O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Folbinlik — gunohi kabira!

 
 

Katta gunohlarning eng avvalgisi shirk amalidir. Jamiyatda keng tarqalgan shirk turlaridan: sehr, folbinlik va arroflik  bo‘ladi.

Sehr – kufrdir. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam sehrni yettita halok qiluvchi gunohi kabiralardan hisobladilar. U hech ham foyda bermas, balki zarar berishligi aniq. Bu to‘g‘rida Alloh taolo: “…ulardan zarar yetkazadigan va foyda bermaydigan narsani o‘rganadilar…”, (Baqara 102). Va yana: “Sehrgar qayerda bo‘lsa ham, zafar topmas”, dedi. (Toho 69).    Sehrgarlik bilan shug‘ullanadigan kishini kofir bo‘lishligi haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Sulaymon kufr keltirgani yo‘q. Lekin shaytonlar odamlarga sehrni o‘rgatib, kofir bo‘ldilar. Va Bobilda Horut va Morut nomli ikki farishtaga tushgan narsaga ergashdilar. Ikkovlari hatto: “Biz fitna-sinov uchunmiz, kofir bo‘lmagin”, demasdan oldin hech kimga o‘rgatmasdilar”. (Baqara 102). Sehr – ko‘zbo‘yamachilik xozirda xalq orasidagi “issiq-sovuq” deb nomlanib kelinayotgan amaldir. Bu ulkan gunohlardandir. Sehrgarlik, sehr-jodu bilan shug‘ullanib kasb qilayotgan kishilarning topgani najas-haromdir! Qancha-qancha kishilar ilmsizlik, imoni zaifligi sababli kimlardandir o‘ch olish, kimlargadir zulm qilish maqsadida sehrgarning ishidan foydalanmoqchi bo‘ladilar.  Kimlardir dardlarini, g‘am-tashvishlarini ketkazish uchun sehr bilan shug‘ullanuvchilardan panoh so‘rab harom ishga qo‘l o‘rib qo‘yadilar. Vaholanki, mo‘min-musulmonlar uchun Allohdan panoh so‘rashlik, o‘z dardlariga U zotning kalomidan shifo izlashlik vojibdir.

Kohin va Arrof ya'ni folbinlik g‘aybni da'vo qilishi bilan kofir sanaladi. Vaholanki g‘aybni faqat Alloh taolo bilguvchidir! Ko‘pincha ular soddadil kishilarni soddaligidan foydalanib, ularni aldash yo‘li bilan moddiy narsalariga ega bo‘lishga harakat qilishadi. Ular qumga xar-xil chiziqlarni chizish, chig‘anoqlar, qo‘l va piyolaga qarab, oyna va shishalar va bundan tashqari ko‘p narsalarga bog‘lanib fol ochadilar. Agar ular bir marta to‘g‘ri so‘zlasa, to‘qson to‘qqiz marta noto‘g‘ri so‘zlaydi. Lekin bundan g‘ofil kishilar folbinning to‘qson to‘qqizta yolg‘on so‘zini gapirmasdan, bitta to‘g‘ri so‘zini hammaga eslatishga harakat qiladilar. Ana shundan so‘ng boshqalar ham ertaga nima bo‘lishi, baxt yoki baxtsizlik, uylanish, tijorat va yo‘qolgan narsalarni topish maqsadida folbinning xuzuriga boradilar.

Folbinlarning aytganlarini tasdiq qilgan kishi islom millatidan chiqqan kofir sanaladi. Bunga dalil: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Kim Kohin yoki Arrofga borsa, uning ayganini tasdiqlasa batahqiq Muhammadga nozil qilingan narsaga kufr keltiribdi”, deb marhamat qildilar. (Imom Ahmad). Ular g‘ayb ilmini bilmaydilar. Ishonmayman ularni tajriba qilish uchun borayapman degan kishilar kufr qilmagan hisoblanadilar. Lekin ularning namozlari qirq kun qabul bo‘lmaydi! Bunga dalil: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Kimki folbinga borib, biror narsa haqida so‘rasa uning qirq kunlik namozi qabul bo‘lmaydi”, dedilar. (Sahihi Muslim).  Shart shuki, unga namoz va tavba vojib bo‘ladi. Demak, mo‘min-musulmon kishi shari'atda ko‘rsatilgan ta'limotlarga amal qilib, inson ruhiyatiga, sog‘ligiga ta'sir qiladigan narsalardan ehtiyot bo‘lmog‘i lozimdir. Shundagina tinchlik-xotirjamlikni, oilalar saodatini, kasblarning barakasini, Allohning rahmati va mag‘firatini hosil qilamiz.

 

Xayrulloh Sattarov,

O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari.


Kiritilgan vaqti: 04/08/2020 11:39;   Ko‘rilganligi: 1213
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/folbinlik-gunohi-kabira
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 15:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing