Hazrati Umar va azon
Avvallari musulmonlar masjidda to‘planishar, namoz vaqtini kutib o‘tirishar, vaqt bo‘lganda esa, namoz o‘qir edilar.
Ibn Umar roziyallohu anhuning aytishlaricha, odamlarni namozga chorlash uchun nasorolarning zangiga o‘xshash zang yoki yahudiylarning dudiga o‘xshash asbobni chalishni maslahat qilgan hollari ham bo‘lgan. Bu taklif u kishining o‘zlaridan chiqqan.
Abu Dovud, Ibn Moja va Dorimiylar keltirgan rivoyatda Abdulloh ibn Zayd ibn Abdu Robbih roziyallohu anhum shunday deydilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni namozga to‘plash uchun zang chalishga amr qilganlarida kechasi tush ko‘rdim. Oldimga zang ko‘targan bir odam keldi. Men unga:
«Ey Allohning bandasi, zangni sotasanmi?» dedim.
U: «Bu bilan nima qilasan?» dedi.
Men: «U bilan namozga chaqiramiz», dedim.
U: «Senga bundan yaxshiroq narsani aytib beraymi?-dedi.
Men: «Ha», dedim.
U: «Allohu akbar!» deysan», dedi va oxirigacha aytib berdi. Shuningdek, iqomani ham aytib berdi. Tong otishi bilan Rasululoh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, ko‘rgan tushimni aytib berdim.
U zot: «Inshaalloh, bu – haq tush. Bilolning yonida turib, tushingda ko‘rganingni aytib berib tur. U azon aytsin, uning ovozi senikidan kuchli», dedilar.
Men Bilol bilan birga turib, aytib turdim, u azon aytdi. Buni uyida turib eshitgan Umar ibn Xattob ridosini sudrab, yugurib chiqdi va:
«Ey Allohning Rasuli, sizni haq ila yuborgan Zotga qasamki, men ham shunga o‘xshash tush ko‘rdim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Allohga hamdlar bo‘lsin!», dedilar.
Ushbu rivoyatlar bilan tanishib chiqqan har bir odamda quyidagi savollarning paydo bo‘lishi turgan gap:
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak tillaridan vorid bo‘lgan hadisi shariflarda bundoq oliy darajada maqtalayotgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tushlarida dini eng uzun ko‘ylakli shaxs bo‘lib ko‘-ringan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tushlarida u zotdan ortgan ilmga sohib bo‘lib ko‘ringan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Bani Isroilda anbiyolardan bo‘lmasalar ham, gapi to‘g‘ri keladigan kishilar bor edi. Agar mening ummatimda birorta o‘shandoq odam bo‘lsa, Umar bo‘lardi», deb ulug‘lagan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Ba'zi fikrlariga muvofiq bo‘lib, Qur'on oyatlari nozil bo‘ladigan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh haqni Umarning tilida va dilida qilgandir», deb vasf qilgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar mendan keyin nabiy bo‘lganda, albatta, Umar ibn Xattob bo‘lar edi», deb vasf qilgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Abu Bakr: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Quyosh Umardan ko‘ra yaxshiroq odamning ustidan chiqmagan», deganlarini eshitganman», deb bashorat bergan inson, ya'ni, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kim o‘zi?
Ushbu savollarga javob topish uchun, eng muhimi o‘rnak olish uchun Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning buyuk hayotlarini Alloh qodir qilganicha va qo‘ldan kelganicha o‘rganib chiqaylik.
Abdumannonov Nursulton,
Samarqand shahar "Damariq" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 07/06/2022 07:13; Ko‘rilganligi: 906
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 23:16