O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

G‘IYBAT O‘ZI NIMA?

 
 

G‘iybatning ta'rifi shuki, biror kishining yomon sifatini uning o‘zi yo‘qligida, eshitsa unga og‘ir botadigan, dili ranjiydigan tarzda bayon etishga aytiladi. Bunday g‘iybat qiluvchi tili bilan aytsin, qo‘li bilan yozsin yoki tana a'zolarining birisi bilan ishora qilsin, g‘iybat qilingan kishi hoh kofir, xoh musulmon bo‘lsin, buning ahamiyati yo‘q. Kishida mavjud bo‘lmagan ayb haqida gapirish esa tuhmat va bo‘hton hisoblanadi.

Bir kuni bir necha sahobiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edilar. Bir odam majlisdan turib ketgach, sahobiylar: “Bu odam juda zaif ekan”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar uni g‘iybat qildilaring, go‘shtini yedilaring”, dedilar.

Buyuk tobe'in Ibrohim Nahaiy rahimahulloh bunday deganlar: “Sen birovda bor narsani (aybni) aytsang, uni g‘iybat qilgan bo‘lasan, agar unda yo‘q narsani aytsang, unga bo‘xton qilgan bo‘lasan”.

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqib, baland ovoz bilan: “Ey tilidagina iymon keltirgan, qalbiga iymon kirmagan qavmlar (ya'ni ey munofiqlar)! Musulmonlarga aziyat bermanglar, ularni (avvalgi ishlari sababidan) uyaltirib, sharmanda qilmanglar, ularning yashirin ishlari (ya'ni ayblari) payidan tushmanglar! Chunki musulmon birodarining aybi payidan tushgan kimsaning aybi payidan Alloh taolo tushadi. Alloh taolo kimning aybi payidan tushsa, uni sharmanda (rasvo) qiladi, agar u uyining ichida (yashirinib yotgan) bo‘lsa ham”, dedilar.

O‘sha zamonda musulmonlarga ozor yetkazib, hamisha ularni ayblaydiganlar asosan munofiqlar bo‘lgan. Shuning uchun u zot sollallohu alayhi vasallam bu gapni faqat munofiqlarga qarata aytganlar. Bu hadisdan odamlarning ayblarini bayon qilish o‘ta yomon ish ekani, unga qay darajada og‘ir jazo tayyorlab qo‘yilgani ma'lum bo‘ladi.

Rasululloh sollollohu alayxi vasallam sahobai kiromlardan: “G‘iybat nima ekanini bilasizlarmi?”, deb so‘radilar. Saxobalar “Alloh va uning Rasuli bilguvchiroq”, deb javob berishdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat –birodaringni u yoqtirmaydigan narsa bilan zikr qilishingdir”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, men aytgan narsa birodarimda bor bo‘lsa ham g‘iybat bo‘ladimi?”, deb so‘rashgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen aytgan narsa unda bor bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan. Sen aytgan narsa unda bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan”, deb marhamat qildilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat zinodan og‘irroq”, dedilar. “Qanday qilib?” deb so‘rashgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Kishi zino qilgach, tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. G‘iybatchi esa to o‘sha (g‘iybat qilingan) do‘sti kechirmagunicha kechirilmaydi”, deb javob berdilar.

Bunga sabab shuki, zino qilishda faqat Rahmonga muxolafat (qarshi chiqish, isyon qilish) bor. G‘iybatda esa Alloh taologa muxolafat qilish ham, g‘iybat qilingan kishiga ozor berish ham bor. Alloh taoloning haqqi tavba bilan kechiriladi, lekin bandaning haqqi o‘sha banda kechirmagunicha afv etilmaydi, ya'ni qilingan gunoh biror bandaning haqqiga aloqador bo‘lsa, o‘sha banda bu gunohni kechirmaguncha Alloh taolo ham kechirmaydi.

Alloh taolo qiyomat kuni haqida shunday marhamat qiladi: “Bu kunda har bir jonga qilgan ishining badali (mukofot yoki jazosi) beriladi. Bu kunda umuman zulm yo‘qdir”. Bu nidoni eshitgan g‘iybatchi noumidlikka tushib, qilgan ishiga nadomat qiladi. “Koshki dunyoda odamlarni g‘iybat qilmagan, ayblarini ochmagan bo‘lsam edi”, deydi.

Bizning zamonamizda hamma o‘ta yomon ish bo‘lmish g‘iybatga mukkasidan ketdi. Har bir odam g‘iybatning ta'rifini o‘z nafsiga muvofiq shaklda bayon qiladi. Ba'zi odamlar g‘iybat deganida kishining oldida aytolmaydigan yomon sifatlarni uning yo‘qligida aytishni tushunadilar. Shuning uchun uning oldida ham ayta olmaydigan ayblarini ortidan gapirish g‘iybat bo‘lmaydi, deb o‘ylaydilar. Holbuki, ish ular o‘ylaganidek emas...

Alloh taolo bizlarni va qiyomatgacha keladigan zurriyotlarimizni g‘iybat qilishdan saqlasin.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.Payg‘ambarimiz Muhammad mustofo sollallohu alayhi va sallamga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin. 

Saidusmonxon Zikiryayev


Kiritilgan vaqti: 14/02/2023 19:11;   Ko‘rilganligi: 1893
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/giybat-ozi-nima
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 14:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing