O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Giyohvandlik illati

 
 

Muqaddas dinimizning barhayot ta'limoti Alloh taoloning iroda va qudrati ila dunyoga kelgan har bir insonning jismi, aqli va ruhiyatiga ta'sir qiladigan va zarar beradigan turli zararli ichimliklardan, barcha turdagi giyohvandlik, chekish kabi illatlardan saqlanmog‘i vojib bo‘ladi.

Giyohvandlik Alloh taolo insonga ato etgan jon, jism, aql va mol-mulk kabi ne'matlarining zavoliga sabab bo‘layotganini bugun hamma yaxshi tushunib turibdi. Biroq, shunga qaramay, bu narsalar ko‘paysa ko‘payyaptiki, lekin kamaymayapti. Narkotik modda iste'mol qilib yurganlar orasida erkagu ayol ham, yoshu qari ham, maktab, kollej, litsey, institut, universitet talabalari ham topilyapti.

Buning sababi nima? Buning sababi – Alloh va Uning Rasulining amriga yurmaslik, qiyomat va oxiratdagi so‘roq-savoldan qo‘rqmaslikdir. Inson nafsini jilovlay olmayapti. Demak, bu borada bizga eng katta yordam beradigan muolaja ruhiy tarbiyadir. Har birimiz o‘zimizning, farzandlarimizning ruhiy tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanmog‘imiz kerak, chunki inson o‘z nafsini jilovlay olsagina bu ajal og‘usidan o‘zini to‘xtata oladi. Nima uchun ko‘pchilik bu zahri qotilni totib ko‘radi? Chunki ular mana shu tamaki mahsulotlari yoki giyohvand moddalari bilan hayotdagi muammolarimni, g‘am-tashvishlarimni biroz unutaman, asabim buzilib, yuragimning siqilganini aritaman deb o‘ylashadi.

Vaholanki, ularni iste'mol qilgan bilan bu muammolar yo‘qolmaydi, bu tashvishlar bartaraf bo‘lmaydi, inson o‘zini o‘zi aldab, qisqagina fursat ularni esidan chiqaradi, xolos. Ojizu notavon inson buni bilib turib, o‘zini ajal domiga tashlaydi.

Insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug‘ ne'mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Bu haqda Ummu Salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytdilar:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Hozirda ayrim o‘quvchi-yoshlar va hatto o‘rta yoshdagi kishilar orasida giyohvand moddalardan tashkari psixotrop dori vositalari iste'moliga o‘rganish holatlari uchramoqda. Bu dori vositalarida ham mast qilish va o‘rgatib qo‘yish xususiyati bor. Ko‘cha-ko‘yda bunday dorilarni iste'mol qilayottanlarni ko‘rib ko‘rmaslikka olish, mening farzandim bu dorilarni iste'mol qilmaydi, deb xotirjamlikka berilish aslo to‘g‘ri emas. Chunki giyohvandlik balosi keng tarqalsa, hech kim farzandidan xotirjam bo‘la olmaydi. Bu illatlarga amri ma'ruf nahyi munkar yordamida qarshi turaylik.

Mast qiluvchi ichimliklarning hukmi, zararli oqibatlari haqidagi barcha oyat va hadislarning hukmi giyohvand moddalarga ham tegishlidir. Giyohvandlik kishini sekin-sekin (gohida esa tezda) o‘limga olib keladi. Bu narsalarni iste'mol qilish bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi. Bu esa katta gunoxdir.

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday buyurgan: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang” (Niso surasi, 29-oyat).

Yana bir yomon jihati shuki, psixotrop moddalar iste'moli sababli erkaklarda oila ma'suliyati unutilib, o‘z kayfi bilan ovora bo‘lib qolmoqda. Natijada yosh oilalarning buzilishi, farzandlarning tirik yetim qolishi, ulardan tug‘ilgan bolalar orasida aqliy va jismoniy nogiron bolalarning ko‘payish holatlari vujudga kelyapti. Bu ko‘z yumib bo‘lmaydigan ilmiy, isbotlangan haqiqatdir.

Alloma ibn Hojar al-Makkiyning “Fatovoi Kabir”ida aytilishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste'mol qilishda bir qancha zararlar mavjud: u inson tafakkurini o‘tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo‘qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar yetkazadi”. Bundan tashqari, bu zararli illat insonni o‘ta yalqov, kamg‘ayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qo‘yadi, ko‘zni xiralashtiradi, tishlarni to‘kib yuboradi.

Inson hayotiga xavf tug‘diradigan , ayniqsa, yoshlar hayotiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlikka qarshi kurashish har birimizning muhim ishlarimizdan bo‘lmog‘i lozim. Zero, millatimiz, dinimiz, yashayotgan jamiyatimiz uchun  zararli bo‘lgan giyohvandlik illatini yo‘qotish  va bu illatni tarqalishini oldini olish har birimizning burchimizdir. 

Odiljon Narzullayev,

Yangiyo‘l tuman “Imom Sulton”

jome masjidi imom-xatibi.


Kiritilgan vaqti: 01/08/2024 14:49;   Ko‘rilganligi: 223
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/giyohvandlik-illati
Chop etilgan vaqti: 16/01/2025 21:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing