GIYOHVANDLIK-UMRNING EGOVI
So‘nggi paytlarda tobora avj olayotgan odam savdosi, narkobiznes, xalqaro terrorizm va ekstremizm dunyo miqyosdagi eng xavfli jinoyatlardan sanaladi. Chunki ular hudud va chegara bilmaydi, millat va elat tanlamaydi, aksincha, barcha xalqlar tinchligi va ravnaqiga birdek rahna soladi. Insoniyatni turli kulfatlarga giriftor qilib, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-axloqiy va huquqiy jihatdan o‘ta xunuk va mudhish oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham barchasi yuqumli o‘lat – vaboga qiyoslanadi. Bu ta'rif bejiz emasligiga giyohvandlik balosi misolida ham ishonch hosil qilish mumkin.
Narkotik moddalarga ruju qo‘ygan kishida avval tajanglik, kayfiyatsizlik, xotira susayishi kabi ruhiy o‘zgarishlar, keyin terlash, yurak urishi, og‘iz qurishi, ozib ketish, qo‘l-oyoq qaltirashi singari jismoniy o‘zgarishlar va bog‘lanib qolishlar ro‘y beradi. Zahri qotilni vaqtida qabul qilmasa, xumorlik sindromi deb ataluvchi og‘ir dardga yo‘liqadi. Muntazam iste'mol qilsa, o‘tkir yoki surunkali zaharlanadi. Birinchisida jazavaga tushib, besabab kuladi, gohida yig‘laydi. Bora-bora giyohvandlik moddasiga ruhan va jismonan mute bo‘lib qoladi, hayot zavqini ularsiz tasavvur qilolmaydi.
Surunkali zaharlanishda bangi odamning ruhiyati va fe'l-atvori tez-tez o‘zgarib turadi. U tajovuzkor, jahldor va tajang kimsaga aylanadi, irodasi va aqliy qobiliyati susayib, xatti-harakatlarini nazorat qilolmaydi. O‘z talabini qondirishni, qiyinchiliklarga dosh berishni eplolmaydi. Go‘yoki birov uni ta'qib qilayotganday, sal narsadan xavotirlanib, vasvasaga beriladi. “Tapbosdi” qilganda yurak-qon tomir va nafas olish tizimi susayib, terisi ko‘karadi, qon aralash ichi ketishi, terisi qichishi, badanini har xil toshmalar qoplashi, vujudi qaltirashi, ko‘ngli aynashi, qon bosimi pasayishi kuzatiladi. U o‘lib qolishdan vahimaga tusha boshlaydi.
Giyohvandlik insoniyatni tanazzul botqog‘i sari boshlayotgan eng xavfli vositalardan biri hisoblanadi. Chunki eng vahshiy qotillik va xunrezliklar ko‘p hollarda giyohvand moddalar ta'siriga tushib, o‘zligini tamoman yo‘qotgan odamlar tomonidan sodir etilayotir.
Endi butun bashariyatning giyohvand bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Bu holda hech qanday sog‘lom muhit qolmaydi, maqsad va maslaklar o‘z kuchini yo‘qotadi. Shu jihatdan ham giyohvandlik tarqalishining oldini olish, narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yish eng dolzarb muammolardan biridir.
Dinimiz halol qilib berilgan narsa – pok; pokiza rizq topish uchun harakat qilish esa ibodatdir. Agar buning aksi bo‘lsa, o‘sha narsa harom va uning iste'mol qilgan kishilar gunohkor bo‘ladi. Darhaqiqat, insonga zarar keltiruvchi, ayniqsa, aqlni ketkazuvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalar dinimizda harom qilingan. Hadislarda zikr qilingan bo‘shashtiruvchilik sifati ajnabiy tillarda narkotik deb nomlangan giyohvandlik moddalarining ifodasidir.
Boshqa bir hadisda: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday xamr haromdir”, deyiladi. Bu hadisdan ham giyohvandlikning har qanday ko‘rinishi harom ekani ayon bo‘ladi. Shunga ko‘ra, mast qiluvchi ichimliklarning hukmi, zararlari, oqibatlari haqidagi barcha oyat va hadislar giyohvand moddalarga ham tegishlidir. Giyohvandlikning o‘limga olib kelishidan uni iste'mol qilgan kishi o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi, degan xulosa kelib chiqadi. Bu esa gunohi kabiradir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki: “Kim o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azoblanadi”. Alloh taolo bandalariga mehribon bo‘lgani uchun ham ularga zararli bo‘lgan narsalarni man' qilgan. Banda ushbu chegaradan chiqsa hamda man' qilingan narsalardan saqlanmasa, o‘ziga va boshqalarga zarar yetkazadi. Bu esa dinimiz ko‘rsatmalariga zid amaldir.
Demak, giyohvandlikka qarshi kurash hammamizning burchimiz ekan. Bu qabih ishni bilgach, o‘zini oilasini, yaqinlarini butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir kishi giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo‘lmog‘i zarur. Shu qabih ish ortidan tez boyib olishni istagan odamlar qanchadan-qancha kishilarning umriga zomin bo‘layotganiga befarq qarab turish mumkin emas.
Bu razolat manbai sanalmish giyohlar oliy o‘quv yurtlari talabalaridan tortib, boshlang‘ich va o‘rta ta'lim dargohlarigacha kirib kelayotgani, erkagu ayollar o‘rtasida barobar ildiz otib falak yozayotgani aql-idrokli kishilarni befarq qoldirmasligi kerak.
Zayniddin Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyati vakili (manbalar asosida)
Kiritilgan vaqti: 02/12/2019 16:34; Ko‘rilganligi: 1542
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 16:22