O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Folbinlik Qur'oni karim hukmi bilan harom qilingan va shar'an qoralangan ishlardandir.

 
 

Islomdan oldingi johiliyat zamonidan buyon kishilar ongi va dunyoqarashida yashab, ularni haq yo‘ldan chalg‘itib kelgan ba'zi muammolar keyingi paytlarda ham bo‘y cho‘za boshladi. G‘aybni bilish da'vosidagi qoralangan ilmsizlik «folbinlik» deb ataladi. Folbinlikning «kohinlik», «ilmul-raml», «munajjimlik», «arroflik» kabi boshqa nomlari ham bor. Folbinlik Qur'oni karim hukmi bilan harom qilingan va shar'an qoralangan ishlardandir. Folbin, kohinning g‘aybdan bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufrdir. 

Alloh taolo Qur'oni karimining (Yunus surasida shunday marhamat qiladi: “Allohni qo‘yib, foyda ham, zarar ham yetkaza olmaydigan narsalarga iltijo qilmang! Agar (shunday) qilsangiz, unda, albatta, Siz zolimlardandirsiz.

Hozirgi kunda biror narsasini yo‘qotgan, biror ishda shubhaga borgan kimsalar, ayniqsa ilmsiz, ma'rifatsiz ayol-qizlar yoki tushkunlikka  tushgan insonlarning aksariyati  muammoning yechimini  topish uchun folbinlarga murojaat qilishmoqda. Oilaviy ajrimlarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan, akani ukadan ajratadigan, quda-andalar, qo‘shnilar, hamkasblar orasiga sovuqchilik tushiradigan folbinlar kelajak ilmini bilishlarini da'vo qilishmoqda. Folbinlarga boruvchilar esa vaqtlari, sog‘ligi, puli bekorga ketayotganligiga ahamiyat ham berishmaydi.

Ayni paytda butun dunyoning eng katta muammolaridan biri bo‘lgan sehr, folbinlik va munajjimlikdir. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi: «Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102). La'natlangan shaytonning odamlarga sehr o‘rgatishdan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi–ularni mushrikka aylantirishdir.

Alloh o‘ziga sherik qilgan insonni hech qachon kechirmaydi. Bugungi kunda ko‘plab gumroh kimsalarning sehrga aralashib yurganiga guvoh bo‘lasiz. Ular sehrni faqatgina harom deb o‘ylaydilar va uning kufr ekanligini his qilmaydilar. Bu hol ayniqsa, er-xotin orasidagi munosabatlarda – issiq-sovuq va shu kabi narsalarni qilishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ular bu ishlarida aksariyat qismi shirk va kufr bo‘lgan so‘zlarni qo‘llaydilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi gunohlardan saqlaninglar», deb ulardan biri sehr ekanligini bayon qilganlar (Buxoriy, Muslim rivoyati). Har bir banda Alloh taolodan qo‘rqishi va dunyo-yu oxiratini kuydirib yuboradigan buningdek ishlardan saqlanishi lozim. 

Vahb ibn Munabbah: «Ayrim kitoblarda o‘qidimki: «Alloh azza va jalla: «Mendan o‘zga iloh yo‘q. Sehr qilgan va sehr qildirgan, fol ochgan va fol ochtirgan, shumlangan va shumlantirgan kimsalar Mendan emas», deydi». Ali ibn Abu Tolib (r.a): «Folbin — sehrgar, sehrgar esa kofirdir» degan. Ibn Mas'ud (r.a) aytadilar:«Albatta, afsun o‘qish, tumor taqish va issiq-sovuq qilish shirkdir» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyat qilishgan).

Kimki tumor yoki munchoq taqib, bu ko‘z tegishidan saqlaydi, deb e'tiqod qilsa shirk keltirgan bo‘ladi. Xitobiy (roziyallohu anhu) aytadilar: «Agar Qur'on yoki Alloh taoloning ismlari bilan dam solsa, bu mumkindir. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn (roziyallohu anhumo)ga dam solib: «Sizlarni Allohning to‘liq kalimalari ila har bir shaytonu hasharotdan va har bir yomon ko‘zdan o‘z panohida saqlashini so‘rayman», der edilar. (Hokim. Sahih hadis).

 Folbinlarga qatnayotgan opalarimiz, singillarimizning bu yo‘ldan qaytishlarini so‘raymiz. Alloh ta'olo Qur'oni karimda bu ilm faqat o‘zida ekanligini aytgan. Alloh bilan Allohning ilmini talashayotgan bandalar albatta xor bo‘lajak. Shu mal'un, iflos va jirkanch mahluqlarning oldiga borib, iymon-u e'tiqodni poymol qilmaylik, azizlar. Kimki shu ishni qilgan bo‘lsa, tavba qilsin.

Musulmon kishi boshiga musibat yetganda sabr qiladi. Bu narsa Allohdan ekanini biladi va Allohga yanada kuchliroq tazarru' bilan sig‘inib, musibatiga g‘am-anduhiga yupanch izlaydi. Mo‘min kishi kasal bo‘lsa, darrov azayimxonga yugurmasdan shariat ruxsat bergan tibbiy vositalar bilan davolanadi, o‘ziga-o‘zi Qur'on oyatlarini o‘qib dam soladi va hokazo.

Hozirgi kunda turli duoxon va azayimxonlarga borish ham xatarli bo‘lib qolgan. Chunki, ularning ko‘pi shariatda vorid bo‘lmagan allaqanday shubhali duolar va qasidalar bilan dam soladilar. Sehr, ya'ni ko‘zbo‘yamachilik, issiq-sovuq qilish katta gunohdir. Sehr qilgani uchun olinadigan haq ham, shariatda taqiqlangan ishni qilgani uchun harom. Alloh taoloning izni bo‘lmasa, hech kimga zarar yetkaza olmasligi Qur'oni karimda bayon qilingan. Ular kelajakda bo‘ladigan ishlarni oldindan aytib berish da'vosi ila hammani aldab, o‘z tuzoqlariga ilintirmoqdalar. Kishilarda turli bo‘lmag‘ur his-tuyg‘ularni, shumlanishlarni paydo bo‘lishi esa qanchadan-qancha oilalarni buzilib ketishiga, qo‘ni-qo‘shni, yaqin qarindoshlar, aka-uka, quda-andalarning orasiga sovuqlikni tushishiga olib kelmoqda.

Masjidlarimizga ziyoratga kelgan kishilar yoki yoshlarimizdan ish yo‘limni ochib bering, baxtim ochilsin deb folbinlarni gapini qilib ziyoratga kelishadi. Albatta har bir ish Allohdan. Islom insonlarda uchraydigan turli xastaliklarni tib orqali, qalb xastaliklarini esa Qur'oni karim oyatlari ila muolaja qilishga amr etgan. Har birimiz dinimizning amriga bo‘ysunishimiz va turli folbin, kohinlarga borish ulkan gunohligini yaxshi anglashimiz lozim.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 23/11/2022 11:39;   Ko‘rilganligi: 1499
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/folbinlik-quroni-karim-hukmi-bilan-harom-qilingan-va-sharan-qoralangan-ishlardandir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing