Hajji mabrurning mukofoti faqatgina jannatdir
Ka'batulloh ziyorati – har bir musulmonning orzusi. Taassuflar bo‘lsinki, millatimizning ne-ne fozil farzandlari uchun bu orzu armonga aylangan zamonlar ham bo‘lgan edi. Yaratganning buyuk in'omi – mustaqillik yillarida ushbu ibodat uchun ham muayyan sharoitlar yaratila boshlandi. Keyingi yillarda esa boshqa barcha sohalarda bo‘lgani singari haj ibodati uchun mamlakatimizda har qachongidan ham keng imkoniyatlar yaratildi.
Barchamizga ma'lum o‘tgan ikki yil dunyoda keng tarqalgan virus sabab haj ibodatini ado etish hech bir musulmonga nasib qilmadi. Alhamdulillah, bu yil yana ka'bai muazzamani ziyorat qilib, islomning beshinchi arkoni bo‘lmish haj ibodatini bajarish uchun ziyoratga yo‘l ochilmoqda.
Xo‘sh, bu yilgi haj ziyorati O‘zbekiston musulmonlari uchun qanday amalga oshiriladi. Bugun “Haj – 2022” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda hajga doir bir qancha masalalar ochiqlandi. Jumladan, Saudiya Arabistoni tomoni bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng joriy yil O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 10 865 nafar etib belgilani ma'lum qilindi. 2019 yilda esa bu ko‘rsatkich 7 200 nafarni tashkil etgan edi. Joriy haj mavsumi uchun haj kvotasining oshirilgani, shubhasiz, yurtimiz ziyoratchilari uchun juda katta xushxabar bo‘ldi.
Ma'lumki, Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi pandemiya hamon davom etayotgani tufayli “Haj – 2022” bayonotida bir qator talab va cheklovlarni e'lon qildi. Har mavsumda 4 milliondan ziyod ziyoratchilar haj ibodatini ado etishayotgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 1 milliondan ortiqroqni tashkil qilmoqda. Ziyoratchilar soni dunyo miqyosida shuncha cheklanishiga qaramay O‘zbekistonlik hojilar uchun kvotaning oshirilishi ham katta ne'matdir.
Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi tomonidan qo‘yilgan qat'iy karantin talabga ko‘ra, “Haj-2022” mavsumida ishtirok etish yosh chegarasi 65 yoshgacha etib belgilandi.
Umid qilamizki, ushbu yosh bo‘yicha cheklov vaqtincha bo‘lib, kelgusi haj mavsumlarida yoshi ulug‘ insonlarni ham bu muborak amalni ado etish saodatiga erishadilar, insha Alloh.
Shuningdek, haj safari narxlarida ham o‘zgarishlar bor. Qayd etilishicha, narxlarning oshishiga Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta'sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingan, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshgani sabab bo‘lgan.
Haj har bir musulmonning orzusidir. Chunki u sababli kishi onadan qayta tug‘ilgandek gunohlaridan poklanadi. Dunyodagi musulmonlar birdamligiga guvoh bo‘ladi va olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli Payg‘ambarimizni (s.a.v)ziyorat qilish baxtiga musharraf bo‘ladi. Qur'oni karim oyatlari va hadis shariflardan ma'lum bo‘ladiki haj, Islom arkonlaridan biri ekan. Bas yo‘lga qodir musulmon, umri davomida bir marotaba haj ibodatini amalga oshirishi bilan Islom arkonlaridan birini ado etgan sanaladi.
Albatta bu ulug‘ ibodat faqat Yaratganning roziligi uchun bo‘lmoqligi lozim. Riyo va gunohlardan xoli, saxiylik hamda husni xulq ila ixlos bilan amalga oshirilgan haj – “hajji mabrur” deb ataladi. Bunday haj xususida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabi (s.a.v) shunday marhamat qiladilar:
“Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi”.
Haj ibodatini ado etishni niyat qilgan har mo‘min-musulmon kishini Alloh taoloning o‘zi chaqirishini nasib qilsin.
ZAYNIDDIN ESHONQULOV
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakili
Kiritilgan vaqti: 03/06/2022 22:22; Ko‘rilganligi: 833
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:45