Gunohning turlari
Inson zoti borki, xato qiladi, kamchilikka yo‘l qo‘yadi. Ba'zida bilib-bilmay gunohga qo‘l uradi. Bunday ishlardan tiyilmoq lozim. Quyida gunohlarning qismlarini bilib olishligimiz zarur bo‘ladi.
Gunoh uch turga bo‘linadi:
1 – Kechiriladigan gunoh;
2 – Kechirilmaydigan gunoh;
3 – Tark qilinmaydigan gunoh.
Kechiriladigan gunoh – banda va Robbisi o‘rtasida bo‘ladigan gunoh hisoblanadi. Alloh taolo xohlasa bandasini kechirib yuboradi. Ibodatda kamchilik qilish, zikr va duolarni kam qilish kabi qusurlarga banda goh-gohida yo‘l qo‘yadi. Alloh taolo esa bandalariga mehribon zot, bandalarning gunohlarini kechirishligini quyidagi oyati karimada xabarini bermoqda:
قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ
Sen (Men tarafimdan): “Ey o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir” deb ayt (Zumar surasi 53-oyat).
Banda har qachon qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, tavba qilar ekan Alloh taolo uning qilgan gunohlarini avf etadi. Faqat buning bitta sharti bor – uchinchi xil gunoh, ya'ni, tark qilinmaydigan gunoh qilmagan bo‘lishligi kerak. Xo‘sh bu qanday gunoh ekan? Quyida ikkinchi gunoh turidan oldin uchinchisini zikr etamiz.
Bu - kishi va boshqa bandalar o‘rtasida bo‘lgan gunohdir. Buni ham Alloh taolo kechiradi, faqat ikkinchi tomon ham uni kechirish kerak. Chunki, bu holatda zulm qilib qo‘ygan bandada mazlumning haqqi qolib ketadi. “Bandalarning haqqi barcha narsadan ustun”dir.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Shahidning qarzdan boshqa barcha ishlari kechiriladi”, deb keladi (Imom Muslim rivoyati). Chunki, qarz bandalarning haqlaridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bir kishi vafot etdi. Uning zimmasida qarzi bor edi. Kishilardan biri “Yo Allohning rosuli uning qarzi mening bo‘ynimda” dedi. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga janoza namozini o‘qidilar. Ikkinchi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishidan “Qarzni ado qildingmi?” dedilar. U kishi “yo‘q” dedi. Uchinchi kuni “Qarzni ado qildingmi?” dedilar. U kishi “Yo‘q” dedi. To‘rtinchi kuni “Qarzni ado qildingmi?” dedilar. U kishi “Ha” dedilar. U zot: “Ana endi uning tanasi sovudi” dedilar.
Ushbu hadisdan ko‘rinib turibdiki, bandalar o‘zaro haqlarini ado qilishliklari vojib.
Ikkinchi gunoh turiga kelsak, u kechirilmaydi. U qanday gunoh? U Alloh taolo mo‘minlarni zulmatdan nurga olib chiqqan vaqtdagi zulmat – shirkdir. Alloh taologa shirk keltirishlik eng katta gunoh hisoblanadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ وَمَنْ يُشْرِككْ بِاللَّهِ فَقَدِ افْتَرَى إِثْمًا عَظِيمًا
Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni, kimni xohlasa, kechiradir. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, katta gunohni to‘qibdir (Niso surasi 48-oyat).
Aslida, shirk–yaratuvchilikda, ibodat va tarbiyakunandalikda Allohdan boshqani Unga sherik deb bilishdir. Kim shirkka mansub aqidani o‘ziga munosib ko‘rsa yoki amalini qilsa, mushrik hisoblanadi.
Shirkning har bir ko‘rinishi katta zulmdir. Zulm bo‘lganda ham, Allohga, yaratgan zotga, rizq bergan zotga nisbatan zulmdir. Kimki shirk keltirsa, o‘zi bilan Alloh o‘rtasidagi aloqani uzgan bo‘ladi. U endi Allohning mag‘firatiga loyiq bo‘lmay qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo shirk keltirganlarning gunohini hech qachon kechirmaydi.
Imom Ibn Abi Hotim Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Allohga shirk keltirmay vafot etgan har bir jon mag‘firatga sazovordir. Alloh xohlasa, uni azoblaydi, xohlasa kechiradi. Albatta, Alloh o‘ziga shirk keltirilishini kechirmaydi. Undan boshqa gunohni, kimni xohlasa kechiradi”, deganlar.
Alloh taolo bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni o‘zi mag‘firat aylasin!
Xayrulloh Sattarov,
O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari
Kiritilgan vaqti: 15/08/2020 10:10; Ko‘rilganligi: 2657
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:57