O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Har qanday gunoh – jinoyat sanaladi

 
 

Biz hayotda qilishligimiz man qilingan ishlar qonunlarimiz oldida jinoyat, shariatimiz xukumlarida esa gunoh hisoblanadi-suhbatimiz davomida jinoyat so‘zini-gunoh deb so‘z yuritamiz.

Inson bu hayoti dunyoda yashar ekan, tinimsiz turli gunohlar sodir etib turadi. Alloh taolo imtihon uchun gunohlarni nafsga yoqadigan qilib, ustiga-ustak shaytonga uni bezab-ziynatlab turishni amr qildi. Kishi gunohlarga yo‘liqqanida o‘zini tiyib, saqlanishi uchun ham anchagina sabr-matonat lozim bo‘ladi. O‘sha sabr matonat faqat iymon tufayli paydo bo‘ladi.

Alloh taola  Kur'oni karimda shunday marhamat qiladi: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini gunoh ila yeyishingiz uchun uni hokimlarga tashlamang”. Baqara 188. 

Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni bir-birlarining molini botil – harom yo‘l bilan yemoqdan qaytarmoqda.

Ushbu oyati karimani tushuntirish uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

«Bu degani – bir odam qarzdor bo‘ladi, lekin o‘ziga qarshi hujjat yo‘qligidan foydalanib, u molni olganidan tonadi. Birovning molini haromdan yeb, gunohkor bo‘layotganini bilib turib, hokimga arz qiladi», – degan ekanlar. Go‘yo hokim hukm qilsa, gunoh gunohlikdan tushib, harom mol halolga aylanib qoladigandek. Holbuki, halol hokimning hukmi ila harom bo‘lib qolmaydi yoki aksincha ham bo‘lmaydi. Balki aynan hamma narsani ko‘rib, bilib turuvchi Allohning hukmi bilan halol yoki harom bo‘ladi. Hokim hamma narsani ko‘ra olmaydi, bila olmaydi. U sirtdan ko‘rganiga, talashayotganlarning gapiga, ularning hujjatlariga qarab hukm chiqaradi.

Imom Buxoriy Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: «Men bir odamman, xolos. talashganlar huzurimga keladilar. Ba'zilari boshqalaridan ko‘ra hujjatini yaxshiroq ko‘rsatib yuborishi, men esa uning foydasiga hukm qilishim mumkin. Kimga bir musulmonning haqqidan hukm qilib bersam, u do‘zax o‘tidan bir bo‘lakdir. Xohlasa olib, xohlasa qoldirib ketsin», – deganlar. Zohirga qarab hukm chiqargani uchun hokim gunohkor bo‘lmaydi. Imom Qurtubiy: «Oyatdagi «botil yo‘l bilan yemaslik»ka haromning barcha turlari: qimor, aldamchilik, harom narsalarni sotib, mol topish, harom kasblarni qilib, mol topish va boshqalar kiradi», – deganlar.

G‘azzoliy rahimahulloh aytadi: “Tijorat niyatida yo‘lga chiqqan savdogar safar mobaynida turli muammo va mashaqqatlarga ro‘baro‘ bo‘ladi. U na yeb-ichishda va na yotib-turishda xuzur- xalovatga ega bo‘ladi. Balki qo‘liga kirgan narsani yeb-ichib, to‘g‘ri kelgan yerda yotib-turib ketaveradi. Va duch kelgan mashaqqatlarga e'tibor bermay, sabr-matonatli bo‘ladi. Uning bunday xotirjam va sabrli bo‘lishiga dalda berayotgan narsa - o‘z yurtiga olib borib sotadigan molidan erishadigan foydadir. Savdogar shu sababli har turli mashaqqatlarga qo‘l siltaydi, o‘tib ketadi deb xotirjam bo‘ladi. Tijoratidan ko‘radigan foyda, uni har qanday mashaqqat oldida matonatli qilib qo‘yadi.”

Azizlar qisqacha ma'ruzamizdan xulosa shulki haqiqiy mo‘min ham xuddi shu kabidir. Safardagi savdogar foydaga ko‘zi yetgani uchun har qanday mashaqqatlarga sabr qilgani kabi, mo‘min kishi ham oxiratda ko‘radigan foyda - Jannatni eslab har qanday lazzatli ko‘ringan gunohdan voz kechib, sabr-qanoatli bo‘ladi. Gunohdan voz kechib qilmadimi demak jamiyatimizda jinoyat kamayadi, jinoyat yo‘q yurtda albatta fayz baraka mehr-oqibat,taraqqiyot rivojlanish bo‘ladi.

Shijoatning, jasoratning mahsuli bu,

Irodaning, zakovatning mahsuli bu,

Ulug‘ Inson tanlab olgan haq yo‘li bu,

O‘zbekiston, bundayin baxt o‘zi kelmas,

Oydan tushgan emas, ko‘kdan tushgan emas.   Iqbol Mirzo

Alloh yurtimizni taraqqiyotini ziyoda qilgin xalqimizni bu yo‘lda fidoyi qilgin.

M.Elmurodov - Narpay tuman Xo‘jaqo‘rg‘on jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 25/07/2020 17:49;   Ko‘rilganligi: 1309
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/har-qanday-gunoh-jinoyat-sanaladi
Chop etilgan vaqti: 14/07/2025 17:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing