O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Hasad – nafs kasalliklaridan biridir

 
 

Keling, avval “hasad nima?” degan savolga javob beraylik.

“Hasad” lug‘atda “biror narsani terisini shilmoq yoki qirmoq” degan ma'noni bildiradi. Uning istilohiy ma'nosi haqida ulamolar shunday deydilar:

“Hasad - birovga yetgan ne'matga rashk bilan qarash va o‘sha ne'matning o‘z sohibdan ketib, hasadchiga yetib kelishini qattiq xohlash”.

“Hasad – nafs kasalliklaridan biridir. Balki nafs kasalliklarininig aksari shundandir. Undan ozchilik odamlargina qutula oladilar. Shuning uchun ham: “Tana Hasaddan xoliy bo‘lmagan. Faqat uni pastkash oshkor qiladi, karim odam yashiradi”, deb bejiz aytishmagan (“Amrozul-qulub va shifauha”).

Agar inson boshqa bir kishiga yetgan ne'matdan sevinib, o‘sha ne'matni o‘z egasida barqaror bo‘lishini xohlagani holda, o‘ziga ham berilishini tilasa, havas qilgan bo‘ladi.
Hasad katta gunohdir. Havas esa, gunoh sanalmaydi. Chunki, hasadchi birovga yomonlikni ravo ko‘radi, havaschi esa, o‘zgaga yetgan yaxshilikdan xursand bo‘ladi va o‘ziga shu kabi ne'matning berilishini orzu qiladi.

 Alloh taolo aytdi:

Yoki odamlarga (ya'ni Muhammad alayhissalomga) Alloh o‘z fazlu karamidan bergan narsaga (ya'ni payg‘ambarlikka) hasad qilyaptilarmi!” (Niso: 54);

“... va Hasad qilayotgan Hasadgo‘yning yomonligidan panoh berishini so‘rab (Robbimga) iltijo qilaman” (Falaq: 5).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Badgumonlikdan saqlaning. Albatta, badgumonlik eng yomon yolg‘onchilikdir. Poylash va josuslik bilan shug‘ullanmang. Kim o‘zarga urinib o‘zaro hasad qilishmang. Bir biringizni yomon ko‘rmang va bir biringizga qarshi tadbir qilmang. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar”, dedilar”. To‘rtovlari rivoyat qilgan.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: “Hasaddan saqlaniglar! Shubhasiz, hasad xuddi olov o‘tinni yoki hashakni yegandek hasanotlarni yeydi”. Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilgan.

Zubayr ibn Avom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga sizdan oldingi ummatlarniing dardi; hasad va yomon ko‘rishlik o‘rmalab kirdi. U qiruvchidir. Sochni qiruvchi demayman. Lekin u dinni qiradi. Jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, mo‘min bo‘lmagunlaringcha jannatga kirmaysizlar. Bir biringizga muhabbat qo‘ymaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar. Sizlarga o‘sha narsangizni sobit qiladigan narsani aytaymi? Orangizda salomni tarqating”, dedilar”.

Sharh: Ushbu hadisi shariflarda asosan hasad haqida so‘z ketmoqda. Ma'lumki, eng katta ma'naviy jinoyatlardan hisoblangan hasad ko‘plab zarar keltiruvchi ijtimoiy darddir. Ha, hasad aynan yomon darddir. Bu dard ham hasadchining o‘zini ham boshqalarni kuydirib, kul qiladi.

Islomda boshqa ma'naviy jinoyatlar qatori hasad ham qattiq qoralanadi va katta gunoh hisoblanadi. Qur'oni Karimning oyatlarini diqqat bilan o‘qigan odam, Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning so‘zlarini, u kishining mo‘jizalarini, u kishiga Qur'on tushayotganini ko‘rib-bilib turib ham iymonga kirmaganlar uchun asosiy to‘siq hasad bo‘lganini yaxshi bilib oladi. Yahudiylar: nima uchun bizdan emas, arablardan payg‘ambar chiqadi, deya hasad qilib Islomga kirmadilar. Boshqa arab qabilalari ham avval boshda shunga o‘xshash harakat qilib, Qurayshga hasad qildilar. Qurayshning ko‘pchilik zodaganlari esa, nima uchun bir kambag‘al-etim payg‘ambar bo‘lar ekan-u, biz aslzodalar, qavmning rahbarlari esa unga ergashishimiz kerak ekan, degan hasad bilan musulmon bo‘lmadilar. Ko‘rib turibmizki, hasad - katta halokatlarga olib boradigan dard ekan. Hatto eng katta badbaxtlik hisoblangan kofirlikka ham sabab bo‘lar ekan.

Demak, qalbida hasadi bor kishining Islomga kirishi ham amri mahol ekan.
Xuddi shu ma'noni Ibn Hibbon Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifdan tushunib olamiz. Bu hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam:
“Mo‘min bandaning ichida Allohning yo‘lidagi (amalda yutilgan) chang va jahannamning olovi jam bo‘lmaydi. Bir bandaning ichida iymon bilan hasad jam bo‘lmaydi”, deganlar.

Ushbu hadisi sharifda ikki turli narsa bir bandaning qalbida jam bo‘lmasligining xabari berilmoqda.

Birinchisi: Allohning yo‘lida ish qilib, shu asnoda chang yutgan odamning ichiga jahannamning olovi kirmasligi, ya'ni, o‘sha odam jahannamdan ozod bo‘lib jannat ahlidan bo‘lishligidir.

Ikkinchisi esa, bir bandaning ichida iymon bilan hasadning jam bo‘lmasligi.
Demak, iymon bilan hasad xuddi olov bilan suvdek bir-biriga tamoman zid narsalar ekan. Biri bor joyda ikkinchisi bo‘lmas ekan. Boshimizga yetgan va yetayotgan balo-ofatlar bekorga emasligini shundan tushunib olsak ham bo‘ladi. Shu sababdan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmon kishining diniga hasad qiluvchilarni qo‘radagi qo‘ylarga qo‘yib yuborilgan och bo‘rilarga o‘xshatganlar. Shuning uchun ham avvalgi zikr qilingan hadislardan birida “Hasad bilan iymon bir kishida jam bo‘lmasligini” bayon qilganlar.

Shuning uchun ham Imomi Tabaroniy Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam jumladan: “Hasad egasi mendan emas”, deganlar.

Ya'nikim, hasadchi mening ummatim emas, deganlaridir. O‘zini bilgan odam uchun bunday holga tushishdan ham ortiqroq badbaxtlik yo‘qdir. Har bir inson boshqa ma'naviy jinoyatlardan qutula borish barobarida, hasad kabi katta ma'naviy jinoyatdan ham qutulishi shart. O‘shandagina elu yurtimizda biror yaxshilikdan umid qilsak bo‘ladi. Har birimiz hasaddan forig‘ bo‘lib, qalbimiz toza holga kelib, quyidagi hadisda zikr qilingan saodatmand sahobiy roziyallohu anhu darajasiga yetishishga harakat qilishimiz lozim.

Najmiddinxon Hamzayev – Urgut tuman “G‘o‘s” jome masjidi imom-xatibi

 


Kiritilgan vaqti: 05/08/2020 16:31;   Ko‘rilganligi: 1440
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/hasad-nafs-kasalliklaridan-biridir
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 05:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing