O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

G‘azab qilmang

 
 

Bismillahir rohmanir rohim.
Alloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durud salavotlarimiz bo‘lsin.

Alloh taolo bandalarining nasab hasabiga, mol dunyosiga nazar qilmaydi. Balki Ul zot ularning qalblariga nazar qiladi. Ya'ni bandaning qalbi Alloh taoloning nazargohidir. Banda o‘z qalbini doimo kirlik va shahvatlardan soflab turmog‘i kerak. Buning uchun u o‘zining qalbiga yetgan ma'naviy qalb kasalliklarini ma'rifatini bilmog‘i kerak. Agar kishi bu borada o‘zida ilm hosil qilsa, albatta, u o‘zini yaratgan Robbisini ham taniydi. Buning uchun u bir nechta mazammat qilingan qalb kasalliklaridan voqif bo‘lmog‘i kerak.

Mana shunday qalb kasalliklaridan biri mazammat qilingan g‘azabdir. Bu o‘rinda biz mazammat qilingan g‘azab nima ekani, uning kayfiyati qanaqa va uni qanday muolaja qilish kerakligi haqida to‘xtalamiz.

Mazammat qilingan g‘azab - bu shunday qalb kasalligi-ki insonning o‘zi yomon ko‘radigan kishiga ro‘baro‘ kelgan vaqtda yurak qonini qo‘zg‘alishi va qaynashidir. Yoki o‘ch olish uchun qalb qonini sokin holatdan g‘alayon holatiga o‘zgarishidir. Mazammat qilingan g‘azab shar'iy jihatidan shunday narsa-ki, o‘z egasini kuyidagi ishlardan biriga yoki hammasiga yo‘llaydi:

1. Fahsh gaplarni gapirish.

2. Yomon ishni amalga oshirish.

3. Qalbda hiqd (ya'ni qalbini dushmanchilik va g‘azab bilan ovora bo‘lib qolishi) va hasadni paydo bo‘lishi. (hiqd g‘azabning mevasidir). Hasad-ne'matni o‘zgadan zoil bo‘lmoqligini orzu qilish.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisi sharifda bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib "yo Rasulalloh menga vasiyat qiling", dedi. Ul zot "g‘azab qilma", dedilar. Yana " menga vasiyat qiling", dedi. "G‘azab qilma", dedilar. Bu hol bir necha bor takrorlandi. (Imom Buxoriy rivoyati). Va yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: "Kurashda g‘olib bo‘lgan kishi haqiqiy pahlavon emas, albatta pahlavon g‘azabi kelgan chog‘da o‘z nafsiga egalik qilgan kishidir". (Muslim va Buxoriy rivoyatlari).

Mazammat qilingan g‘azabning muolajasi.

Mazammat qilingan g‘azabning muolajasi ikki navdir.

1. Mone'.

2. Rofe'.

Mone' - g‘azabning paydo bo‘lishligi va voqe' bo‘lishini oldini oladigan davo. U quyidagi amallar bilan hosil bo‘ladi.

1. Shariat ilmlaridan ta'lim olmoqlik.

2. G‘azabni paydo qiladigan sabablardan uzoq bo‘lmoqlik.

3. Inson g‘azabning zararli natijalarini va alamli oqibatlarini esda tutmoqligi.

4. Kishi g‘azabini tark etishi bilan unga yetadigan katta manfaatlarni eslamoqligi.

Izoh: Yuqoridagi amallar bilan inson g‘azab illatiga yo‘liqishdan omonda bo‘ladi. Agar kishida bu illat topilsa quyidagi Rofe'- ya'ni bartaraf etuvchi muolajaga o‘tiladi.

Rofe'-qachonki insonda g‘azab paydo bo‘lsa uni bartaraf etadigan davo quyidagilar bilan hosil qilinadi:

1. Kishining g‘azabni zararli oqibatlarini va uni tark etishdagi foydalarini eslamoqligi.

2. G‘azablangan kishi shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘ramoqligi.

3. G‘azablangan vaqtda o‘rnini o‘zgartirmoqligi.

4. G‘azablangan kishi holatini o‘zgartirmoqligi. Ya'ni tik turgan bo‘lsa o‘tirib oladi. O‘tirgan bo‘lsa yotib oladi.

5. G‘azablangan kishi tahorat qiladi.

6. G‘azablangan kishi, albatta, har bir narsa Allohning qazosi va qadari bilan bo‘lishini, shuningdek, koinotda har bir yaratilgan narsani Yaratuvchisi faqatgina Alloh taolo ekanligi eslab, Ul zotning amriga rozi va taslim bo‘lmoqligi.

7. Inson g‘azablangan vaqtda yuzining qay darajada xunuklashishini eslamoqligi. Shu nuqtai nazardan-ki, farazan g‘azabi kelgan payt ko‘zguga qarasa o‘z suratidan uyaladi.

Tanbeh.

Shu o‘rinda "nima uchun "mazammat qilingan g‘azab", deb sarlavha qo‘yildi", degan savol tug‘ilishi mumkin. Bunga javob shuki, "mazammat qilingan g‘azab" deganimizda "maqtalgan g‘azab"ning ham borligi ayon bo‘ladi. Bu ayni haqiqatdir.

Shar'iy maqtalgan g‘azab - Alloh taolo had belgilab qo‘ygan muharrimotlariga amal qilmasdan tajovuz qilinganda paydo bo‘ladigan g‘azabdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo harom qilgan amallar sodir etilganda g‘azab qilar edilar. Ul zotning g‘azablari kelganligi yuzlaridan bilinar edi.

Mansurjon Abduxoliqov
Payariq tumani bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/09/2023 13:55;   Ko‘rilganligi: 1887
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/gazab-qilmang
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing