, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh aynan ularni tushunishda ikki mazhab borligini qariyb barcha o‘rinlarda eslatib ketganlar. Jumladan, u zot bu borada: إما تفويض و إما تأويل – “Yoki tafviz yoki ta'vil uslubi” borligini eslatib o‘tganlar.

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh barcha ash'ariylar va moturidiylar singari mutashobeh sifatlarni ta'vil qilish yo‘lidan borganlar. Hatto eski zohiriy ulamolaridan Ibn Hazm rahimahullohning “nuzul” sifatini ta'vil qilganligini aytib o‘tganlar. Abu Ismoil al-Javhariy rahimahulloh singari mutashobehlarni ta'vil qilishni inkor etganlarga va ta'vil qiluvchilarga ta'na qilganlarga raddiyalar keltirgan. Abu Ismoil al-Javhariy ham bugungi kundagi soxta salafiylar kabi ta'vilni inkor qilib, “nuzul” sifati ta'vilni qabul qilmaydi, deb gumon qilgan va o‘zining bu gapiga ayrim rivoyatlarni keltirgan edi. Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh esa uning keltirgan barcha rivoyatlarning zaifligini birma-bir zikr qilib bo‘lib, bunday deganlar:

فهذه الطرق كلها ضعيفة و على تقدير ثبوتها لا يقبل قوله «إنها لا تقبل التأويل» فإنّ محصلها ذكر الصعود بعد النزول فكما قبل النزول التأويل لا يمنع قبول الصعود التأويل و التسليم أسلم

“Bu rivoyatlarning barchasi zaifdir. Ularni bor deb hisoblangan taqdirda ham, “Ular ta'vilni qabul qilmaydi”, degan gapini qabul qilib bo‘lmaydi. Chunki, ularning xulosasi, tushishdan oldin ko‘tarilishni zikr qilmoqdir. Zotan, “nuzul”ning ta'vilni qabul qilishi “su'ud”ning ta'vilni qabul qilmog‘ini man qila olmaydi. Demak, taslim bo‘lish salomatliroqdir!” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 17-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 508-509).

Mutashobeh sifatlar borasida Imom al-Kirmoniy rahimahullohning gapini keltirib, bunday deganlar:

حكم هذا حكم سائر المتشابهات إما التفويض و إما التأويل

“Buning hukmi boshqa mutashobehlarning hukmi kabidir. Yoki tafviz va yoki ta'vildir” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 17-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 387).

Boshqa o‘rinda esa uning bunday deganlarini keltirganlar:

هذا الحديث من المتشابهات فإما مفوض و إما مؤول بأنّ المراد بالوجه الذات

“Bu hadis mutashobehlardandir. U yoki tafviz qilingan yoki ta'vil qilingan bo‘ladi” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 17-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 445).

Demak, agar ta'vil qilish anavi soxta salafiylar aytganidek botil va nojoiz bo‘lganida edi, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh albatta uni qayd qilgan va ogohlantirgan bo‘lardilar. Holbuki, ta'vil qilish joiz ish bo‘lib, bu aynan ahli sunnat va jamoat vakillarining ishlaridir.

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh “Nuzul” hadisining sharhida bunday deganlar:

إستدل به من أثبت الجهة و قال هى جهة العلوّ و أنكر ذلك الجمهور لأنّ القول بذلك يفضى الى التحيّز، تعالى الله عن ذلك و قد إختلف فى معنى النزول على أقوال:

فمنهم من حمله على ظاهره و حقيقته و هم المشبهة، تعالى الله عن قولهم.

و منهم من أنكر صحّة الأحاديث الواردة فى ذلك جملة و هم الخوارج و المعتزلة و هو مكابرة.

و العجب أنهم أولوا ما فى القرآن من نحو ذلك و أنكرو ما فى الحديث إما جهلا و إما عنادا.

و منهم من أجراه على ما ورد مؤمنا به على طريق الإجمال منزها الله تعالى عن الكيفية و التشبيه و هم جمهور السلف و نقله البيهقى و غيره عن الأئمة الأربعة و السفيانين و الحمّادين و الأوزاعى و الليث و غيرهم.

و منهم من أوّله على وجه يليق مستعمل فى كلام العرب.

و منهم من أفرط فى التأويل حتى كاد أن يخرج الى نوع من التحريف.

و منهم من فصّل بين ما يكون تأويله قريبا مستعملا فى كلام العرب و بين ما يكون بعيدا مهجورا فأوّل فى بعض و فوّض فى بعض و هو منقول عن مالك و جزم به المتأخرين ابن دقيق العيد.

“Jihatni (ya'ni, Allohni dunyoning ma'lum bir tomonida deyishni) isbot qiladigan kishi u bilan (ya'ni, “nuzul” hadisi bilan) dalillanib, uni “oliylik tomoni” deydi. Holbuki, uni jumhur (juda ko‘pchilik) ulamolar inkor qilganlar. Chunki, bu gap chegaralashga olib keladi. Alloh taolo esa undan oliydir! “Nuzul” so‘zining ma'nosida bir necha qarashlarga ko‘ra ixtilof bo‘lgan. Ayrimlar uning zohirini olib, haqiqiy deb bildilar. Ular mushabbiha toifasidir. Alloh ularning gaplaridan yuksakdir! Ayrimlar esa bu borada kelgan hadislarning sahihligini birdaniga inkor qiladilar. Ular esa xavorijlar va mo‘tazilalardir. U takabburlikdan boshqa narsa emas! Ajablanarlisi shuki, shunga o‘xshash Qur'onda kelgan narsalarni ta'vil qiladilar-da, hadislardagi narsalarni inkor qiladilar. U jaholat yoki qaysarlikdir. Ayrim olimlar ularni imon keltirish lozim bo‘lgan narsalarga ko‘ra mujmal yo‘lga ko‘ra joriy qiladilar. Ya'ni, Alloh taoloni qandaylik va tashbehdan pok deydilar. Ular salafi solihinlarning jumhuridirlar. Uni Imom al-Bayhaqiy va boshqalar to‘rt nafar imomlardan, ikki nafar Sufyondan, ikki nafar Hammoddan, al-Avzo'iy, Lays va boshqalardan naql qilganlar. Ayrim olimlar esa arab tilida ishlatiladigan munosib so‘zlar bilan ta'vil qiladilar. Ba'zilar ta'vilda haddan oshganlar. Hatto qariyb tahrif turiga olib chiqib ketilgan. Ayrim olimlar o‘z ta'villarini arab tilida ishlatiladigan ma'no bilan mutlaqo uzoq bo‘lgan ma'nolar orasini ajratib berganlar. Shunday qilib, ba'zi o‘rinlarda ta'vil, ba'zi o‘rinlarda tafviz qilganlar. u Imom Molikdan naql qilingan. keyingi davr olimlaridan Ibn Daqiq al-iyd unga jazm qilganlar” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 3-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 547-548).

Chunki, e'tibor bering! Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahullohning o‘zi ham barcha o‘rinlarda Allohning sifatlari bo‘lmish mutashobeh sifatlarni ta'vil qilganlar. Jumladan, Alloh taologa izofa qilingan “hayo” lafzini va bandadan yuz o‘girish ma'nosini bunday ta'vil qilganlar:

قوله فاستحيا الله منه أى رحمه و لم يعاقبه و قوله بأعرض الله عنه أى سخط عليه

“Undan Alloh hayo qiladi” degani unga rahm qiladi, uni ta'qib qilmaydi, deganidir. “Alloh undan yuz o‘girdi”, degani esa unga qattiqlik qildi, deganidir” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 278-279).

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh hadisi shariflarda tez-tez takrorlanadigan: “Jonim “yad”ida bo‘lgan Zotga qasamki” iborasidagi “yad” sifatini aynan “qudrat” deb ta'vil qilganlar. Salafiylar esa “yad” sifatini ta'vil qiluvchilarni adashgan, zalolatdagi kishilar, ahli sunnatdan chiqqan odamlar deb olamga jar solib keladilar. Unda Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh ham adashganmi?!

و المراد باليد هنا القدرة

“Bu yerda “yad”dan murod qudratdir!” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 598).

Bundan oldin Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh “Fath al-Boriy”ning muqaddimasi hisoblanadigan “Hady as-soriy” asarida bunday deganlar:

و وقع ذكر اليد فى القرآن و الحديث مضافا الى الله تعالى و اتفق أهل السنة و الجماعة على أنه ليس المراد باليد الجارحة التى هى من صفات المحدثات و أثبتوا ما جاء من ذلك و آمنوا به فمنهم من وقف و لم يتأول و منهم من حمل كلّ لفظ منها على المعنى الذى ظهر له و هكذا عملوا فى جميع ما جاء من أمثال ذلك

“Qur'on va hadisda Alloh taologa bog‘lab aytilgan “yad” zikri kelgan. Ahli sunnat va jamoat “yad”dan murod yaralmishlarning sifatlaridan bo‘lmish a'zo (qo‘l) emas. Unda kelgan narsani isbot qilib, unga imon keltirganlar. Ulardan ba'zisi to‘xtab, ta'vil qilmaganlar. Ulardan ayrimlari esa har bir so‘zni unda zohir bo‘lgan ma'noga yo‘yganlar (ya'ni, ta'vil qilganlar). Shunga o‘xshash barcha sifatlar borasida amal qilganlar” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Hady as-soriy. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 502-503).

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh Allohning sifatlari – mutashobehlarni ta'vil qilishni joiz deb bilar ekanlar, Imom Buxoriy rahimahullohning “zehk”ni rahmat deb ta'vil qilganlarini naql qiladilar. Uni rizo va qabul ma'nosida ta'vil qilishni haqiqatga yaqinroq, deb biladilar va “rozilik ila yuzlanmoq” deb ta'vil qiladilar:

و قد تأوّل البخارى الضحك فى موضع آخر على معنى الرحمة و هو قريب و تأويله على معنى الرضا أقرب فإنّ الضحك يدلّ على الرضا و القبول … و قلت و يدلّ على أنّ المراد بالضحك الإقبال بالرضا

“Darhaqiqat, Imom Buxoriy boshqa o‘rinda “zihk”ni rahmat ma'nosida ta'vil qilganlar. Ushbu ma'no yaqindir. Uning ta'vili rizo ma'nosida yanada yaqinroq. Zotan, “zihk” rizo va qabulga dalolat qiladi. Men aytamanki, bu yerda shunga dalil borki, “zihk”dan murod rizolik ila yuzlanmoqdir!” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 7-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 95-96).

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh ahli sunnat va jamoatning barcha vakillari singari Alloh taoloni birorta makonda (masalan, Arshda), birorta jihatda (masalan, osmonda) ekani mo‘taziliylar aytishini ta'kidlab, bunday deganlar:

و منع جمهور المعتزلة من الرؤية متمسكين بأن من شرط المرئى أن يكون فى جهة و الله منزه عن الجهة و اتفقوا على أنه يرى عباده فهو راء لا من جهة

“Mo‘taziliylarning aksariyati ko‘rilgan biror jihatda – tomonda bo‘lishi shart bo‘lganini ushlab olishib, (Alloh taoloni qiyomatda) ko‘rishni inkor qilganlar. Holbuki, Alloh jihatdan pokdir! Ulamolar (ahli sunnat va jamoat vakillari) Allohning o‘z bandalariga ko‘rinishiga ittifoq qilganlar. U biror tomonda bo‘lmasdan ko‘riluvchidir!” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 17-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 430).

 Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh bugungi salafiy bemazhablarga xilof o‘laroq Allohni osmonda deb aytishni “tajsim” – Allohni jism deb tasavvur qilish deb biladilar:

و لو قال من ينسب الى تجسيم من اليهود لا اله الا الذى فى السماء لم يكن مؤمنا كذلك الا إن كان عاميّا لا يفقه معنى التجسيم فيكتفى منه بذلك كما فى قصة الجارية التى سألها النبىّ صلى الله عليه و سلم أنت مؤمنة قالت نعم قال فأين الله قالت فى السماء فقال أعتقها فإنها مؤمنة و هو حديث صحيح أخرجه مسلم

“Agar yahudiylardan ilohni jism deyishga mansub kishi “Osmondagi zotdan boshqa iloh yo‘q!” desa, u mo‘min bo‘lmaydi! Faqat jism deb tasavvur qilish ma'nosini tushunmaydigan omiy bo‘lsa, boshqa gap. Omiydan shuning o‘zi kifoya qiladi. Bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘ragan joriya qissasiga o‘xshaydi. “Sen mo‘minamisan?” deb so‘raganlar. U tasdiq javobini qilgan. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh qayerda?” deb so‘raganlar. U: “Osmonda” deb javob bergan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uni ozod qil, u mo‘mina”, deganlar. Bu sahih hadis bo‘lib, uni Imom Muslim taxrij qilganlar” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 17-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 307-308).

Bu yerda Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh Allohni osmonda deyish uni jism deb tasavvur qilish bilan teng, deb bilganlar. Avomlar esa buning ma'nosini bilmagani, ularning Allohning borligiga imon keltirishlarining o‘zi muhim bo‘lgani uchun avomlarniki ma'zur ekanini aytganlar.

  Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahullohning ash'ariyligini biz uning ilmi kalomdagi aqidaga oid masalalarda aynan ash'ariy olimlari sifatida tanilgan olimlarni zikr qilganligi va ularning fikrlarini eslab, asarlaridan iqtiboslar olganidan ham bilib olishimiz mumkin. Jumladan, Salohiddin al-Aloiy, Ibn Fuvrak, Imom as-Sa'lukiy, Ustoz al-Isfaroiniy, Qozi Iyoz, Imom al-Kirmoniy, Ibn al-Battol, Imom al-Bayhaqiy rahimahumulloh kabi zotlarning nomlarini “Fath al-Boriy”da juda ko‘p va tez-tez uchratamiz.

Ma'lumki, Ibn Taymiya rahimahulloh “shadd ar-rihol” deb atalgan masala bo‘yicha ijmo'i ummatga qarshi borgan edi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak qabrlarini ziyorat qilishni niyat qilib yo‘lga chiqishni harom, bid'at va gunoh ish deb baholagan edi. U “Uchta masjiddan boshqasiga bel bog‘lab chiqilmaydi. Masjidi harom, Masjidi aqso va mening mana bu masjidim”, degan mazmundagi hadisi sharifni lug‘aviy jihatdan ham, shar'iy jihatdan ham to‘g‘ri kelmaydigan ma'noda ifodalab hukm chiqargan edi. Holbuki, ahli sunnat va jamoat ulamolarining barchasi, an'anaviy islomdagi to‘rt mazhab ulamolarining hammasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qabrlarini ziyorat qilishni niyat qilib yo‘lga chiqishni eng afzal xayrli amal deb baholaganlar. Shuning uchun ham, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh ahli sunnat va jamoatning barcha ulamolari singari Ibn Taymiya rahimahullohga qarshi chiqib, uni inkor qilganini e'lon qilib, uning asrlar davomida ixtilofga sabab bo‘lib kelayotgan, musulmon ummatining bir guruhining adashuviga sababchi bo‘lgan bu masalasini bunday baholagan edilar:

و هى من أبشع المسائل المنقولة عن ابن تيمية

“U Ibn Taymiyadan naql qilingan masalalarning eng jirkanchidir!” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 3-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 605).

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh Ibn Taymiya rahimahulloh va taymiyachi bemazhablardan farqli o‘laroq Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak qabrlariga hamda sahobalar va solih zotlarning qabrlariga maxsus ziyoratiga borishni, u joylarni tabarruk qilishni joiz deb bilganlar. Qabrlar ziyoratini niyat qilib maxsus borish aslo harom amal emas, ziyoratgohlarni tabarruk deb bilish aslo shirk amal emas. Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh bunday yozadilar:

و كلّ مؤمن له من نفسه سائق الى المدينة لمحبته فى النبىّ صلى الله عليه و سلم فيشمل ذلك جميع الأزمنة لأنه فى زمن النبى صلى الله عليه و سلم للتعلم منه. و فى زمن الصحابة و التابعين و تابعيهم للإقتداء بهديهم. و من بعد ذلك لزيارة قبره صلى الله عليه و سلم و الصلاة فى مسجد و التبرك بمشاهدة آثاره و آثار أصحابه

“Har bir mo‘min Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamga muhabbati borligi uchun Madinaga yo‘l oluvchidir. Bu barcha zamonlarni o‘zida qamraydi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning zamonlarida u zotdan ta'lim olish uchun Madinaga borilardi. Sahobalar, tobe'inlar va tab'a tobe'inlar davrida esa ularga ergashgan holda boriladi. Undan keyingi davrlarda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qabrlari ziyoratiga, u zotning masjidlarida namoz o‘qishga, u zotning asori atiqalarini va sahobalardan qolgan asori atiqalarni ko‘rib tabarruk qilishga boriladi” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 5-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 196).

Ana endi, bugungi salafiylar va bemazhablar Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahullohning yuqorida biz keltirgan iqtiboslarini o‘qib uni qabrparast, as'hobi qubur deya olarmikinlar?! Axir, bugungi ummat u zotning mana shunga o‘xshash bir qancha gaplariga amal qilayaptilar, xolos.

Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh ulug‘ zotlarni, duosi mustajob bo‘ladigan solih kishilarni, ulamo va fuzalolarni tabarruk deb bilganlar:

و يؤخذ منه إستحباب الدعاء عند حضور الصالحين تبركا بهم

“Ushbu hadisdan solihlar huzurida ularni tabarruk deb bilgan holda duo qilish mustahab ishligi olinadi” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 7-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 588).

Umuman, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh “Fath al-Boriy”ning bir qancha joylarida solih zotlarni va ulug‘ insonlarni tabarruk sanash, ularning a'zolari, qo‘llarini tabarruk deb bilish, ulardan qolgan taom va yemishlarni tabarruk hisoblash, ulardan qolgan kiyim va boshqa narsalarini tabarruk deb olish joizligini hadislarga ishora qilib qayd qilib ketganlar.

Bemazhablar keyin paydo bo‘lgan yangiliklarning hammasini bid'at deb, butun olamni bid'atlarga to‘ldirib tashlashdi. Holbuki, ahli sunnat va jamoat ta'limotiga ko‘ra bid'atlar yaxshi-yomonga ajratiladi. Shu jumladan, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh ham bid'atlarning yaxshisini yaxshi, yomonini yomon deb hisoblaganlar. Ya'ni, “bid'ati hasana” borligini e'tirof qilganlar. u zot Hazrati Umar raziyallohu anhuning: “Qanday ham yaxshi bid'at!” degan xitoblarini sharh qilib, bunday deganlar:

و التحقيق أنها إن كانت مما تندرج تحت مستحسن فى الشرع فهى حسنة و إن كان مما تندرج تحت مستقبح فى الشرع فهى مستقبحة و إلا فهى من قسم المباح و قد تنقسم الى الأحكام الخمسة

“Haqiqat shuki, agar biror ish shariatda maqtalgan narsalarning ostiga kirsa, u hasanadir. Agar shariatda yomonlangan narsalarning ostiga kirsa, u qabihdir. Agar bu ikkovida ham bo‘lmasa, u holda muboh qismidandir. Bid'at beshta hukmga taqsim ham qilinadi” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 5-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 448).

Bu iqtibosdagi “beshta hukmga taqsim qilinadi” degani bid'at harom, makruh, vojib, mustahab va muboh turlarga bo‘linadi, degan ma'noni ifodalashdir. Demak, odamlar qilayotgan ishlarning hammasini zalolatga yetoklovchi bid'at deb baholash noto‘g‘ridir.

Hozirgi bemazhablarga o‘xshab Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh tumorlarning barchasini shirk demaganlar, tumor taqqanlarni mushrik va shirk amalni qiluvchi demaganlar. Balki, tumor taquvchilarning tumorlarini farqlay bilganlar:

هذا كله فى تعليق التمائم و غيرها مما ليس فيه قرآن و نحوه فأما ما فيه ذكر الله فلا نهى فيه فإنه إنما يجعل للتبرك به و التعوّذ بأسمائه و ذكره

“Bularning hammasi tumor va boshqa narsalarni osish haqida bo‘lib, ularda Qur'on va shunga o‘xshash (duolar) bo‘lmasadir. Ammo, unda Allohning zikri bo‘ladigan bo‘lsa, unga hech qanday ta'qiq yo‘q! Chunki, unday tumorlarni tabarruk uchun hamda Allohning ismlari va zikri bilan panohlanish uchun qilinadi” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 7-jild. – Riyoz: Dor Tayba, 2005. – B. 258).

Vahhobiy va salafiylar esa Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahullohning buyukligi va ulug‘ligiga qaramasdan, uning “Fath al-Boriy” asaridagi aqidaviy masalalarga raddiya sifatida bir necha kitob yozib tarqatganlar. Holbuki, unga raddiya qilish Imom Buxoriy rahimahullohga raddiya qilish bilan teng. Zotan, “Fath al-Boriy” Imom Buxoriy rahimahullohning “Sahihi Buxoriy” asarlariga bitilgan eng yaxshi va eng mo‘tabar sharh hisoblanadi. Undagi aqidaviy qarashlar ayni Imom Buxoriy rahimahulloh bobomizning aqidaviy qarashlaridir.

Salafiy va vahhobiylar ash'ariy va moturidiylarni tinmay yomonlar ekanlar, ommadan Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh singari olimlarning ham ash'ariy va moturidiy bo‘lganini, ularning aqidalari bugungi kundagi ash'ariy va moturidiylarning ayni aqidalari ekanligini yashirib keladilar.

Alloh taolo salafiy va bemazhablarga insof bersin! Ahli sunnat va jamoatdan bizni ayirmasin. Moturidiy aqidasidan adashtirmasin!

Hamidulloh Beruniy

Manba: ahlisunna.uz

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 03/06/2021 14:18;   Ko‘rilganligi: 796
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ibn-hajar-al-asqaloniy-rahimahulloh-bemazhab-bolmaganlar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing