“HIZBUT TAHRIR” DA'VOLARIGA RADDIYALAR (Xalifalik borasida)
Bugungi kunda o‘zlarini ahli sunna val jamoa tarkibida deb da'vo qilib, islom davlatini barpo etishga va islom dini aqidasiga zid ishlarga da'vat etayotgan “Hizbut tahrir” oqimi va uning domiga tushib qolganlarda atrofidagilarga nisbatan nafrat tuyg‘usi shakllanib qolgan. Ular boshqalarni islomga, imon-e'tiqodga chaqirishadi-yu, ammo qalblarida o‘zi va'z qilayotganlarga nisbatan nafratni saqlaydi. Ularning xatti-harakatlari, da'volari va e'tiqodi ahli sunna val jamoa manhajiga xilof bo‘lib, maqsadlari musulmonlarga yaxshilik emas, aksincha ular orasida turli tafriqa va ziddiyatlarni keltirib chiqarish ekanligi ko‘pchilikka ma'lum bo‘lib turibdi.
“Hizb” arabcha “partiya”, “tahrir” “ozodlik” ma'nolarini anglatadi. Vaqtida Falastin ozodligi da'vosida bu firqa tuzilgan. Keyin asosiy maqsad bir chetda qolib, olamshumul xayoliy g‘oyani, ya'ni xalifalik qurish dastak qilib olingan. Qaysidir ma'noda u kommunizm g‘oyasiga o‘xshaydi. Bu g‘oya targ‘ibotchilari bir vaqtlar “kommunizm jannatga o‘xshash bir hayot, hech bir muammo bo‘lmaydi”, deyishardi. Albatta, bu uydirmadan boshqa narsa emas.
Hozirgi paytga kelib “Hizbut tahrir” va unga o‘xshagan boshqa buzg‘unchi tashkilotlar o‘zlarining islomga zid bo‘lgan vayronkor g‘oyalarini tarqatish va yoshlarni tuzoqqa ilintirish yo‘lida internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Ular islomga zid da'volari, ahli sunna aqidasiga to‘g‘ri kelmaydigan qarashlari va o‘z g‘oyalarini islom shiorlari bilan niqoblab, ijtimoiy tarmoqlarda chiroyli suratda ma'ruza qilish orqali ayrim ilmsiz kishilarni o‘z domiga tortib bormoqda.
Avvalambor shuni aytish kerakki, Qur'oni karimda “Dinni barpo qilingiz va unda firqa-firqaga bo‘linmangiz!”[1] degan hukm bor. Ahli sunna val jamoadan ajralib chiqib, boshqa oqimlar yo‘liga kirish hech kimga foyda keltirgan emas, aksincha faqat zarar keltiradi. Agar siz, 10-15 yil avval shu yo‘lga kirgan, bilim va tushunchasi, hayot tajribasi to‘lishgan kishilar bilan hamsuhbat bo‘lsangiz, bu xayoliy narsa ekanini, shu narsaga undagan da'vatchilar esa, boshingga ish tushsa, kuningga yaramasligini, mudom parda ortida turishini aytadi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, so‘nggi yillarda bu haqiqatni anglab yetib, “Hizbut tahrir”dan qaytayotgan kishilar ko‘paydi. Ularning aksariyati boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga iqror bo‘lishmoqda.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, siz bu islom ummatini xatokor, adashgan, dinda chuqur ketgan holatda hech qachon ko‘rmaysiz. Ummat orasidan mabodo birortasi shunday holatga tushsa ham, Alloh taolo bunday adashgan musulmonlarni o‘z fazlu inoyati bilan zalolat – xato yo‘ldan qaytarib, ularga hidoyat – to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan zabardast ulamolarni ham chiqarib qo‘ydi.
Biz ham hizbut tahrirning maqsadlarini musulmon birodarlarimizga yanada ochiqroq anglatish uchun quyida bu oqimning islom diniga, ochiqdan ochiq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislariga zid da'volarini keltirib o‘tishni maqsadga muvofiq deb topdik. Shoyad ayrim adashgan kimsalar bu oqimlarning asl maqsadlarini anglab yetsalar.
“Hizbut tahrir” xalifalik davlati o‘rnatishni da'vo qilishadi. Bu g‘oya ularning asosiy maqsadidir. Aslida musulmonlarga xalifalikni tiklash vojibligiga dalolat qiluvchi biron oyat ham, hadis ham mavjud emas. Aksincha, barcha shar'iy dalillar tahlil qilinsa, bu da'vo islom shariatiga zid ekanligi ma'lum bo‘ladi.
Ma'lumki, islom dini avvalida musulmonlar jamiyatining boshqaruvi bevosita payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida bo‘lgan. U zot vafotlaridan so‘ng, musulmonlar jamiyati xalifalar boshqaruviga o‘tdi. Keyinchalik islom sarhadlari kengayib, xalifalik ham turli hududlarga bo‘linib ketdi va alaloqibat musulmon o‘lkalarida nomi xalifalik, boshqaruv tuzumi mulkchilikka, ma'lum bir hududlarga asoslangan podshohliklar vujudga keldi. Ular rasman xalifalik deb nomlansa-da, aslida davlat boshqaruvi podshohlik tuzumi edi. Vaqtlar o‘tishi bilan u davlatlar xalifalik deb atalmay, o‘z nomi bilan podshohlik, sultonlik deb yuritila boshlandi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak edi. Chunki, aytib o‘tganimizdek, u davlatlardan faqat xalifalik degan nomi qolgan edi, xolos.
Har bir tuzum va har bir jamiyatda bo‘lgani kabi keyinchalik bunday davlat boshqaruvlaridan norozi bo‘ladiganlar paydo bo‘la boshladi. Ular o‘z noroziliklarini jamiyatda xalifalik boshqaruvini joriy qilish g‘oyasi asosida izhor qilishdi, hatto bu g‘oya ortiga o‘zlarini g‘arazli maqsadlarini yashirishdi. Ular Islom tarixini eng gullab yashnagan davri xalifalik boshqaruvini yana amalda qayta joriy qilish va shu orqali go‘yoki musulmonlarni yagona bir davlatga birlashtirib, qudratli xalifalik davlati tuzish da'volari ostida turli xil fitnali harakatlar, urush va xunrezliklarni amalga oshirdi. Bu da'vo ostida qanchadan-qancha begunoh insonlar qoni, xossatan tinch aholi, bolalar, ayollar, qariyalar qoni to‘kildi, musulmon xalqlari yashaydigan obod o‘lkalar vayron bo‘ldi. Bunga yaqin o‘tmish ham guvoh. Shaxsiyati noma'lum bir guruh kimsalar tomonidan xalifalik boshqaruviga qaytish da'volari, shuni sabab qilib jihodga chorlash, internet sahifalarida hozir ham tez-tez ko‘zga tashlanib turadi. Holbuki, xalifalik va u davrga qaytish da'volari ayrim toifalarning hokimiyatni egallash yo‘lidagi asosiy g‘oyaviy quroliga aylanib ulgurgan. Ularning bu da'volariga qarshi chiqqan har qanday kishi, hatto islom dinining zabardast ulamolari ham hech ikkilanmasdan kofirga chiqarilib, imkon topilganlari o‘ldirildi. Holat bu ummatning olimlari, hatto ayollari va bolalari o‘ldirilish darajasigacha yetib kelgan bo‘lsa-da, hali- hanuz ularning tuzog‘iga tushayotganlar topilmoqda. Holat shu darajaga kelgan bo‘lsa-da hali hanuz xalifalik masalasi islom diniga e'tiqod qiluvchi musulmon xalqlari orasidagi ayrim johil kimsalar uchun bahsli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Xilofa, xalifa” – (الخلافة) so‘zi lug‘atda “o‘rinbosar” ma'nosini anglatadi. Ushbu so‘z Qur'oni karimda quyidagi oyatlarda kelgan:
﴿وَإِذۡ قَالَ رَبُّكَ لِلۡمَلَٰٓئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٞ فِي ٱلۡأَرۡضِ خَلِيفَةٗۖ قَالُوٓاْ أَتَجۡعَلُ فِيهَا مَن يُفۡسِدُ فِيهَا وَيَسۡفِكُ ٱلدِّمَآءَ وَنَحۡنُ نُسَبِّحُ بِحَمۡدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَۖ قَالَ إِنِّيٓ أَعۡلَمُ مَا لَا تَعۡلَمُونَ٣٠﴾
Eslang, (Ey, Muhammad,) Rabbingiz farishtalarga: “Men yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: “Men sizlar bilmagan narsani bilaman”[2].
﴿يَٰدَاوُۥدُ إِنَّا جَعَلۡنَٰكَ خَلِيفَةٗ فِي ٱلۡأَرۡضِ فَٱحۡكُم بَيۡنَ ٱلنَّاسِ بِٱلۡحَقِّ وَلَا تَتَّبِعِ ٱلۡهَوَىٰ فَيُضِلَّكَ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱلَّذِينَ يَضِلُّونَ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِ لَهُمۡ عَذَابٞ شَدِيدُۢ بِمَا نَسُواْ يَوۡمَ ٱلۡحِسَابِ٢٦﴾
Ey, Dovud! Darhaqiqat Biz seni yerda xalifa qildik. Bas, sen (nafsu) havoga ergashib ketmagin! Aks holda, u seni Allohning yo‘lidan ozdirur. Albatta, Alloh yo‘lidan ozadigan kimsalar uchun hisob kunini unutib qo‘yganlari sababli qattiq azob bordir[3].
Ushbu suralardagi oyatlar mazmunidan kelib chiqib, xalifa o‘z nafsini jilovlay olgan, yer yuzida buzg‘unchilikni har qanday ko‘rinishiga va nohaq qon to‘kishga mutlaqo qarshi bo‘lgan kishi, deb ham ta'vil qilish mumkin. Demak, xalifa avvalo o‘zini taqvodorligi bilan xalq orasida tanilgan, Alloh taoloning roziligi yo‘lida yer yuzini isloh etadigan, adolat va haqiqat bilan hukm yurgizadigan, xalqlar orasida ezgulikni tarqatadigan kishidir.
Amalda esa bu so‘z Muhammad sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so‘ng u zotning o‘rniga din va dunyo ishlarini boshqarish uchun saylangan kishiga nisbatan aytiladi[4].
Xalifalikka saylanish uchun quyidagi shartlar topilishi lozim bo‘lgan[5]: ilm, adolat, xalqni himoya qilish va dushmanga qarshi turishga qodirlik, ham jismonan, ham ma'nan sog‘lomlik, Quraysh qabilasidan bo‘lish[6]. Xalifalikka kelish yuqorida ko‘rsatilgan shartlar bilan bir qatorda omma tomonidan saylanish va bay'at qilish orqali amalga oshirilgan.
Safina roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni: “Mendan so‘ng xalifalik o‘ttiz yildir. Undan keyin podshohliklar bo‘ladi”, deb aytayotganlarini eshitdim. Abu Bakr xalifaligi ikki yil, Umarning xalifaligi o‘n yil, Usmon roziyallohu anhuning xalifaligi o‘n ikki yil va Ali roziyallohu anhuning xalifaligi olti yil davom etdi, dedi. Roviylar sanadidagi Ali ibn Ja'd: Hammod ibn Salamadan: Oxirgi so‘zni Safina aytganmi? deb so‘radim, dedi. Hammod: Ha, deb javob berdi[7].
Hadisda Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam o‘zlaridan so‘ng musulmonlarda davlat boshqaruvi xalifalik ko‘rinishida o‘ttiz yil davom etishi, undan so‘ng xalifalik boshqaruvi tugab boshqaruv podshohlik shaklida bo‘lishi ta'kidlamoqda hamda davlat tuzumi o‘sha tuzumda bo‘lishi ma'qul ekanligiga ishora qilmoqda. Biz e'tibor qilishimiz lozim bo‘lgan yana bir jihat mavjud bo‘lib, u bugungi kunda xalifalik davlatini qurishni da'vo qilayotgan kimsalardir. Ularning bu so‘zlari ushbu hadisga nomuvofiq, aksincha Rasululloh so‘zlariga qarshi so‘zdir.
Bu yerda rostgo‘ylarni eng rostgo‘yrog‘i bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “mendan keyin xalifalik o‘ttiz yil”, ya'ni undan so‘ng hech qanaqa xalifalik bo‘lmaydi, deb “yolg‘on” gapirdilarmi yoki xalifalik quramiz deb musulmonlarning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirayotganlarni da'vosi botilmi? O‘z-o‘zidan ma'lumki, payg‘ambarimiz hech qachon yolg‘on so‘zlamagan. Ammo shunday bo‘lsa-da bu da'voni ko‘tarib chiqayotgan, ta'bir joiz bo‘lsa, Payg‘ambarimizni yuqorida aytgan so‘zlarini inkor qilib, u zotni yolg‘onchiga chiqarayotgan kimsalarga ergashayotganlar ham topilib turibdi.
“Hizbut tahrir” partiyasini vujudga kelishidagi yana bir nozik nuqtani diqqat bilan ko‘rib chiqamiz. “Hizbut tahrir” partiyasining asoschisi Taqiyuddin Nabahoniy (1909-1979) sotsiolog olim bo‘lganligini, “Hizbut tahrir” partiyasi esa diniy emas, siyosiy tashkilot ekanligini ham alohida e'tiborga olishimiz kerak. Ma'lumki, sotsializm ta'limotida feodalizm (yoki kapitalizm)dan sotsializmga, sotsializmdan kommunizmga, ya'ni ikki bosqichdan so‘ng kommunizm tuzumiga o‘tish g‘oyasi mavjud. Karl Marks va Fridrix Engels g‘oyalari ta'sirida ulg‘aygan Nabahoniy ularning g‘oyasini o‘zi tug‘ilib o‘sgan xalqlar orasida targ‘ib etmoqchi bo‘ladi. Ammo arablar dahriylikka asoslangan kommunistik mafkurani qabul qilmasligini yaxshi bilgani uchun uni islom diniga moslashtirishga harakat qiladi, qisman buni uddasidan chiqadi, desak yanglishmaymiz. Agar taqqoslab ko‘rsak, sotsializm targ‘ibotchilari, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ikki bosqichdan so‘ng xalqlarni kommunizmga yetkazish g‘oyasini ishlab chiqqan. Nabahoniy esa mazkur hadisda aytilgan “ikki podshohlik”ni o‘z maqsadi yo‘lida ta'vil qilib, sotsialistlarning g‘oyasiga moslashtiradi va ularning ta'limotidagi “kommunizm qurish”ni “xalifalik qurish” deya talqin qilgan. Karl Marks va Fridrix Engels g‘oyasi puch g‘oyalardan iborat ekanligi, kommunizm qurish shunchaki cho‘pchak ekanligini vaqt ko‘rsatib berdi. Muxtasar qilganda, “cho‘pchak” ta'siridan vujudga kelgan hizbchilarning bu g‘oyasiga ergashish ham sahroda sarobga intilish bilan barobardir.
Islom tarixida bo‘lgan xavorijlar va undan boshqa adashgan oqimlarda bo‘lgani kabi hozirgi davrda ham xalifalik da'vosini ko‘tarib chiqayotgan adashgan oqimlarning asl maqsadlari musulmonlar manfaatidan boshqa narsa ekanligini dunyoning nufuzli ulamolari ta'kidlashmoqda. Har bir mo‘min musulmon kishi ularning botil da'volaridan ogoh bo‘lib, o‘zi va mas'ul bo‘lganlarini bunday kimsalar aldoviga ilinib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolishdan saqlash choralarini ko‘rishi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
T.Evadullayev, N.Qobilov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari
Kiritilgan vaqti: 30/03/2023 11:34; Ko‘rilganligi: 786
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:56