O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Fotiha surasining nomlari

 
 

 Qur'ondagi ayrim suralarning fazilati, ularning ahamiyati haqida ko‘plab hadislar bor. Ular shu suralarning ulug‘ligiga, sharafiga va uni o‘qigan kishiga ko‘plab ajrlar bo‘lishiga ishora o‘laroq kelgandir. Shunday ulug‘ suralardan biri – Qur'onning dastlabki surasi “Fotiha”dir. Bu sura Makkada nozil bo‘lgan va yetti oyatdan iborat.

Uning fazilati haqida bir qancha hadislar kelgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh Tavrotda ham, Injilda ham Ummul Qur'on (Fotiha) kabi sura nozil qilmagan. (Alloh taolo aytadi:) U O‘zim va bandam orasida taqsimlangandir. Bandamga so‘ragani (beriladi)”, dedilar. [1]

Qur'ondagi suralar ular o‘z ichiga olgan mazmun-mohiyat, voqea-hodisalar yoki ularning boshidagi so‘zlardan kelib chiqib nomlangan. Shunga binoan “Fotiha” surasining ham bir nechta nomlari mavjud:

  1. Fotiha. Bu nom "ochuvchi" degan ma'noni bildiradi. Mus'hafda birinchi kelgani va namozlar ham u bilan boshlangani uchun shunday nomlangan.
  2. Namoz. Hadisi qudsiyda Abu Hurayra roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Alloh taolo aytdi: "Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, yarmi menga, yarmi esa bandamga. Bandamga so‘raganini beraman. Agar banda: "Alhamdu lillahi robbil 'alamiyn" desa, Alloh azza va jalla: "Bandam menga hamd aytdi" deydi. Agar u: "ar-Rohmanir Rohiym" desa, Alloh: "Bandam menga sano aytdi" deydi. Agar banda: "Maliki yavmiddiyn" desa, Alloh: "Bandam meni ulug‘ladi" deydi. Agar banda: "Iyyaka na'budu va iyyaka nasta'iyn" desa, Alloh: "Bu men bilan bandam orasidagi narsa, bandamga so‘raganini beraman" deydi. Agar banda: "Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an'amta alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim va lazzolliyn", desa Alloh: "Bu bandam uchun, bandamga so‘raganini beraman", deydi" deganlarini yeshitganman. [2]
  3. Hamd. Surada hamd aytilgani va dastlabki so‘z hamd bo‘lgani uchun ham shu nom berilgan.
  4. Ummul Kitob.
  5. Ummul Qur'on. Bu ikki ism borasida ayrim ulamolar e'tiroz bildirishgan bo‘lsada, Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alhamdu lillahi Ummul Qur'ondir, Ummul Kitobdir va Sab'ul masoniydir", deganlar. [3] Mus'hafdagi birinchi sura, namozda birinchi qiroat qilinadigan sura bo‘lganidan ham shunday nomlangan.
  6. Sab'ul masoniy. Sab' – yetti, masoniy – ikki, takror, sano, istisno ma'nolarida bo‘lishi mumkin. Bu haqda Alloh taolo: "Va batahqiq, senga yetti takrorlanuvchini berdik”,[4] degan. Uning bunday nomlanishiga bir qancha sabablar bor:

a.     U namozning har rak'atida takrorlanadi;

b.    Ushbu sura kabi biror sura avvalgi ummatlarga berilmagan, faqat ushbu ummatga istisno tariqasida maxsusdir;

  1. Yetti oyatdan iborat va ikki marta nozil bo‘lgan ma'nosida.
  2. Qur'oni Azim. Sura Qur'onning barcha ilmlarini o‘zida jamlagani uchun shunday nomlangan. Zero, surada Alloh taologa hamd, ibodatlarga buyruq va ulardagi ixlos, Alloh taoloning inoyatisiz biror ishni qilishdan ojizlikni e'tirof etish, hidoyat yo‘lini so‘rash va buzg‘unchilar yo‘lidan panoh tilash bor.
  3. Shifo. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fotiha surasida har qanday darddan shifo bor”,[5] deganlar.
  4. Ruqya – shifo. Abu Sa'id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir guruhi arab qabilalaridan birining huzuriga kelgan edi, ularni mehmon qilishmadi. Shu asnoda birdan o‘shalarning boshlig‘ini chayon chaqib oldi. Ular: «Sizda biror dori-darmon yoki dam soluvchi bormi?» deyishdi. Shunda bular: «Sizlar bizni mehmon qilmadingiz, endi to bizga biror haq belgilamaguningizcha hech narsa qilmaymiz!» deyishdi. Ularga bir poda qo‘y belgilashdi. (Dam soluvchi) «Ummul Qur'on»ni o‘qiy boshladi va tupugini yig‘ib, suf suflay ketdi. (Boshliq) tuzalib qoldi. Ular aytilgan qo‘ylarni keltirishdi. Shunda (sahobalar): «To Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘ramagunimizcha olmaymiz», deyishdi. Keyin u zotdan so‘rashgan edi, u zot kuldilar va: «Uning (Fotihaning) ruqya ekanini qayerdan bilding? Ularni olaveringlar va menga ham ulush ajratinglar», dedilar». [6]
  5. Asos. Bunday nomlanishiga quyidagilar sabab bo‘lgan:

a.     Qur'ondagi birinchi sura bo‘lgani uchun asos kabi bo‘ladi;

b.    Iymondan keyingi ulug‘ ibodatlardan biri – namozdir. Iymonning zaruriy jihatlari ushbu surada jam va namoz ham usiz to‘liq bo‘lmaydi.

  1. Vofiya – to‘liq, mukammal. Sa'labiy Abduljabbor ibn Alodan rivoyat qiladi: “Sufyon ibn Uyayna Fotihani Vofiya deb nomlar edi”.
  2. Kofiya – yetarli, kifoya qiladigan. Sa'labiy Afif ibn Solimdan rivoyat qiladi: Abdulloh ibn Yahyo ibn Abu Kasirdan imom orasida Fotihani qiroat qilish haqida so‘radim. U: “Kofiya haqida so‘rayapsanmi?”, dedi. Men: “Kofiya nima?”, dedim. U: “Fotiha. Uning o‘zidan boshqalar o‘rniga yetarli bo‘lishini va boshqalarning uning o‘rniga o‘tmasligini bilmasmiding?”, dedi.[7]

Fotihaning yuqoridagi nomlari Imom Abu Bakr Qurtubiyning “Al Jomi'u li ahkamil Qur'on” [8] tafsirlaridan olindi. Qolaversa Imom Faxriddin Roziyning “At-tafsirul kabir va mafotihul g‘oyb” nomli tafsirlarida yuqoridagilarga qo‘shimcha tarzda “So‘rash”, “Shukr” va “Duo” nomlari ham keltirilgan. [9]

 

IBXITM Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi xodimi B.M.Mirzayev

[1]  Imom Termiziy rivoyati

[2]  Imom Muslim va Imom Nasoiy  rivoyati

[3]  Imom Termiziy rivoyati

[4]  Hijr surasi, 87-oyat

[5] Imom Dorimiy rivoyati

[6] Oltin silsila” turkumi Sahihul Buxoriy kitobidan

[7] Tafsir ad-durrul mansur fit tafsiril ma'sur. Jaloliddin Suyutiy. Bayrut 2011 y. 12-b. 

[8] Al Jomi'u li ahkamil Qur'on Imom Abu Bakr Qurtubiy Bayrut 2006 y.  177-b

[9] At-tafsirul kabir va mafotihul g‘oyb. Imom Faxriddin roziy Bayrut 1981 y. 182-b


Kiritilgan vaqti: 08/07/2020 14:18;   Ko‘rilganligi: 5507
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/fotiha-surasining-nomlari
Chop etilgan vaqti: 13/07/2025 13:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing