O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Huri iynning ma'nosi qanday?

 
 

Alloh taolo muxlis bandalari uchun jannatda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan turli ne'matlarni tayyorlab qo‘ygan. Mana shunday ne'matlardan biri huri iynlardir. “Iyn” so‘zining ma'nosi ko‘z bo‘lib, oqi juda oq, qorasi juda qora, qorachig‘i yumaloq va ko‘z pardasi shaffof, degani. “Hur” so‘zi esa “Havro” so‘zining ko‘plik shakli bo‘lib, ko‘zlarining oqi oppoq, qorasi qop-qora bo‘lgan jondir.

Qur'oni karim va sunnati nabaviyda huri iynlarning bir qancha sifatlari bayon qilingan. Jumladan, ularning ayb-nuqsonlardan xoli ekani, pokiza ekani, bosh og‘rig‘i yoki boshqa kasalliklardan salomat ekani keltirilgan. Qur'oni karimda ularning sifati quyidagicha keladi:

وَعِندَهُمۡ قَـٰصِرَ ٰ⁠تُ ٱلطَّرۡفِ عِینࣱ * كَأَنَّهُنَّ بَیۡضࣱ مَّكۡنُونࣱ

“Oldilarida ko‘zlarini (begonalardan) tiyguvchi shahlo ko‘zlilar bordir. Ular xuddi asrab qo‘yilgan tuxumga o‘xsharlar” (Soffat surasi 48-49 oyatlar).

Alloh taolo Jannat ahli ayollarining sifatini bayon qilib shunday marhamat qildi: “ko‘zlarini (begonalardan) tiyguvchi”. Ya'ni, ular faqat o‘zlarining xo‘jalariga nazar tashlaydilar, ko‘zlarini begonalardan tiyadilar. “Ular xuddi asrab qo‘yilgan tuxumga o‘xsharlar” oyatining ma'nosi ularning ranglari sariq rang singdirilgan oq ekaniga dalolat qiladi. Ularning oppoqligi juda ham yorqin bo‘lib, o‘zidan uzoqlashtiradigan emas, balki go‘zallikning eng cho‘qqisini namoyon qiladigan rang hisoblanadi. Ularning ranggi xuddi dur kabi bo‘ladi. Bunga yana bir oyati karima dalolat qiladi:

كَأَمۡثَـٰلِ ٱللُّؤۡلُوِٕ ٱلۡمَكۡنُونِ

“Misoli yashirilgan dur (kabidirlar) (Voqea surasi 23-oyat).

Huri iynlar quyoshning nuri, shamol va begona ko‘zlardan saqlangan go‘zal tusga ega dur kabi bo‘ladilar. Xuddi, dur o‘zining uyida toza saqlanganidek, huri iynlar o‘zlari uchun bo‘lgan chodirlarda faqat xo‘jalari uchun saqlangandirlar. (Tafsiri Sa'diy kitobidan).

كَأَنَّهُنَّ الْيَاقُوتُ وَالْمَرْجَانُ

“Go‘yoki, ular yoqut va marjon kabidirlar” (Ar-Rohman surasi 58-oyat).

Ya'ni, soflikda yoqut va oqlikda marjon kabidirlar. Ularning pokligi xuddi yoqut kabidek. Ularning oqligi xuddi dur kabidekdir. (Tafsiri Tabariy kitobidan).

إِنَّا أَنْشَأْنَاهُنَّ إِنْشَاءً . فَجَعَلْنَاهُنَّ أَبْكَارًا . عُرُبًا أَتْرَابًا

“Albatta, Biz u(hurlar)ni daf'atan, xos qilib, yaratdik. Bas, ularni bokiralar qildik. Tengdosh mahbubalar qildik” (Voqea surasi 35-37 oyatlar).

“…daf'atan, xos qilib, yaratdik” deganda ular ota-onadan dunyoga kelmagan, balki Alloh taolo ularni o‘zligicha yaratgan ma'nosi tushuniladi.

“Tengdosh mahbubalar qildik” oyatining ma'nosi borasida Imom Dohhak Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Ularning Yoshi 33 da bo‘ladi”. Imom Saddiy rohimahulloh: “Ular o‘zaro xushmuomalali bo‘ladilar. Oralarida bir-biriga nafrat, hasad va gina bo‘lmaydi” deganlar.

Said ibn Jubayr Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Erlariga suyukli va erlari ham ularga suyukli bo‘ladilar” (Tafsiri Ibn Kasir kitobidan).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Albatta, birinchi jamoa jannatga kirganlarida misoli to‘lin oy kunidagi oy suratida kiradilar. So‘ng ulardan keyin kiradiganlar osmonlarda tizilgan yulduzlar misoli kiradilar. Ularning qalblari bir kishining qalbi kabi bo‘ladi. Ularda ixtilof ham, nafrat ham bo‘lmaydi. Ulardan har bir kishiga ikkitadan huri iyn bordir. Ularning (hurlarning) suyak va etlarining ortidan iliklarini go‘zal tusda ko‘radilar” (Muttafaqun alayhi).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Jannat ahlidan bo‘lgan bir ayol yer yuziga qaraydigan bo‘lsa, Jannat va yer o‘rtasini nur qoplaydi, u ikkisining o‘rtasi shamolga to‘ladi. Uning boshidagi peshonasi dunyo va undagi narsalardan yaxshidir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Muborak aytadi: Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytdilar: “Hurlarning ikki boldir suyagining iligi, go‘shti, suyagi va yetmishta bezagi ortidan, xuddi qizil may oq shishaning ichida ko‘rinib turgandek ko‘rinib turadi”.

Xayrullo domla Sattarov

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 18/07/2022 17:22;   Ko‘rilganligi: 813
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/huri-iynning-manosi-qanday
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 01:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing