O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

#Fiqhul_akbar  Tavhid poydevori va e'tiqod qilish to‘g‘ri bo‘lgan narsalar

 
 

Bismillahir rohmanir rohim
– Banda, shubhasiz, ishongach, unga: «Alloh taologa, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, vafot etgandan so‘ng qayta tiriltirilishga, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohning taqdiri bilan bo‘lishiga imon keltirdim, Hisob, Mezon, Jannat va Do‘zax – hammasi haqdir», deyish vojib bo‘ladi.

– Alloh birdir. Uning birligi son jihatidan emas, balki sherigi yo‘qligi, tug‘maganligi, tug‘ilmaganligi, tengi yo‘qligi, maxluqlaridan biror narsaga o‘xshamasligi va Unga maxluqlaridan biror narsaning o‘xshamasligi jihatidandir.

– Alloh ismlari, zotiy va fe'liy sifatlari bilan hamisha bo‘lgan va bo‘ladi. Tiriklik, qodirlik, bilish, so‘zlash, eshitish, ko‘rish, xohlash Allohning zotiy sifatlaridir. Yaratish, rizq berish, paydo qilish, vujudga keltirish kabilar Allohning fe'liy sifatlaridir. Alloh o‘z ismi va sifatlari bilan hamisha bo‘lgan va bo‘ladi. Allohning birorta ismi va sifati yangi paydo bo‘lmagan.

– Alloh o‘z ilmi bilan doimo olimdir, ilm Uning azaliy sifatidir, U o‘z qudrati bilan doimo qodirdir, qodirlik Uning azaliy sifatidir, U o‘z yaratuvchiligi bilan doimo yaratuvchi, yaratish Uning azaliy sifatidir, U o‘z fe'li bilan doimo fo'ildur, fe'l Uning azaliy sifatidir. Fo'il Alloh taolodir, maf'ul maxluqdir. Allohning fe'li maxluq emas. Allohning sifatlari azalda qadimiydir, maxluq emasdir. Kim Allohning sifatlarini maxluq yoki yangidan paydo bo‘lgan desa yoki bunga betaraf bo‘lsa yoki Allohning sifatlariga shubhalansa, u Allohni inkor etgan kofirdir.

– Qur'on mus'haflarda bitilgan, qalblarda yodlangan, tillarda o‘qilgan va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ga nozil qilingan. Qur'onni talaffuz qilishimiz, uni yozishimiz va o‘qishimiz maxluqdir. Qur'on maxluq emas.

– Alloh taoloning Qur'onda Muso va undan boshqa payg‘ambarlar (alayhimussalom) to‘g‘risida hamda Fir'avn va Iblis haqidagi aytganlari barchasi Allohning ular haqida bildirgan kalomidir. Alloh taoloning kalomi maxluq emas. Muso (alayhissalom) va undan boshqa maxluqlarning so‘zlari ham maxluqdir. Qur'on Alloh taoloning kalomidir, ularning kalomi emasdir.

– Alloh taolo: «Alloh Musoga gapirdi...», deb bayon qilganidan Muso (alayhissalom) Alloh taoloning kalomini eshitdilar. Alloh Muso (alayhissalom)ga gapirishdan oldin ham azalda so‘zlaguvchidir, maxluqotlarni yaratishdan oldin ham azalda yaratuvchidir. Alloh taologa o‘xshash yo‘q. U eshituvchi va ko‘ruvchidir.

– Alloh Muso (alayhissalom)ga so‘zlashni iroda etganida unga o‘zining azaliy so‘zlash sifati bilan so‘zladi. Allohning hamma sifatlari maxluqlarning sifatlariga o‘xshamaydi. Alloh taolo biladi, bilishi bizning bilishimizga o‘xshamaydi. Alloh taolo qodirdir,qudrati bizning qudratimizga o‘xshamaydi. Alloh taolo ko‘radi, ko‘rishi bizning ko‘rishimizga o‘xshamaydi. Alloh taolo eshitadi, Uning eshitishi bizning eshitishimizga o‘xshamaydi. Alloh taolo so‘zlaydi, so‘zlashi bizning so‘zlashimizga o‘xshamaydi. Biz vositalar (a'zolar) va harflar yordamida so‘zlaymiz. Alloh taolo vosita va harflarsiz so‘zlaydi. Harflar maxluqdir. Allohning kalomi – maxluq emasdir.

Imomi A'zam "Al-fiqhul akbar" kitobi.

Abrorov Jahongirxon manbaalar asosida


Kiritilgan vaqti: 15/12/2021 07:15;   Ko‘rilganligi: 1502
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/fiqhul_akbar-tavhid-poydevori-va-etiqod-qilish-togri-bolgan-narsalar
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing