Hadis illatlarining tabibi
IX asrda Markaziy Osiyoda turli din ilmlari, tabobat, aljabr va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirib, ularning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yetishib chiqqan. Jumladan, buyuk faylasuf Abu Nasr al-Forobiy, jug‘rofiya fani olimi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammadin Muhammad ibn Nasir Al-Farg‘oniy, mashhur tabib Abu Ali Ibn Sino, hadis ilmi podshosi va “Sahih ul Buxoriy” kitobining muallifi Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy kabi buyuk allomalar davri edi.
810 yil 19 iyul. Ko‘hna Buxoro shahri. Bu kun dunyoga muhaddislar imomi va hadis ilmining sultoni bo‘lmish Muhammad ibn Ismoilni olib keldi. U kishining to‘liq ismlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim Ibn Al-Mug‘ira Al Ju'fiy Al-Buxoriydir. Otasi Ismoil ham o‘z davrining olimlaridan bo‘lganligi sababli Imom Buxoriyning tug‘ilgan sanalarida hech qanday shubha yo‘q, otalari o‘g‘illarining tug‘ilgan kunini o‘z qo‘li bilan yozib ketgan. Yoshlik chog‘laridayoq otalari vafot etib, onalarining qo‘lida tarbiya olgan. Yoshligida Abdulloh ibn Al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to‘plamlarini yod olgan, ustozi Shayx Dohiyli bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan. 16 yoshlarida esa onalari va otalari bilan Hijozga qarab yo‘l tutadi. Makka va Madina shaharlarini ziyorat qilgach, Hijozda 6 yil, Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarda bir necha yillar yashab, bu yerlarda hadis bilan bir qatorda fiqh fanini ham o‘rganadilar.
Nishopurlik Al-Hakimiyning yozishicha, ustozlarining soni 90 talar atrofida bo‘lgan. Ular: Yusuf Al-G‘aryobiy, Musa Al-Abasiy, Ibn Rohaviyh nomi bilan mashhur bo‘lgan imom Isxoq ibn Ibrohim kabilardir.
Bizga hadislarni yetib kelishida matonat ko‘rsatgan Imom Buxoriy yirik olimgina bo‘lib qolmay, u kishi o‘zlarining axloqlari bilan ham namuna bo‘ldilar. U zot o‘tkir zehn egasi va yodlash qobiliyati kuchli inson bo‘lganlar. Ilm-ma'rifatga bo‘lgan ishtiyoqlari bilan tanilganlar. Manbalarda esa Imom Buxoriyning 600 000ga yaqin hadislarni yoddan bilgani aytiladi.
Buxoriy hazratlarining ilmga bo‘lgan cheksiz muhabbati barchani hayratda qoldirgan. Ularning mashaqqat va chekkan ulkan zahmati islom poydevorini yuksaltirib, qalblarga Allohga va Rasulimiz sallollohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatni sho‘lalantirdi. Imom Buxoriy og‘ir va mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tsada, qiyomatga qadar musulmonlar uchun boy ilmiy meros qoldirdi. Nodir manba bo‘lgan bu asarlarning soni 20 tadan ortiqdir. Ular orasida shox asar - eng sahih hadislarni o‘zida jamlangan “Sahil ul-Buxoriy” kitobidir. “Sahih ul-Buxoriy”ning ajralib turadigan xislati shundan iboratki, ungacha hadis jamlagan muhaddislar o‘z kitoblariga eshitgan barcha hadislarini sanadlari va ishonchli tomonlariga e'tibor qilmay kiritaverganlar. Ammo hadis ilmining gultoji bo‘lmish imom Buxoriy roviylarga va sanadlarga alohida e'tibor qaratib, ularning ishonchli bo‘lganlarini ajratgan holda alohida kitob shaklda keltirganlar. Bu asar o‘z ichiga takrorlanadigan hadislar bilan 7275tani, takrorlanmaydigan holda esa 4 000 ta hadisni oladi. Bu hadislarni yig‘ish jarayoni muhaddisdan juda katta mehnat va mashaqqatlarni talab qilgan. Yuqorida qayd etganimiz kabi hadis ilmini o‘rganish va hadislarni to‘plash maqsadida Imom Buxoriy 20 yilga yaqin muddat davomida ko‘plab shaharlarda ilm safarida bo‘ldilar. Allohning roziligi, din ilmlarini ravnaqi, hadis ilminining rivoji uchun vatandan va oiladan uzoq bo‘ldi.
Takidlash joizki, muallif asari uchun ma'lumotlar to‘plashga va ularni ta'lif etishga ko‘p ham shoshilmagan, balki, puxta ilmiy poydevorga (manbaga) tayangan mukammal reja asosida ish yuritgan. Bu hol hadislarni to‘plashda ham, ularni tartibga keltirishda ham, ularni yozilish muddatida (16 yil davomida) ham muhim ahamiyat kasb etgan. Imom Buxoriyning o‘ziga xos uslubida ul zot yiqqan hadislar roviylarining hissasi muhim o‘rin to‘tadi. Chunonchi, bu xususda manbalarda “Sahih”ni Imom Buxoriydan yetmish, tuqson, yuz ming roviy rivoyat qilgani qayd etilgan. Bunday roviylar sirasida Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Abu Zurra, Imom Termiziy, Ibn Huzayma kabi hadis ilmining yetuk darg‘alari ham bo‘lgan. Hadislarni roviylardan yozib olish borasida ham Imom Buxoriy juda zo‘r mas'uliyat va ehtiyotkorlik bilan ish tutib, ularni faqat eng ishonchli olim-u ulamolardan qayta-qayta tekshirib, yozib olgan. Bu xususda allomaning o‘zlari: “Ming yoki undan ziyod ishonchli ulamolardan hadis yozib oldim, mening asarimga isnodi keltirilmagan bironta ham hadis kirmagan”, deb ta'kidlaganlar. Shu boisdan alloma hadis rivoyat qiladigan shaxslarning ahvoli, nasl-nasabi, hadisni kimdan eshitgani va boshqa bir talay masalalar mohiyatidan to‘liq xabardor bo‘lgachgina ulardan hadis yozib olganlar. Bu haqida Imom Buxoriy: “Biron kishidan hadis yozib olishim boshqalarnikiga o‘xshamas edi. Men agar biron shaxsdan hadis yozib olmoqchi bo‘lsam, eng avvalo, uning ismi sharifi, kunyasi, nasl-nasabi, aytayotgan hadisini qanday manbadan olgani, uning nusxalari haqidagi xabarlarni so‘rab-surishtirar edim, ammo boshqalar bu masalalarga ko‘p ham e'tibor bermaydilar”, deya hikoya qilganlar.
Al-Qastaloniy bunday deydilar: “Uning afzalliklari xususiga kelsak u bu borada yaratilgan kitoblar ichida eng sahihi va har bir zamon ulamolari tomonidan quchoq ochib qabul qilingan asardir. U barcha ilm-fan va uning sohalari bo‘yicha yaratilgan har qanday asarlardan beqiyos darajada ustun bo‘lib, o‘zining afzalliklari va ahamiyati jihatidan islom ilmiga doir kitoblar orasida yulduzlar ichra quyosh yanglig‘ alohida ajralib turadi. Unga buyuk qahramonlar-u eng daho ulamolar ham yuksak baho berganlar, uning foydasi hisobsiz bo‘lib, sira sanog‘iga yetolmaysan!”.
Abu Zayd al-Marvaziy bunday deydilar: “(Bir kishi) men (Baytullohda) Rukn bilan Maqom oralig‘ida uxlab yotgan edim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni tush ko‘rdim. Shunda ul zot menga: “Ey Abu Zayd! Toqaygacha (Muhammad ibn Idris) Ash-Shofiiyning kitobini o‘qiysan, mening kitobimni o‘qimaysanmi?”, – deb marhamat qildilar. Men: “Yo Rasululloh! qaysi kitob Sizning kitobingiz?”, – dedim. Ul zot: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning to‘plami”, – deb javob qildilar”. Ash-Shayx Abu Muhammad Abdulloh ibn Abu Jamra bunday deydilar: “Men oriflardan birini uchratdim. Shunda u o‘zi uchratgan oriflar muxlisi bo‘lmish bir ulug‘ kishining bunday deb aytganini menga xabar qildi: “Imom Buxoriyning “Sahih”lari boshga kulfat tushganda o‘qilsa, mushkulni oson qilur, u bilan kemaga chiqqan yo‘lovchi esa (dengizda falokatdan) najot topur. Chunki Imom Buxoriy duolari mustajob bo‘ladigan zot bo‘lib, uni o‘qiydigan kishilarni duo qilganlar”. Al-Hofiz ibn Kasiyr bundam deydilar: “Imom Buxoriyning “Sahih”lari (qurg‘oqchilikda o‘qilsa, Alloh taoloning irodasi bilan) bulutlardan yomg‘ir yog‘adi va butun islom ahli undagi jamiki hadisi shariflarni yakdillik bilan maqbul va sahih deb topgandur”.
Qisqasi, Imom Buxoriyning “Al-Jome' as-sahih”lari sahihlik va boshqa jihatlardan ko‘pchilik nazdida yeng oliy maqomga egadir.
Bu asar yozilganiga 1 200 yildan oshgan bo‘lsa-da, hanuzgacha u barcha islom diyorlari va musulmon xonadonlarida Qur'oni karimdan keyin turuvchi muqaddas manba hisoblanadi. Hatto ko‘plab islom ta'lim muassasalarida hadis ilmining tayanchi bo‘lib kelmoqda.
Yaratganga shukr, diyorimiz mo‘min-musulmonlari ham buyuk bobomizning ilmiy meroslarini o‘rganib, unga amal qilib kelmoqda. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan 2019 yil Imom Buxoriy maqbaralari yonida Hadis ilmi oliy maktabi faoliyatini boshladi. Joriy yilda maktbaning dastlabki bitiruvchilari o‘qishni yakunlab, muhaddislik shahodatnomasini qo‘lga kiritdilar. Ulug‘ ajdodlarining ilmiy meroslarini ularga munosib bo‘lgan merosxo‘rlar davom ettirayotgani Allohning biz bandalarga fazli marhamatidir.
Alloh taolo imom Buxoriyga katta fazl va sharaf ato qildi. Ilm yo‘lida qilgan xizmatlari samarasi sifatida u kishining shuhratlarini butun dunyoga tarqatdi. Imom Buxoriy asrlar osha mo‘min-musulmonlar qalbining to‘ridan joy olib, ularning maqtovlariga va ulug‘lashlariga musharraf bo‘lib kelmoqdalar. U kishining maqtovida aytilgan va yozilgan gaplarni to‘liq keltirishning iloji yo‘q bo‘lsa kerak. Ularning ba'zilarini yodga olish bilan kifoyalanamiz:
Imom Navaviy aytadilar:
“Bilki, Buxoriyning oliy maqomi va bu ilmda o‘z tengdoshlari va o‘xshashlaridan peshqadam ekani o‘tgan va qolgan zamondagi barchaning ittifoqidir. Uning fazli uchun uni maqtagan va yaxshiliklarini tarqatganlarning ko‘pchiligi uning ko‘zga ko‘ringan shayxlari va mashhur sheriklaridir. Uning fazilatlarini sanashning imkoni yo‘q. Chunki ular sanash chegarasidan chiqqan va bir necha turlarga taqsimlangandir: yodlash, anglash, tahsil va rivoyatdagi ijtihod, ibodat va foyda, zohidlik va parhezkorlik, tadqiqot va puxtalik, ma'rifat, holatlar, karomatlar va boshqalar”.
Imom Buxoriy haqida imom Zahabiy aytadilar:
“U zakovatda, ilmda, parhezkorlikda va ibodatda bosh edi”.
Imom Buxoriy haqida imom Subkiy aytadilar:
“U musulmonlarning imomi, muvahhidlarning o‘rnagi, mo‘minlarning shayxi, Nabiylar sayyidining hadislari suyanchig‘i, din nizomi muhofizi va “Al-Jome' as-sahih”ning sohibidir”.
Bugun ham Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy hadis maktabi rahbarlari, ilmiy jamoalar, olimlar, ilmiy xodimlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari, nuroniylar ishtirokida “Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda Imom Buxoriy merosining ilmiy ahamiyatini, islom ta'limoti asoslaridan bo‘lgan hadislarni jamlab, ulardan ishonchlilarini saralab bergan buyuk muhaddis olim hayoti va ilmiy yo‘lini chuqur o‘rganish va jamoatchilik orasida zamonaviy usullarda keng targ‘ib qilish zaruratini alohida qayd etildi. Yakunda Imom Buxoriy majmuasida allomaning “Sahihi Buxoriy” asari xatm qilindi.
Mamlkatimizda buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini puxta o‘rganish, keng targ‘ib va tashviq qilish va hayotga tatbiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Imom Buxoriy hazratlarining ilmiy-ijodiy faoliyatlari bilan bir qatorda ul zotning hayotlari, axloq-odoblari, yuksak insoniy fazilatlarida biz uchun ibrat, namuna bordir. Imom Buxoriy barchamizning faxrimiz, iftixorimiz. Chunki, butun mmat uchun manfaatli ishni amalga oshirgan, qalblari esa doimo Parvardigor zikri bilan band bo‘lgan zotdirlar. Nomi yetti iqlimda mashhur bo‘lgan zotga munosib voris bo‘lish har birimizdan katta mas'uliyat talab etadi, albatta.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla Eshonqulov
Kiritilgan vaqti: 20/07/2024 14:28; Ko‘rilganligi: 369
Chop etilgan vaqti: 16/01/2025 19:22