Hanafiy mazhabida “Takbiri tahrima” va qo‘l bog‘lash
Namoz “Allohu akbar”, deb takbir aytish bilan boshlanishi barchamizga ma'lum. Keyingi vaqtlarda turli sabablarga ko‘ra, ushbu takbir aytilayotganda “qo‘llar qay darajada ko‘tariladi va qanday tutiladi?”, degan savollar ko‘p uchramoqda. Chunki, mazhablarda takbir aytilayotganda qo‘llarni ko‘tarilish darajasida ikki xil fikrlar mavjud. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va “takbiri tahrima” aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Boshqa mazhablarning fikricha “Takbiri tahrima”da qo‘llar yelka barobarigacha ko‘tariladi. Har ikkala qarashning ham dalillari mavjud bo‘lib, qaysi mazhab, qaysi diyorlarda keng yoyilgan bo‘lsa, o‘sha joydagi musulmonlar mazhablarida ko‘rsatilgan amalni bajaraverishlari joiz bo‘ladi.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, agar barcha o‘z mazhabiga amal qilsa, muammo yo‘q. Ammo ming yillardan beri hanafiy mazhabiga amal qilinib kelayotgan yurtda tug‘ilib-o‘sgan kishilar, ota-bobolarining mazhabiga zid ravishda, ko‘pchilik jamoatdan ajralib namoz o‘qishlari muammo va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Tortishuvga sabab bo‘lgan masalalari sunnat yoki mustahab darajasidagi kichik amal bo‘lsa-da, tortishuvlarining natijasi harom bo‘lgan amalga olib kelmoqda, ya'ni musulmonlar orasida ixtilof chiqarish, ularning bir-birlariga adovat va yomon nazar bilan qarashlariga sabab bo‘lmoqda.
Balkim, takbirni aytishda qo‘llarni quloq barobarigacha ko‘tarishni to‘g‘ri emas, deb o‘ylayotganlar ham bordir. Qo‘llarni bu darajada ko‘tarilishiga hadisi shariflarda bir qancha misollar bor. Shulardan ayrimlarini keltiramiz:
Voil ibn Hujr roziyallohu anhu: “Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar” (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad, uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Al-Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma'ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Mana, sahih hadislar bor ekan. Hech ikkilanmasdan takbir aytishda qo‘llarni ko‘tarib, quloqqa tekkizaverish kerak.
Endi, namozda qo‘llarni bog‘lash haqidagi ma'lumotlarga to‘xtalsak. Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, namozda turgan kishi qo‘llarini bir-biriga bog‘lab, kindik ostiga qo‘yadi. Bu haqda bir qancha rivoyatlar mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba'zilarini keltiramiz.
Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan, u zot otalaridan rivoyat qilinadi. «U zot aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozda o‘ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga – kindik ostiga qo‘yganlarini ko‘rdim“ (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati). “E'lous sunan” kitobida, bu hadisning roviylari ishonchlidir, deyilgan. Yana bir rivoyatda shunday keladi:
Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qo‘yib, kindik ostida ushlanadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Namoz payti qiyomda qo‘l bog‘lash sunnat ekaniga hanafiy, shofeiy va hanbaliy mazhab imomlari ittifoq qilishgan. Biroq qo‘l bog‘lash kayfiyati borasida shofeiy va hanbaliy faqihlar hanafiy faqihlariga xilof qiladilar.
Yuqorida aytganimizdek, har bir mazhab o‘zining sahih dalillariga ega. Biz, hanafiylarning dalillarini keltirib o‘tdik. Demak, kim qaysi mazhabga ergashgan bo‘lsa, o‘shanga amal qilishi lozimdir. Bizning diyorlarda ming yillardan beri mo‘min-musulmonlar hanafiy mazhabiga ergashib kelganlar. Shu sabab namozning qiyomida qo‘lni bog‘lash masalasida ham hanafiy mazhabiga ergashamiz. Aks holda, noo‘rin ixtilof chiqarilgan bo‘ladi. Boshqa mazhablarning dalillarini topib olib, hanafiylarni chalg‘itib, odamlar orasida joriy qilish fitnaga sabab bo‘lishi, an'analarga bepisandlik bilan qarashlarga olib kelishi mumkin.
S. Boboyev - Samarqand shahar “Qo‘shbaqqoli” jome masjidi mimo xatibi
Kiritilgan vaqti: 19/09/2023 07:28; Ko‘rilganligi: 3133
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:42