O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Hazrati umarning islomga kelishlari

 
 

Johiliy jamiyat ruhida o‘sgan hazrati Umar Islom yangi paydo bo‘lganida unga qattiq qarshilik ko‘rsatganlardan biri bo‘lganlar.

Lekin u kishining sof tabiatlari o‘zini ko‘rsatishi turgan gap edi.

Buning ustiga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning duolari qabul bo‘ldi.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: اللَّهُمَّ أَعِزَّ الإِسْلاَمَ بِأَحَبِّ هَذَيْنِ الرَّجْلَيْنِ إِلَيْكَ بِأَبِي جَهْلِ أَوْ بِعُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ قَالَ: فَكَانَ أَحَبَّهُمَا إِلَيْهِ عُمَرُ فَأَصْبَحَ فَغَدَا عُمَرُ عَلَى رَسُولِ اللهِ ﷺ فَأَسْلَمَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Ibn Umardan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ey bor Xudoyo! Islomni O‘zingga mahbub bo‘lgan ushbu ikki odamning – Abu Jahl yoki Umar ibn Xattobning biri bilan aziz qilgin!» dedilar. Bas, U Zotga ikkisidan mahbubi Umar bo‘ldi. Ertasiga Umar Rasululloh sollallohu alay­hi vasallamning oldilariga kelib, musulmon bo‘ldi».[1]

Termiziy rivoyat qilgan.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning Islomga kelishlari qissasini Ibn Sa'd, Abu Ya'lo, al-Mas'ul kishi va Bayhaqiylar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Bir kuni Umar qilichini yalang‘ochlab chiqdi. Unga yo‘lda Bani Zuhralik bir kishi uchrab qoldi. U:

«Qayerga ketyapsan, ey Umar?» deb so‘radi.

«Muhammadni o‘ldirgani ketyapman», dedi Umar.

«Muhammadni o‘ldirsang, Bani Hoshim va Bani Zuhradan qandoq emin bo‘lasan?» dedi haligi odam.

«Sen ham dindan chiqqanga o‘xshaysan!» dedi Umar.

«Senga ajib bir gap aytaymi? Kuyoving bilan singling dindan chiqdilar! Ha, sening diningdan chiqdilar!» dedi.

Umar yo‘lidan qaytib, ikkisining oldiga bordi. Ularning huzurida Xabbob ibn Art bor edi. U Umarning sharpasini sezib, uyning ichiga berkinib oldi. Umar kirdi va:

«Bu visir-visir nima?!» dedi.

Ular «Toho»ni qiroat qilayotgan edilar. Ikkisi:

«O‘zaro gapimizdan boshqa narsa yo‘q», dedilar.

«Ehtimol, ikkoving dindan chiqqandirsanlar?!» dedi.

Shunda kuyovi unga: «Ey Umar, agar haq sening diningdan boshqada bo‘lsa», deyishi bilan Umar uning ustiga o‘zini tashlab, bosib olib ura boshladi. Singlisi uni o‘z eridan nari qilish uchun keldi. U singlisini urib, yuzini qonga beladi. G‘azablangan singil:

«Agar haq sening diningdan boshqada bo‘lsa, men «Ashhadu allaa ilaha ilallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu» deb guvohlik beraman!» dedi. Shunda Umar:

«O‘zingizdagi yozilgan narsani menga beringlar. G‘qib ko‘ray-chi», dedi. U o‘qishni bilar edi. Singlisi:

«Sen najassan. Buni faqatgina poklanganlar ushlaydilar. Tur, g‘usl qilib kel», dedi.

U turib g‘usl qilib keldi. So‘ngra yozilgan narsani oldi. U Toho surasidan:

«Albatta, Men O‘zim Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et»gacha o‘qidi va:

«Meni Muhammadning oldiga olib boringlar», dedi. Umarning gapini eshitib, Xabbob berkingan joyidan chiqdi va:

«Ey Umar, xursand bo‘l. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payshanba kechasigi: «Ey bor Xudoyo! Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan aziz qilgin», deb qilgan duolari sen xaqingda bo‘lishini orzu qilaman», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Safoning pastidagi hovlida edilar. Umar o‘sha hovliga yurib bordi. Uning eshigi oldida Hamza, Tolha va boshqalar turgan edilar. Hamza:

«Ana, Umar. Agar Alloh unga yaxshilikni iroda qilgan bo‘lsa, musulmon bo‘ladi. Agar undan boshqani iroda qilgan bo‘lsa, biz uchun uni qatl qilish oson bo‘ladi», dedi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ichkarida edilar. U zotga vahiy nozil bo‘layotgan edi. U zot chiqib, Umarning oldiga keldilar. Uning yoqasidan va qilichbog‘idan tortib turib:

«Ey Umar! Alloh senga Valid ibn Mug‘iyraga tushirgan or va azobni tushirmaguncha qaytmaysanmi?!» dedilar. Umar:

«Ashhadu allaa ilaha illallohu va ashhadu annaka abdullohi va Rasuluhu!» dedi».[2]

Ushbu hayajonli lahzada hovlida turganlar ovozlarining boricha: «Allohu akbar!» deya, butun Makkani boshlariga ko‘tarib, takbir aytdilar. Umar:

«Ey Allohning Rasuli, biz haqda emasmizmi?» dedi.

U zot sollallohu alayhi vasallam:

«Haqdamiz», dedilar.

«Undoq bo‘lsa, nimaga berkinamiz?!» dedi Umar.

Musulmonlar birinchi marta ikki saf bo‘lib, ochiqchasiga Baytulloh tomon yo‘l oldilar. Bir safni Hamza, ikkinchisini Umar boshlab borar edi. Ular masjidga kirdilar. Qurayshliklar bir Hamzaga, bir Umarga qarab, ichlaridan zil ketar edilar.

O‘sha kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga «Foruq» laqabini berdilar.

O‘shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganining oltinchi yili, Zulhijja oyi edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning yoshlari esa yigirma oltida edi. Bundan uch kun avval Hamza roziyallohu anhu Islomga kirgan edilar.

Ibn Is'hoq Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Umar roziyallohu anhu Islomga kelganida:

«Qurayshda eng ko‘p gap tashuvchi kim?» dedi.

«Jamil ibn Mu'ammar al-Jahmiy», deyildi.

U ertalab uning oldiga bordi. Men ham: «Ko‘ray-chi, nima qilar ekan», deb izidan ergashib bordim. Ko‘rganimni eslab qoladigan yosh bola edim. Umar uning oldiga borib:

«Ey Jamil, bildingmi, men musulmon bo‘ldim! Muhammadning diniga kirdim!» dedi.

Allohga qasamki, u indamasdan turib, kiyimini sudrab yurib ketdi. Umar uning ortidan ergashdi. Men uning ortidan ergashdim. U masjidning eshigida turib, baland ovoz ila:

«Ey Quraysh jamoasi! (Ular Ka'ba atrofidagi majlislarida o‘tirishgan edi) Ogoh bo‘linglar! Ibn Xattob dindan chiqibdi!» dedi. Umar uning ortidan:

«Yolg‘on aytdi! Men musulmon bo‘ldim! Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh, deb shahodat keltirdim!» dedi.

Ular unga yopirildilar. To quyosh botguncha musht­lashdilar. Charchab o‘tirishdi. Ular uning boshi ustida to‘planishdi. U ularga:

«Nima qilsangiz, qilavering! Alloh nomi ila qasam ichaman! Agar uch yuz kishi bo‘lsak, yoki biz u (Ka'ba)ni sizga tark qilamiz, yoki sizlar bizga tark qilasiz!» dedi.

Ular shu holda turishgan edi, qurayshlik bir chol kelib qoldi. Uning ustida hibara va yo‘l-yo‘l ko‘ylak bor edi. U kelib, to‘xtadi-da:

«Sizlarga nima bo‘ldi?!» dedi.

«Umar dindan chiqdi!» deyishdi.

«Jim bo‘linglar! Bir odam o‘ziga bir ishni ixtiyor qilsa qilibdi. Senlar nimani xohlaysanlar?! Bani Adiy o‘z odamini sizlarga shundoq topshirib qo‘yadi, deb o‘ylaysizlarmi?! Bu odamni tek qo‘yinglar!» dedi.

Allohga qasamki, ular xuddi yechilgan kiyimdek undan ajradilar.

Madinaga hijrat qilgandan keyin otamga:

«Otajon! Musulmon bo‘lganingizda Makkada siz bilan mushtlashayotgan qavmni zajr qilgan odam kim edi?» dedim.

«G‘g‘lim, u al-Oss ibn Voil as-Sahmiy edi», dedi u».

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu: «Umar musulmon bo‘lgan kundan boshlab aziz bo‘ldik», deganlar.

Ba'zi rivoyatlarda zikr qilinishicha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu erkaklardan qirqinchi musulmon bo‘lganlar.

Tolha ibn Ubaydulloh:

«Umar Islomga kirganidan keyin mushriklarning zulmidan ancha xalos bo‘ldik», deydilar.[3]

Abdumannonov Nursulton,

Samarqand shahar  "Damariq" jome masjidi imom-xatibi

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxati

1Muhammad ibn Iyso at-Termiziy. «Sunani Termiziy», Dorul kutubil ilmiyya, Bayrut, Livan

2Jaloliddin Suyutiy, «Tarixul xulafo», Darul kutubil ilmiyya, Bayrut, 2006.

3Jaloliddin Suyutiy, «Tarixul xulafo», Darul kutubil ilmiyya, Bayrut, 2006.


Kiritilgan vaqti: 20/09/2023 12:52;   Ko‘rilganligi: 929
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/hazrati-umarning-islomga-kelishlari
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing